27 SENTYABR XALQARO TURIZM KUNI

27 sentyabrda aksariyat dunyo mamlakatlarida Xalqaro Turizm kuni bayram sifatida nishonlanib, shu kuni turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan  turli xil tadbir va festivallar o‘tkaziladi. Bugungi kunda mazkur sohada faoliyat yuritayotganlar sayyohlarga har tomonlama qulay va xavfsiz sharoit yaratib berishga harakat qilishmoqda. 

Jahon sayyohlik tashkilotining ma’lum qilishicha, dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmining o‘ndan bir qismi, ya’ni xalqaro investitsiyalarning 11 foizdan ortig‘i turizm hissasiga to‘g‘ri keladi. Butun dunyo bo‘yicha sayyohlar oqimi yiliga 4,5 foizga o‘smoqda.

Turizm sohasida ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston ham o‘zining qadimiy obidalari, muqaddas ziyoratgohlari, xushmanzara tabiati va fayzli go‘shalari bilan sayyohlarni o‘ziga rom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra:

Yurtimiz sayyohlik ko‘lami va tarixiy joylar soni bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakat qatorida turadi. O‘zbekistonda yetti mingdan ortiq me’moriy va arxeologik obida mavjud. Bunday bebaho meros xalqimizning bitmas-tuganmas boyligi hisoblanadi.

Mamlakatimizda so‘nggi besh yilda turizm, jumladan, ekoturizm, ziyorat turizmi, gastronomik turizm rivojlandi. Shu boisdan, Buxoro, Xiva, Samarqand, Marg‘ilon, Termiz singari qadimiy maskanlarimizda jahon xalqlari ishtirokida Sharq taronalari, shashmaqom, baxshichilik, festivallari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda. Ularning ishtirokchilari ajib bir qadimiylikni, sirlilikni his etganlarini yashirmaydi. O‘zbek eliga dunyo xalqlari e’tiborining kuchayib borayotgani bu qadimiy makonda turizm industriyasini ichki va tashqi ko‘rinishlarda keng rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Qolaversa, soha mutaxassislari ta’kidlaganlaridek, sayyohlik zamonaviy iqtisodiyotning istiqbolli tarmog‘i bo‘lib, birinchidan, uning boshqa sohalar kabi xom ashyo, ishchi kuchi, mablag‘ kabi ko‘plab resurslarni doimiy talab etmasligi, ikkinchidan, uning uchun zamonaviy talablarga mos, zarur infratuzilma borligi, uchinchidan, mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotiga foyda keltirishi tufayli mazkur tarmoqni har tomonlama rivojlantirish zarurdir.

Yurtimizda sayyohlik sanoati sub’ektlari faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga erishilmoqda

Bugungi kunda turizm sohasi ravnaqi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlanib, chet elliklar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartiblari, bojxona nazorati soddalashtirildi. Tarmoqning yangi salohiyatli turlarini rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi. Yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida qadimiy shaharlarimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdir.

Muhtasham madaniy ob’ektlar, mehmonxonalar qurilib, transport-logistika, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yaxshilanmoqda. Ularning zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilinishi O‘zbekistonda yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, uzoq tarixiy taraqqiyotni ega bo‘lgan yurtimizda juda boy folklor jamlanganligi va lokal belgilariga ko‘ra alohida o‘ziga xosliklarga egaligi tufayli unga xos ana shu lokal xususiyatlarni ochish hamisha dolzarb bo‘lib kelgan. O‘zbek folklorini regional asosda kelgan sayyohlarga namoyish etish umum o‘zbek folklorini jahon folklori kontekstida kuzatish imkonini berishi bilan ham muhimdir.

Mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijiy mehmonlar orasida sayyohlikning ekologik, diniy-ziyorat, folklor-etnografik, ilmiy-ma’rifiy turlari bilan birga ekstremal taassurotlar ixlosmandlari – yilning istalgan vaqtida tog‘ cho‘qqilarini zabt etish, rafting, trekking, ot yoki velosipedda sayr qilish, qumliklar kengliklarida chip safari ishqibozlarning borligi tufayli ekspozitsiyalarda sayyohlik va dam olish infratuzilmalariga, yurtimiz va xorij sayyohlarini qabul qilish uchun sog‘lomlashtirish zonalari va sanatoriylarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayapti.

O‘zbekiston qadimdan boy ma’naviy tarixiy merosi, rivojlanib borayotgan turizm salohiyati xorijdagi mamlakatlarda tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Yevropa va boshqa qit’alar aholisi uchun mamlakat Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi sifatida hamda bunga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston qadim turkiy xalqlar yashagan diyor, tasavvuf, moturudiylik, naqshbandiylik asoschilari, e’tiqod ustunlari yashab, ijod qilgan ziyoratgoh sifatida ham ma’lum va mashhurdir.

Sayyohlar e’tiborini nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki zamonaviy ajoyibotlar orqali jalb qilish tadbirlari ham ko‘rilmoqda. Shveysariya va o‘zbekistonlik aerostatchilar Xiva osmoni uzra ilk bor havo sharida parvozni amalga oshirishdi. Havo sharida turib “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasini 100 metr balandlikdan kuzatish, shaharning betakror go‘zalligidan bahramand bo‘lish va uni fotosuratlarga muhrlash mehmonlarga cheksiz zavq ulashdi.

Xorazm — O‘zbekistonning eng yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqalaridan biri

Xorazm — qadimgi Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan bo‘lib, O‘zbekistonning eng yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqalaridan biri hisoblanadi. Xivaning xalqaro miqyosda “Ochiq osmon ostidagi muzey shahar” deya e’tirof etilishi va YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishi nafaqat Xorazm viloyati, balki mamlakatimizning jahon turizm bozoridan munosib o‘rin egallashida mustahkam zamin yaratadi.

Yurtimizni yanada obod etish, unga ko‘plab sayyohlarni jalb qilish orqali nomini dunyoga yoyish, turistlar uchun zarur sharoitlar yaratish faqat mutasaddilarga tegishli vazifagina emas, balki barcha zamonlarda ma’naviyat va ma’rifatni hayotining bosh a’moli deb bilgan barcha yurtdoshlarimizning burchidir. Yoshu qari – har bir o‘zbekistonlik bu qutlug‘ zaminga munosib farzand bo‘lish ishqi, mehri bilan, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga o‘z ulushini qo‘shish ilinjida yashamog‘i shart.

Muxlisa Xasanova,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnalining Tashkiliy ijodiy guruh rahbari

hudud24.uz

 

Powered by GSpeech