Parlamentlarning ayol rahbarlari sammiti va inson huquqlari

2022 yil 8-9 sentyabr kunlari poytaxtimizda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti bo’lib o’tadi. Mamlakatimizda ushbu nufuzli xalqaro anjumanga qizg’in tayyorgarlik ko’rilmoqda.

"Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash" mavzuida o’tkziladigan sammitda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar hamda hamkor xalqaro parlament tashkilotlarining ayol rahbarlari ishtirok etadi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida BMT Bosh Assambleyasining Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to’g’risidagi rezolyusiyasini qabul qilish taklifini ilgari surgandi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi qizg’in qo’llab-quvvatlangan.

Shuningdek, 2021 yil sentyabr oyida Venada tashkil etilgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 13-sammitida navbatdagi anjumanni O’zbekiston bilan hamkorlikda o’tkazish haqida kelishib olingandi. O’shanda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva O’zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida asosiy e’tiborni xotin-qizlarning iqtisodiy rag’batlantirilishi masalasiga qaratdi.

Xususan, hayotimizning barcha sohalarida ayollar ishtirokini qo’llab-quvvatlash, ularga grantlar, kreditlar ajratish, shuningdek, qizlar, ayollarni o’qitish va kasb-hunarlarga o’rgatish borasidagi mamlakatimiz tajribasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Yurtimizda xotin-qizlarning siyosiy faolligini kuchaytirish yo’lida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar alohida qayd etildi.

Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining MDH mamlakatlari orasida O’zbekistonda ilk bor o’tkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatda erishgan samaralari, jamiyatni demokratlashtirish yo’lidagi shiddatli islohotlar tufayli qo’lga kiritgan yutuqlarining e’tirofidir.

Bo’lajak sammit  fikr va tajriba almashish, shuningdek, lider ayollar o’rtasida aloqa o’rnatish va hamkorlik qilish uchun qulay muloqot maydoniga aylanishi tayin.

Bu haqda so’z borganda, dunyo parlamentlarining yetakchi xalqaro tashkiloti sifatida 179 mamlakatni o’zida birlashtirgan Parlamentlararo ittifoq muloqot uchun eng yirik maydon hisoblanishini alohida ta’kidlash lozim.

Bunda butun dunyo parlamentlarining aniq harakatlariga tayangan holda, vakillik demokratiyasi, tinchlik va xalqaro xavfsizlik, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari va gumanitar huquq, gender tenglik, xalqaro savdo-sotiq, shuningdek, ta’lim, fan va texnika sohalarida samarali parlament diplomatiyasidan foydalanish muhim rol o’ynamoqda.

Parlamentlararo ittifoq tashkil etilganidan keyingi 133 yil davomida ko’plab xalqaro va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar yuzaga kelishi uchun namuna bo’lib xizmat qildi. Hozirgi kunda global va mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlarning soni 100 tadan oshadi.

Parlamentlararo ittifoq BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo’llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo ittifoqqa BMTning Bosh Assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan.

O’zbekiston Parlamentlararo ittifoqqa 1992 yilda a’zo bo’lgan. Mamlakatimiz 2017 yil 13 oktyabrdan mazkur Tashkilotdagi a’zoligini qayta tikladi. Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlamentlararo ittifoq bilan faol hamkorlik qilmoqda.

Bu fikrimizni 2019 yil 17 oktyabrda O’zbekiston tarixida ilk bor mamlakatimiz vakili Parlamentlararo ittifoq Ijroiya qo’mitasining a’zosi bo’lgani fakti ham yaqqol tasdiqlaydi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o’rinbosari Akmal Saidov 2020-2023 yillar oralig’idagi muddatga ushbu lavozimga saylandi hamda Parlamentlararo ittifoq Vise-prezidenti etib tayinlandi.

Shu o’rinda O’zbekistonda ayollarga ko’rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli 2020 yilda mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo’yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o’ringa ko’tarilganini qayd etish maqsadga muvofiqdir. Ayollar soni Qonunchilik palatasida deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etib, bu orqali O’zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetishiga erishildi.

Jahon bankining ayollar, biznes va qonun indeksida 2020 yilda O’zbekiston xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo’yicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 davlat qatoriga kiritildi va 5 pog’onaga yuqorilab, 190 davlat orasida 134-o’rinni egalladi.

Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo’mitasi ishlab turibdi. Xotin-qizlarning siyosiy partiyalardagi ulushi 44 foiz, oliy ta’limda 40 foiz, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi.

Boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushi 26 foizni tashkil etmoqda. Rahbarlikka zahiraga olingan ayollar soni 2016 yilda atigi 3 ming nafar bo’lgani holda, 2021 yilda ushbu raqam 15 mingdan oshdi.

Prezidentimiz tomonidan ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun davomiy ravishda keng ko’lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida qabul qilingan, 2022-2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada ham ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Xulosa qilib aytganda, bo’lajak xalqaro anjuman doirasida adolat, integrasiya va atrof-muhit muhofazasi, xotin-qizlarning reproduktiv salomatlik sohasidagi ehtiyojlari, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni tiklash, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish singari masalalar muhokama etiladi.

Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammiti yakunida Toshkent deklarasiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Ishtirokchilarning Samarqand shahriga ziyoratini uyushtirish ko’zda tutilmoqda.

 

Oydin IBROHIMOVA,

 Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

matbuot xizmati xodimi

Powered by GSpeech