Mamlakatimizda konstitusiyaviy islohot izchil davom etmoqda. Turli uchrashuv va muloqotlarda milliy ekspertlar ushbu muhim jarayonning mazmun-mohiyati va ahamiyatini yurtdoshlarimizga keng tushuntirib berayotgan bo’lsa, xorijiy va xalqaro ekspertlar ayni sohadagi dunyo tajribasining ibratli jihatlariga e’tibor qaratmoqdalar.
O.Ye.Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar nomzodi, Rossiya Federasiyasida xizmat ko’rsatgan yurist Vladimir Lafitskiy ham yurtimizga tashrifi doirasida konstitusiyaviy islohotga bag’ishlangan bir qancha tadbirlarda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Vladimir Ilich Lafitskiy – 1957 yili Moskvada tug’ilgan, 1979 yili Moskva Davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetini tugatgan. 1984 yili yuridik fanlar nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertasiya yoqlagan.
U 1992-1993 yillarda Rossiya Federasiyasi Konstitusiyaviy komissiyasi eksperti va ishchi guruhi a’zosi bo’lgan. Davlat va huquq nazariyasi, Rossiya va xorijiy mamlakatlar konstitusiyaviy huquqi kabi mavzularda ko’plab kitoblari va ilmiy maqolalari e’lon qilingan.
Professor V.Lafitskiyning ta’kidlashicha, Konstitusiya – nafaqat huquqiy hujjat, ayni chog’da, u milliy taraqqiyotning har bir burilish bosqichida xalqning orzu-havaslari, reja-dasturlari va xohish-irodasini o’zida mujassam etadigan mafkuraviy, ma’naviy Bosh qomus hamdir. Shu ma’noda, Konstitusiyani har bir fuqaroning jamiki talab-istaklari va orzu-niyatlariga javob beradigan yo’sinda yozish kerak, toki inson: “Chindan ham, bu – mening Konstitusiyam”, deb faxrlansin.
Nemis huquqshunosi R. fon Iyering qayd etganidek, “Konstitusiya loyihasida barcha fuqarolarning siyosiy manfaatlari uyg’unlikda aks etishi zarur”. Konstitusiya xalq va davlat o’rtasidagi ma’naviy bog’liqlikni mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qilishi, har bir fuqaro uchun muqaddas, e’zozga sazovor bo’lishi lozim.
– Hurmatli Vladimir Ilich, O’zbekiston bilan Rossiyaning konstitusiyaviy islohot borasidagi tajribasini qiyoslaganda, qanday farqli va o’xshash xususiyatlarni ko’rasiz?
- Rossiya Federasiyasidagi so’nggi konstitusiyaviy islohot 2020 yilda bo’lib o’tgandi. Bizning bu boradagi tajribamizga nisbatan O’zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohot modeli o’zining bir qator xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Birinchidan, O’zbekiston tajribasida aholining turli guruh hamda qatlamlari o’rtasida Konstitusiyaga kiritiladigan masalalar va normalarni aniqlashtirish yuzasidan “birdamlik, manfaatlar yaqinligi nuqtasi”ni topishga muvaffaq bo’lingani juda muhim. Xuddi shu negizda to’g’ri yozilgan Konstitusiya, bir tomondan, xalqning jipslashishiga imkoniyat yaratsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarda yakdillik, o’zini shu Vatan va xalqning uzviy bir qismi sifatida his etish tuyg’usi rivojlanishiga olib keladi.
Ayni chog’da, Konstitusiyada “osmondan tushgan” deymizmi yoki “barmoqdan so’rib olingan” deymizmi, har holda, hyech qanday keraksiz, quruq, havoyi jumlalar bo’lmasligi darkor. Konstitusiyaviy islohot jarayonida mamlakatning turli hududlarida istiqomat qiladigan aholi bildirgan fikrlarga jiddiy e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, Konstitusiyani “personifikasiya”lashtirishga, ya’ni uni bamisoli insondek “mukarramlashtirib” yubormaslikka qaratilgan sa’y-harakatlar diqqatga molikdir. Zero, Asosiy qonunning asosiy vazifasi jamiyat taraqqiyoti talab etadigan ehtiyojlarga javob berishdan iborat bo’lishi va u mamlakatda yashaydigan har qaysi inson uchun tushunarli tilda bitilishi kifoyadir.
Uchinchidan, mamlakatingizda aholining huquqiy va konstitusiyaviy madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu, o’z navbatida, jamiyatda huquq falsafasi va huquq mafkurasi ustuvor bo’lishiga xizmat qiladi.
To’rtinchidan, konstitusiyaviy islohotni amalga oshirishda milliy taraqqiyot qonuniyatlarini hisobga olish bilan bir qatorda, xalqaro va xorijiy konstitusiyaviy tajribaning ibratli jihatlarini o’zlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, Konstitusiyangizda mahalla va oila kabi tushunchalarga taalluqli huquqiy an’ana va odatlarning barchasi nainki saqlab qolinmoqda, balki yanada rivojlantirilmoqda.
– Davlatning “konstitusiyaviy monandligi” degan tushuncha nimani anglatadi?
– Avvalo, har qanday Konstitusiya – betakror milliy o’zlikning ifodasidir. Shu nuqtai nazardan, konstitusiyaviy islohot jarayonida davlatning konstitusiyaviy monandligini, yanada sodda qilib aytganda, o’ziga xos konstitusiyaviy qiyofasini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda, albatta, aholi qatlamlarining ruhiyatiga singib ketgan diniy tuyg’ular va jamiyatda shakllanib ulgurgan azaliy qadriyatlarga daxl qilinmagani ma’qul. Shuningdek, zamonlar sinovida toblangan milliy an’ana va odatlarni asrab-avaylashga e’tibor qaratish juda muhim.
Rossiyaning bu boradagi tajribasiga qaraydigan bo’lsak, Konstitusiyamizning Muqaddimasi, birinchi va oxirgi boblari 1993 yildayoq yozilgan bo’lib, haligacha o’zgartirilmasdan kelmoqda. Xususan, Muqaddimada “jahon hamjamiyatining uzviy bir qismi ekanimizni anglagan holda”, “hozirgi va kelajak avlodlar oldida Vatanimiz uchun javobgarlik mas’uliyati zimmamizga yuklanganini hisobga olib”, “Vatanga muhabbat va sadoqat, adolat va haqiqatga ishonch tuyg’ularini bizga meros qoldirgan ajdodlarimiz xotirasini yod etib” va shu kabi bir qator jumlalar qayd etilgan.
Bu tushunchalarning barchasi, mohiyatan olib qaraganda, xalqimiz ruhiyatining timsollaridir. Shuning uchun ham ular o’zgartirilmasligi kerak. Binobarin, O’zbekistonning yangilanadigan Konstitusiyasida ham jamiyat va davlatning o’ziga xos qiyofasini belgilovchi o’zak tushunchalarning o’zgartirilishini taqiqlaydigan normalar ko’zda tutilishi lozim, deb o’ylayman.
Albatta, ba’zan bu iboralarga bepisand qarash, ularni noto’g’ri anglash holatlari ham hayotda uchrab turadi. Shunga qaramasdan, xuddi shu tushunchalar an’anaviy qadriyatlarimizni beshikast saqlab qolishga yo’l ochadi. Bu, o’z navbatida, butun mamlakatning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash imkonini beradi. Ayni shunday mezonlarga tayanib yozilgan Konstitusiya eng jiddiy sinov – zamonlar sinovidan muvaffaqiyat bilan o’tishiga ishonchim komil.
– O’zbekistonning “konstitusiyaviy monandligi” deganda nimalarni nazarda tutasiz?
– Tabiiyki, Konstitusiyaviy qonun loyihasida aks ettirilgan ijtimoiy davlat, huquqiy davlat, dunyoviy davlat, adolatli va ochiq fuqarolik jamiyati kabi zamonaviy yangiliklarning o’ziyoq O’zbekistonning “konstitusiyaviy monandligi” haqida yuksak tasavvurlar uyg’otadi. Loyiha matnini tahlil etganda, xususan:
- Muqaddimada: “har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi hamda manfaatlari to’g’risida g’amxo’rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash borasida hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatimizni anglagan holda”, degan jumla mustahkamlangani;
- oila instituti, ayol va bola huquqlarining konstitusiyaviy asoslari yanada rivojlantirilgani;
- fuqarolik jamiyati va shaxsga alohida bo’lim, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga butun boshli bir bobni bag’ishlash orqali fuqarolik jamiyatining ahamiyati kafolatli ta’kidlangani;
- “fuqarolik jamiyati institutlri” tushunchasiga ilk bor ta’rif berilgani, mahallaning konstitusiyaviy maqomi yanada aniq belgilab qo’yilganiga amin bo’ldim.
Bu huquqiy normalar tufayli ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati institutlarining rivojlanishi uchun konstitusiyaviy darajada yo’l ochilmoqda. Xuddi shu mezonlar, shubhasiz, O’zbekistonning “konstitusiyaviy monandligi”ni ham namoyon etadi.
Biz mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga taalluqli normalar turkumini Rossiya Konstitusiyasiga kiritish uchun 1993 yildan buyon harakat qilib kelamiz. Ammo, hatto 2020 yilgi konstitusiyaviy islohot asnosida ham Konstitusiyamiz matnida shu sohaga oid ayrim chizgilarni aks ettirishga muvaffaq bo’ldik, xolos. Sizlar ayni yo’nalishda bizdan anchagina oldinlab ketyapsizlar.
– Mamlakatda Konstitusiya ustuvor bo’lishi kerakmi yoki xalqaro huquq normalarimi?
– Konstitusiyaviy islohot jarayonida Konstitusiya va qonun ustuvorligi, umume’tirof etilgan xalqaro huquq normalari amal qilishi prinsiplariga bag’oyatda sinchkovlik bilan yondashish lozim. Bunda jamiyat va davlat, milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ustuvor ahamiyatga ega masalalar juda aniq belgilab qo’yilishi zarur.
Davlatning o’z huquqlarini himoya qilishi – xalqaro tashkilotlar doirasida ham, ichki va tashqi siyosat sohalarida ham doimiy kurash maydonida bo’lishini talab etadi. Amaldagi umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalari doirasida milliy manfaatlarni himoya qilish hamda himoya qilishga muvaffaq bo’lish farz va qarzdir.
Xulosa o’rnida shuni aytmoqchimanki, umume’tirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquq normalari hamda mamlakat qo’shilgan xalqaro shartnomalar milliy huquq tizimining uzviy qismiga aylanishi lozim. Davlat hokimiyati organlari, shu jumladan, sudlar o’z faoliyatida ana shu yaxlit huquqiy asoslarga tayanishi zarur.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
G’ulom Mirzo suhbatlashdi
- Qo'shildi: 05.09.2022
- Ko'rishlar: 4863
- Chop etish