Xotin-qizlar huquq va manfaatlari doimo e’tiborda

Buxoroda “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik kun tartibi va uning inson huquqlari bilan bog‘liqligi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Buxoro viloyati hokimligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Tojikiston Respublikasi delegatsiyasi ham qatnashdi.

– Davra suhbati shunisi bilan ahamiyatliki, davlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari, BMT tuzilmalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini milliy va mintaqaviy darajada amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilish uchun Buxoroda to‘plandi, – deydi tadbir avvalida Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar masalalari boshqarmasi boshlig‘i Feruza Ibragimov. – bugungi kunda yangilanayotgan O‘zbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeyini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda.

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasidagi yo‘nalishlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan. Bugunga kelib amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston milliy parlamentida xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetganligi, ya’ni Parlamentdagi xotin-qizlar soni qariyb 32 foizga yetib, dunyodagi 190 parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilganligi mahalliy kengashlardagi deputat ayollar sonining o‘sishi bilan hamohang bo‘ldi.

Jumladan, Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputatlarining 19 nafari 32 foizi, shahar va tumanlar Kengashlari deputatlarining 86 nafari 22 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Shuningdek, siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi, xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika sohalariga keng jalb etilmoqda. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. Buxoro viloyati ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-madaniy hayotida ham xotin-qizlarning ishtiroki salmoqlidir.

Buxoro viloyatida 1 nafar Oliy Majlis Senati a’zosi, 1 nafar ayol hokim lavozimida, 1 nafar ayol viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida, 2 nafar ayol boshqarma boshlig‘i, 2 nafar ayol prorektor, 5 nafar ayol dekan lavozimlarida, 160 nafar ayol maktab direktori, 172 nafar ayol mahalla fuqarolar yig‘ini raislari lavozimida, 2 nafar ayol bank rahbari o‘rinbosari lavozimlarida, jami 500 dan ortiq ayollar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda.

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga ko‘mak berish ishlarida viloyat “Tadbirkor ayol” uyushmasi, Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari va banklardagi mas’ul xotin-qizlarning hissasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimini boshqarishda ham ayollar faollik ko‘rsatmoqda.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar samaradorligini oshirdi. Mazkur fond ko‘magida biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratish, bir haftalik o‘quv kurslarida o‘qitish, biznes rejalari ishlab chiqish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 2022 yil mart oyidan boshlab xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tashkil etilishi bu boradagi ishlar samaradorligini va natijadorligini oshirish imkonini kuchaytiradi. Qiynalgan, nochor ayollar bilan ishlash uchun reabilitatsiya markazlari tashkil etildi. Misol uchun, oilaviy janjallar sabab qiynalib qolgan, siqilib yurgan yoki qaynonasi bilan kelishmasdan, birovlarning qo‘lida qolgan, ayrim hollarda ko‘chada qolib ketgan, jinoyat qilib qo‘yib, jamiyatimizga qo‘shila olmayotgan ayollarimiz bor. Ana shular bilan ishlash uchun mahallada mahalla xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilganligi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil etilganligi parlamentda xotin-qizlar rolini yanada oshishida o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, favqulodda vaziyatlarda eng ko‘p ayollar va bolalar aziyat chekadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarimizga ko‘mak berish, ularni mamlakatimizga qaytarish hamda jamiyatimizga to‘laqonli moslashishini ta’minlash bo‘yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari amalga oshirildi. “Qaynoq nuqtalar”dan buxorolik 2 nafar ayol va 2 nafar bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. Ular jamiyatimizning to‘laqonli a’zolari bo‘lishi, kelgusida yurt koriga yaraydigan insonlar bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Barchasiga tibbiy, psixologik yordam ko‘rsatildi. Ayollar ishga, bolalar bog‘cha va maktablarga joylashtirildi.

Ta’kidlanishicha, 2000 yil 31 oktyabrda Xavfsizlik Kengashi 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Mazkur qaror bilan birinchi marta ayollar va bolalar qurolli to‘qnashuvlardan eng ko‘p aziyat chekadigan, shuningdek, maqsadli tajovuz va zo‘ravonlik ob’ektiga aylanib borayotgan aholi guruhi ekanligi tan olindi. Ushbu qaror ayollarni nizolarni hal qilish bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ko‘proq ishtirok etishga, shuningdek, BMT va milliy darajadagi yuqori lavozimlarda ayollar sonini ko‘paytirishga faolroq jalb qilishni talab qiladi.

Davra suhbatida xalqaro ekspertlar tomonidan “YeXHT mintaqasida ayollar, tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlarining gender xavfsizligi bilan o‘zaro bog‘liqligi" chaqiruvini amalga oshirishdagi xorijiy tajriba haqida ma’lumot berildi. BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” qarorini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy harakatlar rejasi loyihasi taqdim etildi. 2020-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida gender tengligiga erishish strategiyasi, ayollar, shu jumladan, gender asosidagi zo‘ravonlik qurbonlari uchun odil sudlovga erishishni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Oliy sudyasi, ayol sudyalar uyushmasi a’zosi Ruxshona Hakim gender asosidagi zo‘ravonlik qurbonlari uchun adolatli sudni ta’minlash sudyalar oldida turgan ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbirda Jamoat xavfsizligi universiteti va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi vakillari tomonidan xavfsizlik sohasida ayollarning rolini kuchaytirish choralari faol muhokama qilindi. “Oydin nur” va “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari tomonidan 1325-sonli qarorni amalga oshirishdagi fuqarolik jamiyatining roli va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA

Powered by GSpeech