Konstitutsiyaviy islohotlarda jamoatchilik ishtiroki: milliy va xalqaro tajriba

 

29 centyabr kuni Toshkent shahrida shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman Konstitutsiyaviy komissiya, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Davlat va huquq instituti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” va Barqaror rivojlanish markazlari tomonidan Toshkent shahar hokimligini ko‘magida tashkil etildi.

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan ushbu tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, akademik hamjamiyat, xorijiy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar soni 300 kishidan ziyod bo‘lib, jumladan, mamlakatimizning 14 hududi va 3 xorijiy mamlakatdan ulanildi.

Tadbirning maqsadi – Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq va xalqaro muhokamasining dastlabki natijalari, unda keng jamoatchilikning faol ishtiroki, “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarning hayotga tatbiq etilishi borasida fikr almashishdan iborat bo‘ldi.

Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanayotgani va keng qo‘llab-quvvatlanayotganini alohida ta’kidladilar. Jumladan, mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar umumjahon konstitutsiyaviy rivoji, uning umume’tirof etilgan qonuniyatlariga to‘la mos ravishda amalga oshirilayotganiga yuqori baho berildi.

Xalqaro anjumanda BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Roli Astxana O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar demokratik tamoyillar asosida amalga oshayotganini qayd etdi. Xususan, R.Astxana konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qaysi davlatda bo‘lmasin, sohadagi tushunchalar barcha uchun universal hisoblanadigan tamoyillar – inson xuquqlariga hurmat, tenglik va qonun ustuvorligiga muvofiq o‘tkazilishi lozim, deya ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konstitutsiyaviy islohotlarga oid xalqaro hujjatlarga asoslangan holda BMT tuzilmalari:

  • Konstitutsiyaga, avvalambor, milliy suverenitet, demokratik normalarni joriy qiluvchi hujjat sifatida qaraydi va konstitutsiyaviy islohot o‘tkazishda faqatgina xalq va mamlakat manfaatidan kelib chiqish zarurligiga e’tibor qaratadi;
  • Konstitutsiya xalqchil, shaffof va inklyuziv, hech kimni ortda qoldirmaslik tamoyiliga asoslangan bo‘lishi lozim. Bu shuni anglatadiki, konstitutsiyaviy islohotlar davrida aholining barcha qatlamlarining faol ishtiroki ta’minlanib, ularning manfaatlari ko‘zda tutilishi kerak. BMT Bosh kotibining strategiyasida jamiyat rivojlanishida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy zaif va e’tibordan chetda qolib ketishi mumkin bo‘lgan aholiga alohida e’tibor berish kerakligi aytilgan;
  • BMT dunyoning konstitutsiyaviy rivojidagi eng ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston bilan o‘rtoqlashib kelmoqda va ushbu sa’y-harakatlar kelgusida ham bardavom bo‘ladi. Xususan, islohotlarni amalga oshirishda BMT Taraqqiyot dasturining roli katta va Gruziya, Keniya, Vetnam kabi davlatlardagi jamoatchilik eshituvlarini amalga oshirishda yordam berish bo‘yicha to‘plangan tajriba O‘zbekistonga ham foydali bo‘lishi tayin;
  • Konstitutsiya mukammal bo‘lishi kerak. Demokratik va ochiq jamiyat qurish jarayonida barqaror rivojlanish, gender tenglik, adolat, ekologiya, inklyuzivlik masalalariga alohida yondashish zarur;
  • BMT tomonidan qabul qilingan 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibi va global Barqaror rivojlanish maqsadlari konstitutsiyaviy modernizatsiya bilan hamoxang bo‘lib, ushbu jarayonda hech kim e’tibordan chetda qolmasligi shart. Shu ma’noda, “BMT oilasi” institutlari O‘zbekistondagi yangilanayotgan Konstitutsiya 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qilishiga ishonadi. Zero, 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda huquqiy va konstitutsiyaviy asoslar yaratish muhim rol o‘ynaydi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi esa ushbu global Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohangdir;
  • so‘nggi yillarda O‘zbekiston huquqiy islohotlarni amalga oshirishga va shu asosda global va milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun faol harakat qilmoqda. Qonun ustuvorligi tamoyiliga tayanish esa konstitutsiyaviy islohotlarni samarali amalga oshirishda yordam berishini alohida ta’kidlash lozim.

Roli Astxananing e’tirof etishicha, “O‘zbekiston demokratik islohotlarni amalga oshirishda ortga qaytmaydi”. “Buni Yangi O‘zbekiston uchun juda ambitsioz Taraqqiyot strategiyasi qabul qilinganidan ham bilsak bo‘ladi”, deb ta’kidladi BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi, xususan, “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev demokratik islohotlar masalasiga sodiq qolganligini e’tirof etgan holda, uning inson huquqlari, qonun ustuvorligi, har qanday kamsitishni bartaraf qilish va fuqarolik jamiyatini qurish borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlashi”ni alohida qayd etdi. “Bu, shuningdek, hokimiyat va huquq sohasini modernizatsiyalash, davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarga ham taalluqlidir”, dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi.

Sh.Adrian O‘zbekiston inson huquqlari va turli xil boshqa masalalarga bag‘ishlangan konvensiyalar, jami 27 ta konvensiyani ratifikatsiya kilganligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, “Ushbu konvensiyalar juda muhim bo‘lib, yangilanayotgan Konstitutsiyani samarali bajarishda katta o‘ringa ega. Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazishda dunyo hamjamiyati tan olgan tamoyillarga rioya qilish lozim. Yakuniy qaror qanday bo‘lishidan qat’i nazar, inson huquqlari va hokimiyat bo‘linishiga oid tamoyillar saqlanib qolishi kerak”.

Elchi konstitutsiyaviy islohotlardagi ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining ahamiyati o‘ta yuqori ekanligi va O‘zbekistonda ham bunga alohida e’tibor qaratilayotganini ijobiy baholadi. Jamoatchilik eshituvlarini uyushtirishda keng jamoatchilikning ko‘plab vakillari faol ishtirok etayotganiga urg‘u berdi. Uning fikricha, “mazkur omillar konstitutsiyaviy islohotlar har doim samarali bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Ushbu jarayonga taalluqli Parlamentning ichki va tashqi faoliyatida barcha manfaatdor aholi qatlamlari ishtirok etishlari lozim”.

Sh.Adrian, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan hamkorligi joriy yilning iyul oyida yangi bosqichga kirganligi va “Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim” hamkorlikni va o‘zaro savdoni yanada oshirish uchun xizmat qilishini ta’kidladi. Elchi: “Evropa Ittifoqi O‘zbekistonda uzoq istiqbolli sa’y-harakatlar bajarilayotganini ko‘ryapti va uning ijobiy natijalariga qat’iy ishonadi”, deb ta’kidladi.

BMT Bolalar jamg‘armasi – YuNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade o‘z ma’ruzasida BMTning mamlakatdagi jamoasi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan birgalikda gender tenglik, bola huquqlari, YuNISEF faoliyati va Venesiya komissiyasining 47 ta mamlakat konstitutsiyalaridan iborat xalqaro tajribasini, yuvenal yustitsiya va nogironlar masalasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilgani haqida to‘xtaldi.

M.Mamedzade Konstitutsiyani yangilashdagi tamoyillar haqida so‘z yuritar ekan, ziddiyatlarning oldini olish, ochiqlik va shaffoflik, shuningdek, inklyuzivlikni nazarda tutgan “hech kimni ortda qoldirmaslik” va barchaning huquqlarini hurmat qilish kabi tamoyillarga amal qilinayotganini alohida e’tirof etdi.

YuNISEFning O‘zbekistondagi vakili bun jarayonda aholining quyidagi uch zaif qatlamiga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidladi, xususan:

  • xotin-qizlarning konstitutsiyaviy huquqlari haqida so‘z yuritganda, tenglik, kamsitmaslik tamoyillari Konstitutsiyaning asosini tashkil qiladi. Ushbu tamoyillar BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi va Pekin harakatlar platformasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayd etilgan.

Mazkur Konvensiya xotin-qizlar va erkaklar tengligini kafolatlaydi va har qanday kamsitishni taqiqlaydi. Xotin-qizlar huquqlari haqida gap ketganda, avvalambor, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohg‘alari bilan bog‘liq huquqlar nazarda tutilishini qayd etish lozim. Bu borada BMTning tegishli qo‘mitasi davlatlarni tenglik uchun zarur shart-sharoitlarni aniq belgilashga da’vat qiladi. Konvensiyaning 5-moddasiga binoan, Konstitutsiyalarda barcha uchun mehnat qilish, ijtimoiy xizmatlarda foydalanish borasida teng sharoitlar yaratilishi kerak;

  • bola huquqlari haqida fikr yuritganda, zo‘ravonlik va kamsitishni taqiqlash, adolat, tenglik kabi tamoyillarga rioya qilish zarur. BMT har bir davlat o‘z Konstitutsiyasiga ushbu tamoyillarni kiritishi bolalar uchun qulay sharoit yaratishga olib keladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari Bolalar ombudsmani faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish ham ilg‘or amaliyot sifatida e’tirof etiladi;
  • BMT barcha davlatlarni nogironlar masalasida hukumat va nogironlar o‘rtasida ochiq muloqot yaratishga da’vat qiladi. Nogironlarning ta’lim, mehnat va siyosiy sohalarga taalluqli huquqlarini amalga oshirishda ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu jarayonda byudjet dasturlari muhim rol o‘ynaydi va inklyuzivlik jamiyat yaratish uchun xizmat qiladi.

M.Mamedzade pirovardida qayd etganidek, YuNISEF O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarda mazkur masalalarga ustuvorlik berilganini e’tirof qiladi va qo‘llab-quvvatlaydi hamda ushbu tajribani keng targ‘ib etish lozim, deb biladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Rishard Komenda o‘z nutqida konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ekspertiza va konsultatsiya choralari muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston amaliyotida fuqarolik jamiyati institutlari sifatida mahalliy boshqaruv organi bo‘lmish mahalla, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari tushuniladi va ular, albatta, davlat ro‘yxatidan o‘tib faoliyat olib borishlari lozim.

Ammo muhimi shuki, islohotlar davrida Konstitutsiya inson huquqlarini amalga oshirish uchun asosiy hujjat bo‘lib, uni yangilashda barchaning fikrini eshitish tapqozo etiladi. Shuning uchun davlat ro‘yxatidan o‘tish fuqarolik jamiyati institutlari uchun shart bo‘lmasligi kerak.

R.Komendaning so‘zlariga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar Boshqarmasi tomonidan berilgan tavsiyalarning bir qanchasi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida inobatga olingan. Chunki BMT Bosh kotibining 2020 yil sentyabrdagi nutqiga asosan BMTning asosiy maqsadi – konstitutsiyaviy jarayonlarda aholining keng qatlamlari, xususan, zaif qatlamlarining ham ishtirokini ta’minlashdir. Ushbu nutqda barchaning o‘z fikrini erkin ifodalashda muhim bo‘lmish inklyuzivlik va jamoatchilik muhokamalarining o‘rni yaqqol ochib berilgan.

BMT tomonidan 1966 yilda qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktning 19-moddasida keltirilgan erkin axborot almashuvi jamoatchilik muhokamalarining huquqiy asosini tashkil qiladi. Erkin OAV siyosiy masalalarga oid davlat siyosatini hech qanday to‘siqsiz izohlashi va jamiyatga bu haqda ma’lumot berishi zarur. Mazkur pakt bo‘yicha BMT Qo‘mitasining 25-umumiy izohida davlat ishlarini yuritishda har bir fuqaro o‘z fikrini erkin ifodalash va ovoz berish huquqiga egaligi qayd etilgan.

Hukumat jamoatchilik bilan maslahatlashuvlarni o‘tkazishda, til to‘siqlari, harakat erkinligidagi cheklovlar va jamoatchilikning ovoz berish huquqiga ta’sir qiluvchi boshqa elementlarni bartaraf qilishi lozim. Ovoz berish to‘g‘risidagi ma’lumotlar va materiallar ozchilik tillarida e’lon qilinishi kerak, shunda hamma ovoz berish uchun qanday masalalar borligini to‘liq tushunadi, deb qayd etdi R.Komenda.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar:

  • “Yangi O‘zbekistonga – yangilangan Konstitutsiya lozim”, deb hisoblayotgan aholining keng qatlami va saylovchilar amri, xohish-irodasi, zamon talabi ekanligi, shu ma’noda, yangilanayotgan Konstitutsiyaning asosiy muallifi va ijodkori tom ma’noda O‘zbekiston xalqi, ilhomlantiruvchi kuchi esa – O‘zbekiston Prezidenti;
  • “Inson – davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim” degan ustuvor g‘oyaga aoslangani va mazkur g‘oyani amalga oshirishda jamoatchilik, shuningdek, fuqarolik jamiyatining barcha institutlari faoliyatining siyosiy, huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarini takomillashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani;
  • ochiqlik va oshkoralik, fuqarolarni, fuqarolik institutlarining islohotlardagi keng ishtirokini ta’minlash borasidagi umum tan olingan demokratik tamoyillarga to‘laqonli rioya etgan holda o‘tkazilayotganini alohida e’tirof etdilar va Konstitutsiyaviy komissiyaning bu boradagi faoliyatini yuqori baholadilar.

Xalqaro forum fikrlar xilma-xilligi ta’minlangan xolda, qizg‘in muhokamalar sharoitida o‘tdi. Ishtirokchilar tomonidan qator takliflar ham bildirildi.

O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isokov quyidagi takliflarni o‘rtaga tashladi:

birinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi davomida O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi tomonidan berilgan 26 taklifdan 6 tasi inobatga olingani – yangilanayotgan Konstitutsiyaning haqiqiy xalq Konstitutsiyasi ekaniga bir dalil bo‘ladi;

ikkinchidan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nafaqat “teng huquqlilik” balki “imkoniyatlar tengligi” tamoyili ham o‘rin olishi zarur bo‘lib, ushbu tamoyil O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan nogironlar huquqlariga oid qator xalqaro hujjatlarda belgilab qo‘yilgan;

uchinchidan, Konstitutsiyamiz va qonunchiligimizda qo‘llanilayotgan “nodavlat notijorat tashkiloti” atamasini xalqaro tajriba va huquq nuqtai nazaridan kelib chiqib, “nohukumat notijorat tashkiloti”ga o‘zgartirish zarur. Chunki “nodavlat” atamasi jamoatchilik orasida “davlatdan tashqari”, hattoki “davlatga qarshi” degan fikrga olib kelayotgani uchun butun dunyo amaliyotida ishlatilayotgan “nohukumat” atamasiga o‘tish lozim.

O‘z navbatida, “Yuksalish” umummilliy harakati xodimi Umid Rajabov Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalari davrida aholi va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoatchilik palatasini tuzish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasidagi taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlanayotganiga e’tibor qaratdi.

U.Rajabov Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” asarida keltirilganidek, ushbu Jamoatchilik palatasining maqomini Konstitutsiyamizda mustahkamlash taklifini hayotga tatbiq etish zarurligini ta’kidladi. Nega deganda, Jamoatchilik palatasi yurtimizda fuqarolik jamiyati rivojida juda muhim o‘rin tutishi darkor.

Ushbu taklif xalqaro konferensiya ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va konferensiyaning Yakuniy hujjutida o‘z aksini topdi.

Yakuniy hujjatda, avvalo, Konstitutsiyaviy qonunning umumxalq muhokamasi konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish borasidagi BMT tavsiyalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning tegishli hujjatlari, dunyoda zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” ustuvor tamoyiliga to‘la-to‘kis rioya qilingan holda amalga oshirilgani ta’kidlangan.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonunni umumxalq referendumi orqali qabul qilinishi borasidagi taklif qo‘llab-quvvatlangan. Mazkur referendumni tashkillashtirishda:

  • referendumda fuqarolarning ixtiyoriy va erkin ishtirok etishi, o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berishi uchun barcha siyosiy-huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish;
  • islohotlar va referendum davomida qonun va huquq ustuvorligini ta’minlash, xususan, jamiyatdagi fikrlar va qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, jamiyatda so‘z va fikr erkinligiga amal qilish, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishlariga ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • referendumda fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki, turli toifadagi saylovchilarning inklyuziv ishtirokini rag‘batlantirish kabi demokratik tamoyillarga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatilgan.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar O‘zbekistonda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy shart-sharoitlar yaratilganini yana bor ta’kidladilar. Bularning barchasi, o‘z navbatida,  fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishdek konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkonini berayotganini e’tirof etdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech