20 noyabr – Butunjahon bolalar kuni

Inson hayotining eng muhim davri bolalik hisoblanadi. Yosh avlodning barkamol va yetuk shaxs sifatida shakllanishida ta’lim va tarbiya, oila hamda katta avlod vakillarning o‘rni muhim.

Dunyo mamlakatlarida bolalarga alohida e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shunday ekan, bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish –kelajak uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Bola huquqlari inson huquqlarining xalqaro hamjamiyat diqqat markazida turgan muhim yo‘nalishlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Xususan, BMT 1954 yilda 14 dekabrda butun dunyoda bolalar farovonligini ta’minlash hamda mazkur tashkilotning bolalar bo‘yicha faoliyatini kengaytirish va kuchaytirish maqsadida barcha mamlakatlarga 20 noyabrni – Butunjahon bolalar kuni sifatida keng nishonlashni tavsiya qildi.

Bu xalqaro sana bola huquqlarini rivojlantirishda muhim bosqich hisoblanadi. 1959 yilning aynan shu kunida BMT Bosh Assambleyasi Bola huquqlari deklaratsiyasini, 1989 yilda esa Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgani bejiz emas.

Bola huquqlari va manfaatlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun doim ustuvor maqsadlardan biri bo‘lgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1992 yil 9 dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalarning ichida birinchi bo‘lib, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilgani buning yaqqol namunasidir.

Konvensiya qoidalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga Konvensiyaning bajarilishi to‘g‘risida doimiy ravishda hisobotlar taqdim etib boradi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga 5 ta davriy ma’ruza taqdim etildi.

2022 yil 29 avgust – 23 sentyabr kunlari BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya davomida, ya’ni 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

BMT Qo‘mitasining ushbu sessiyasida bola huquqlarini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, bolaning eng yaxshi manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, bolalarga do‘stona odil sudlov tamoyillarini joriy etish, ularga nisbatan kamsitishning oldini olish, bolalarning oilada yashash va tarbiyalanish, ta’lim, malakali tibbiy yordam olish huquqlarini ta’minlash, bolalar mehnatiga barham berish masalalari muhokama qilindi. Sessiya yakunida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha o‘z mulohaza va takliflarini taqdim qildi.

Aholining 40 foizini bolalar tashkil etgan O‘zbekiston uchun bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega. Shuning uchun bola huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) lavozimi tashkil etildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining “Bolalar manfaatlari ularga tegishli barcha qarorlar qabul qilish jarayonida doimo e’tiborga olinishi lozim” degan tamoyili kiritilmoqda.

Bundan tashqari, yurtimizda Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, “Zamin” xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan Butunjahon bolalar kuniga bag‘ishlab 2020 yil 19 noyabrda “Bolalarning ta’lim olish huquqlari: pandemiya davrida dolzarblik, uzluksizlik va innovatsiyalar” mavzusida, 2021 yil 19 noyabrda “Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun inklyuzivlikni ta’minlash” mavzusida xalqaro forumlar o‘tkazildi. Joriy yilning 17 noyabridagi forum esa “Bolalarning sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash” mavzusiga bag‘ishlandi.

So‘ngi yillarda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishlari inson huquqlariga, jumladan, bola huquqlariga bevosita va bilvosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Harorat, havo, suv sifati va ovqatlanishdagi o‘zgarishlar bolalar salomatligi, rivojlanishi va farovonligiga jiddiy va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni xal qilish nafaqat mamlakatlar, balki butun xalqaro hamjamiyat diqqat markazidan o‘rin olgan. Jumladan, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining “Iqlim o‘zgarishlari sharoitida bola huquqlari va atrof-muhit”ga oid 26-umumiy sharhi loyihasini tayyorlashga kirishilgan. Qolaversa, O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning sog‘lom atrof-muhitga nisbatan bolalar huquqini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalarini alohida ta’kidlash mumkin.

Xulosa qilib aytganda, yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularni har jihatdan yetuk, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli, ma’nan barkamol ulg‘ayishi uchun xalqaro va milliy miqyosda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Binobarin, yurtimizning navqiron egalari, kelajak bunyodkorlariga zarur imkoniyatlar yaratish hamda mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga samarali hissa qo‘shish hamisha jamiyat va davlatning birinchi darajali vazifasi bo‘lib qolishi lozim.

 

Husniddin Xolmamatov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi

 tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech