O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yuqori baholandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov YUNESKOning Axborot va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha Bosh direktori o‘rinbosari T.Djelasi rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. 
 
Mehmon iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori baholadi. So‘nggi besh-olti yilda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan o‘zgargani, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon bo‘layotganini e’tirof etdi. 
 
T.Djelasi o‘z nutqida shu yil 28-29 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Sun’iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya davlatlarda axborot sohasidagi muammolarning oldini olish va ularga qarshi kurashish yo‘lida O‘zbekiston uchun YUNESKO hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. 
 
Tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Mazkur deklaratsiya a’zo davlatlarning axborotdan foydalanishdagi asosiy huquqini tan olish va hurmat qilish majburiyatini yana bir bor tasdiqlashi, tegishli boshqaruv tamoyillari va sun’iy intellekt hamda yangi texnologiyalarning axborotdan foydalanishida kelib chiqadigan muammolarni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. 
 
Mazkur deklaratsiyadan o‘rin olgan vazifalarni amalga oshirishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi aytib o‘tildi. 
 
Uchrashuvda Prezidentimizning 2022 yil 29 yanvardagi tegishli farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasida axborotlashtirish, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish, axborotni erkin va moneliksiz izlash, tadqiq etish hamda tarqatishga oid yagona Axborot kodeksini ishlab chiqish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham fikr almashildi. 
 
Mehmon ishlab chiqilayotgan ushbu kodeks YUNESKO tomonidan ilmiy va amaliy jihatdan ko‘rib chiqilishida ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. 
 
YUNESKO tomonidan yoshlarni Internet makonidagi turli zararli ma’lumotlardan saqlash, ularda axborotni izlash, yuklab olish va tarqatish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tasviriy qo‘llanma ishlab chiqilib, o‘zbek tiliga tarjima qilinishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. 
 
Muloqotda hozirgi globallashuv davrida ushbu yo‘nalish tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgani aytilib, YUNESKOning ushbu tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. 
 
Suhbat yakunida T.Djelasi 2023 yil 21-23 fevral kunlari Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Demokratiya uchun Internet” mavzusidagi Global anjumanga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini taklif qildi. 
 
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi. 


 
O‘zA

Powered by GSpeech