O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING FRANSIYAGA RASMIY TASHRIFI MUNOSABATLARNI YANADA RIVOJLANTIRISH UCHUN KENG IMKONIYATLAR ESHIKLARINI OCHADI

Shu yilning 21-22 noyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrif davomida Parij shaxrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, davlatimiz raxbari Fransiya Milliy yig‘ini raxbariyati bilan parlamentlararo munosabatlarni yanada jadallashtirish masalalarini muxokama etdi. Fransuz tadbirkorlari va banklari raxbarlari bilan muloqotda ularni O‘zbekistonda biznes qilishga chaqirdi. Parijda bo‘lib o‘tgan ikki kunlik tashrif davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali xamkorlikni yanada kengaytirish, ma’naviy-marifiy, madaniyat, muzeylar, savdo-iqtisodiy, ta’lim, axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida sheriklikni kengaytirish bo‘yicha bir kator muxim kelishuvlarga erishildi. Aloxida e’tibor “yashil iqtisodiyot”, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish soxalariga qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Parijda o‘tkazgan samarali muzokaralari natijalariga xorijiy ekspertlar, xalqaro tahlil doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari o‘z munosabatini bildirmoqda.

Andris AMERIKS,

Yevroparlamentning Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisining o‘rinbosari:

— O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi yorqin kelajakka qaratilgan yaqin xamkorlikni yuksak qadrlayman. O‘zbekiston Prezidentining Yevropa Ittifoqi davlatlariga xar bir tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi ekanini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida ishonchli va sodiq ittifoqchi xisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga buyurgan rasmiy tashrifi muhim ahamiyatga ega bo‘lgani holda istiqboldagi o‘zaro hamkorlik uchun yanada keng imkoniyatlar eshiklarini ochadi.

Men Yevroparlament va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalar bo‘yicha delegatsiya raisining o‘rinbosari sifatida O‘zbekiston va YeI mamlakatlari rahbarlari o‘rtasidagi har bir muloqotni mamnuniyat bilan qabul qilaman va munosabatlarimiz yanada rivojlanishiga chin dildan ishonaman.

Mahmud Ansor BHATTI,

«Islmabad Post» gazetasi, «Centreline» jurnali va «Diplomatic News Agency» agentligi bosh muharriri (Pokiston):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirishning yangi harakatlantiruvchi kuchlarini yaratish, sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, milliy iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirish, hududlararo iqtisodiyotni kengaytirishga qaratilgan islohotlar tizimli va uzoq muddatli asosda amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston rahbari faol tashqi siyosat yo‘nalishini izchil davom ettirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida atigi 3 oy ichida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tadbirlar ro‘yxati uning ish jadvali naqadar tig‘iz ekanligini teran tushunish imkonini beradi: Xitoy va Eron rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari, ShHT sammiti, Vengriyaga tashrif, MDHning Sankt-Peterburgdagi rasmiy sammiti, Ostonada MDH davlatlari rahbarlarining uchrashuvi, Markaziy Osiyo va Rossiya rahbarlarining uchrashuvi, Turkmanistonga tashrif, davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi uchrashuvi, Yevropa Ittifoqi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi, TDT sammiti, shuningdek, hamkasblar bilan telefon orqali muloqotlar, xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar...

Mazkur tashriflar va xalqaro forumlarning muvaffaqiyatli natijalari mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyat qanday baho berayotganidan dalolatdir. O‘zbekiston sheriklik jug‘rofiyasini kengaytirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirmokda.

Ishonchim komilki, O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga tashrifi 2018 yildagi avvalgi tashrif chog‘ida o‘rnatilgan konstruktiv muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston uchun Fransiya ham Yevropa Ittifoqi institutlari bilan aloqalarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha Yevropadagi muhim mamlakat. Shu bois ushbu tashrif Fransiya bilan ham, Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mexanizmlarini sarhisob qilish va belgilash imkonini beradi.

O‘tgan yildan buyon O‘zbekiston “GSP+” tizimining benefitsiariga aylandi, uning doirasida alohida imtiyozlar taqdim etiladi. Ushbu maqomga ega bo‘lish nafaqat imkoniyatlarni, balki majburiyatni ham anglatadi — tovarlar yuqori standartlar va Yevropa Ittifoqi qoidalariga mos kelishi kerak.

Fransiya Yevropa Ittifoqining sanoati rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lgani holda O‘zbekistonga Yevropaning yuqori sanoat standartlarini joriy etishda, optimal transport-logistika yo‘laklarini ochishda, jumladan, Transkaspiy multimodal yo‘nalishini rivojlantirish orqali tovarlarni ilgari surish bo‘yicha maqsadli tadbirlarni amalga oshirishda yordam berishi mumkin. Tashrif yakunlari mamlakat milliy ishlab chiqarishi, ta’lim, ilm-fan, sayyohlik va madaniy almashuvlar ravnaqiga ham ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

“Yashil rivojlanish”, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalar, milliy iqtisodiyotni raqamlashtirish, qishloq xo‘jaligida “aqlli” ilmiy yechimlardan foydalanish sohasidagi hamkorlik ham tomonlarni qiziqtiradi.

Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi muloqoti O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Jerri MakDONAX,

Janubiy London Savdo- sanoat palatasining ijrochi direktori (Buyuk Britaniya):

— Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy tashabbuslarini katta e’tibor bilan kuzatmoqda.

So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston iqtisodiy va siyosiy jihatdan ulkan zafarlarga erishdi, so‘nggi yirik xalqaro voqealar sharofati va muvaffaqiyatining natijalari o‘laroq, ko‘p tomonlama hamkorlik uchun chinakam ishonchli platformaga aylandi.

O‘zbekiston Prezidentining ikki tomonlama yo‘nalishdagi faoliyati alohida xurmatga loyiq. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi buning yana bir tasdig‘idir. Kun tartibidagi boshqa masalalar qatorida ikki davlatning ekologik toza texnologiyalarni joriy etish sohasidagi birdamlikni faollashtirish rejalarini, birinchi navbatda, “yashil iqtisodiyot” va xususiy jabha loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi 2025 yilgacha bo‘lgan 1 milliard yevrodan ortiq qiymatga ega qo‘shma hamkorlik dasturini alohida ta’kidlashni istar edim.

Nafaqat Fransiya, balki Britaniya kompaniyalari uchun ham e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir jihat, bu davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida xorijiy tadbirkorlarga taklif etilayotgan investitsiya loyihalaridir. Bu mexanizm O‘zbekistonda bir necha yillardan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda Britaniya kompaniyalari O‘zbekistonda yangi biznes imkoniyatlarini faol o‘rganmoqda. 30 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston — Britaniya Savdo va sanoat kengashining (UBTIC) bo‘lajak yig‘ilishi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi.

Tesudji TANAKA,

Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘rganish ilmiy- tadkikot institutining direktori (Yaponiya):

— Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan ochiqlikni hamda pragmatizm bilan ajralib turadigan faol tashqi siyosatni yuksak baholayman.

Fransiya Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlaridan biri, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lib, bu borada Markaziy Osiyoda muhim davlat hisoblangan O‘zbekistonning ushbu davlat bilan hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning keng qamrovli yo‘nalishida samarali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab beradi. Shu nuqtai nazardan, siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo va sarmoyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha har ikki mamlakatda hali foydalanilmagan salohiyat mavjud ekanligini alohida ta’kidlashni istar edim.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston — Fransiya muzokaralari va oliy darajadagi uchrashuv yakunlari ikki tomonlama siyosiy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga, O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan sherikligini yanada faollashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

«Dunyo» AA.

Powered by GSpeech