1 oktyabr – Xalqaro keksalar kuni
Dono xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.
Qur’oni karimning “Rahmon” surasida “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyati zikr etilgani bejiz emas. Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Shu ma’noda, 1 oktyabr – Xalqaro keksalar kuni mamlakatimizda yanada keng va sermazmun nishonlanayotgani tabiiy. Ma’lumki, ushbu xalqaro sana 1990 yil 14 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 45-sessiyasida ta’sis etilgan.
Shuningdek, bu borada:
- 1982 yili Keksalik muammolari bo‘yicha Vena harakatlar rejasi;
- 1991 yili BMTning Keksalarga muomala-munosabat prinsiplari;
- 1992 yili Keksalik muammolari bo‘yicha deklaratsiya;
- 2002 yili Keksalik muammolari bo‘yicha Madrid harakatlar rejasi qabul qilingan.
Ayniqsa, oxirgi xalqaro hujjat XXI asrda aholi yoshining keksayib borishi muammosiga yechim topishda tom ma’nodagi dasturilamal bo‘ldi. Zotan, bugungi kunda rivojlangan davlatlar aholisi tarkibining 25 foizi keksa avlod vakillaridan iborat va ushbu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2015-2030 yillar oralig‘ida 60 yoshdan oshgan insonlar soni 901 million nafardan 1,4 milliard kishiga ortishi mumkin. Bu raqam 2050 yilda 2 milliard nafarni, ya’ni yer yuzi aholisining 20 foizini tashkil etishi kutilmoqda.
Keyingi yillarda insoniyat boshiga yopirilgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq turli ofatlar insonlar o‘rtasida shusiz ham omonat bo‘lib turgan gender tenglikni badtar tang holga solib qo‘ydi. Chunki koronavirus inqirozi ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, tibbiy va iqlim bilan bog‘liq muammolarning qariyalar, ayniqsa, keksa ayollar hayotiga salbiy ta’sirini kuchaytirib yubordi.
Afsuski, BMT mutaxassislari tayyorlagan hisobot xulosalari biz yashab turgan va tobora globallashib borayotgan dunyoda hamma ham birdek bag‘rikeng va nuroniyparvar emasligini ko‘rsatmoqda. Ssayyoramiz aholisining teng yarmi, boshqacha aytganda, zamindosh va zamondoshlarimizning har ikki nafaridan bittasi keksalarga nisbatan salbiy munosabatda ekan.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, keksalarning mavjud ehtiyojlari va aniq muammolarini hal etishga e’tiborni yanada oshirishni taqozo etadi. Shuningdek, aksariyat yoshi ulug‘ insonlarga zarur sharoitlar yaratib berilsa, ular hali ham jamiyat hayotiga foyda keltirishda davom etishi bilan bog‘liq imkoniyatlarni hisobga olish talab etiladi.
Bunday sa’y-harakatlarning negizida, albatta, inson huquqlarini rag‘batlantirish mezonlari mujassam. Nega deganda, dunyoning ayrim manzillarida bu boradagi ahvol shundayki, ishxonalarda navqiron xodimlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklardan ko‘pincha yoshi ulug‘ insonlar mahrumdir.
Misol uchun, ishchi-xodimlarning o‘qish-o‘rganish va malaka oshirish imkoniyatlari yoshi o‘tgan sari keskin kamayib boradi. Eng yomoni, yosh va jinsga bog‘liq kamsitishlar, xususan, eydjizm illati keksalarning ahvolini yanada murakkablashtirmoqda.
Eydjizm – insonni yosh belgisi bo‘yicha kamsitish holatini ifodalaydigan xalqaro tushuncha. Bu haqda fikr yuritganda, tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutmaslik kerak.
Gap shundaki, eydjizmdan yoshlarning o‘zlariyam aziyat chekmoqda. Bunda, albatta, tibbiy xizmatdan foydalanish, turar-joyga ega bo‘lish va siyosiy hayotda ishtirok etish kabi masalalarda yoshi ulug‘larning qo‘li ustunroq ekani nazarda tutilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari eydjizm illatiga qarshi faol kurash olib borish zarurligini ta’kidlagani bejiz emas. Binobarin, insonning yoshiga qarab yondashuv borasida ildiz otgan nomaqbul munosabatlar inson huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkinligidan hamisha ogoh bo‘lish zarur.
Shu nuqtai nazardan, keksalarni qadrlash uchun bundan 32 yil ilgari alohida bir kunning jahon ko‘lamidagi bayram sanasi sifatida rasman belgilab olinganidan asosiy maqsad navqiron avlodga nuroniy otaxonu onaxonlarimiz doimo alohida g‘amxo‘rlik, mehr-muhabbat va parvarishga muhtojligini eslatib turishdir.
Zero, bu foniy dunyoda hech narsa abadiy emas. Hozirgi yoshlar ham bir kuni keksalik ostonasidan hatlab, izlaridan kelayotgan yangi yosh avlodga joy bo‘shatadilar.
Keksalik davri – bolalik va yoshlik davrlari kabi hayotning tabiiy hamda uzviy bosqichidir. Birgina farq shundaki, inson bolalik va yoshlik yillarida kuch-qudrat hamda azmu shijoatga to‘la bo‘lsa, aksincha, keksalik davrida jismoniy faoliyat mezoni kamayishi va kuch-qudratning zaiflanishi bilan yuzma-yuz keladi.
BMT tomonidan har yili Xalqaro keksalar kuni doirasida qariyalarni himoyalash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida turli festival va tanlovlar o‘tkaziladi. Qolaversa, jahon miqyosida nuroniylar hayotini yaxshilashga qaratilgan BMTning Keksalik muammolari bo‘yicha maqsadli jamg‘armasi ham faoliyat ko‘rsatib turibdi.
Xalqaro keksalar kunining 2022 yildagi tantanalari “Keksa ayollarning hayotda bardoshliligi va jamiyat rivojidagi hissasi” mavzusiga bag‘ishlangan. Bunda muhtarama yoshi ulug‘ ayollarimizning milliy, mintaqaviy hamda global muammolarni yengib o‘tishda ko‘rsatgan sabr-matonati va qo‘shgan munosib ulushlarini e’tirof etish nazarda tutilmoqda.
Yer yuzidagi jami keksa ayollarning huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan siyosiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va ularning barqaror taraqqiyotni ta’minlashdagi hissasini e’tirof etish bu borada ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadga erishish yo‘lida:
birinchidan, keksa ayollarning ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va tengsizlikni yanada kuchaytiradigan boshqa xil ofatlarga nisbatan sabr-bardoshli ekanini ta’kidlash;
ikkinchidan, insonlarning yoshi va jinsi bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘ish holatini yaxshilashning dolzarb ahamiyatiga e’tiborni tubdan oshirish;
uchinchidan, Bosh kotib da’vatidan kelib chiqib, gender tenglikni ta’minlash asnosida, BMTga a’zo davlatlar, BMT muassasalari, «BMT-ayollar» tuzilmasi va fuqarolik jamiyatini keksa ayollar manfaatlarini ushbu yo‘nalishdagi barcha strategiyalarning markaziga qo‘yish uchun da’vat etishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da alohida belgilanganini qayd etish lozim. Shu ma’noda, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Albatta, bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini, xususan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam berildi, qiyinchilik va sinovlar bahamjihat yengib o‘tildi.
Ayniqsa, 2021 yil 25 martda qabul qilingan Prezident Farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi. Buning natijasida 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib boradigan bo‘ldi.
Yana bir muhim natija: joriy yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan berildi. Bu haqdagi topshiriq Prezidentimizning 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Agar e’tibor qaratilsa, urush qatnashchilari va mehnatga layoqatsiz faxriylar uchun to‘lanadigan haq miqdori Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan muntazam va ko‘p miqdorda oshirib kelinayotganiga amin bo‘lish mumkin. Xususan, ushbu mablag‘ hajmi 2017 yilda – 2 mln so‘m, 2018 yilda – 5 mln so‘m, 2019 yilda – 7,5 mln so‘m, 2020 yilda – 10 mln so‘m, 2021 yilda – 12 mln so‘mdan iborat bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Xalqaro keksalar kuni tadbirlari doirasida bunday ezgu amallarning ko‘lami yanada kengaydi. Jumladan, mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylarini taqdirlash va nafaqaga kuzatish amaliyoti joriy etildi. Korxona va tashkilotlarda uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar xonadonlarida bo‘lib, ularni bayram bilan qutlash bahonasida hollaridan xabar olinmoqda.
Ta’lim muassasalarida O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Xalqaro keksalar kuni munosabati bilan faxriy ustozlar taklif etilib, ular uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Binobarin, O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.
G‘ulom MIRZO,
Oydin IBROHIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi mas’ul xodimlari
- Qo'shildi: 30.09.2022
- Ko'rishlar: 5102
- Chop etish