NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLAR HUQUQLARINING HIMOYASI nafaqat adolat masalasi, balki jamiyat taraqqiyotiga kiritilgan sarmoya ham hisoblanadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga murojaat yo‘lladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda”.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, bundan 50 yillar avval yer yuzi aholisi 4 milliardni tashkil etgan, 2022 yil 15 noyabrga kelib aholi soni 8 milliardga yetgan. Globallashuv davrida nainki texnika-texnologiya taraqqiyoti, balki aholining o‘sish darajasi ham tezlashayapti. Nogiron va mehnatga layoqatsiz shaxslarning turmush tarzini muqobillashtirishga dunyo miqyosida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas, albatta.

Ma’lumki, BMT tomonidan “1983-1992 yillar — Xalqaro nogironlar o‘n yilligi, deb belgilangan edi. Mazkur o‘n yillik yakunida, ya’ni 1992 yil 14 oktyabrida BMT Bosh Assambleyasining 37-yalpi majlisida qabul qilingan rezolyusiyaga muvofiq, 3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni, deb e’lon  qilindi. Ushbu sana mamlakatimizda ham har yili nishonlanib kelinadi.

Bugungi kunda taqdir taqozosi bilan nogiron, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bo‘lganlar yer yuzi aholisining bir milliardini tashkil etmoqda. Eng achinarlisi, shundan yuz million bolalar o‘zgalar ko‘magiga muhtoj. O‘zbekistonda 760 ming 727 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qilsa, shundan 100 mingdan ortig‘i 16 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Prezidentimiz murojaatida qayd etilganidek, “O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat va davlat tomonidan ko‘mak va yordam berish, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu toifaga mansub fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bir qator tuzilmalar, xususan, O‘zbekiston nogironlar jamiyati, Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati samarali faoliyat ko‘rsatmoqda”.

“Hurriyat” gazetasining 2022 yil 20 sentyabr sonida e’lon qilingan “Yangi O‘zbekiston — har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat va adolatli jamiyatdir” sarlavhali suhbatida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov quyidagi masalalarga e’tiborni qratgani juda muhim:

birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – nogironligi bo‘lgan shaxslarning Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hamda O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq holda, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ta’minlash hisoblanadi;

ikkinchidan, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingani ayni sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘ldi. Bu haqda fikr yuritganda, albatta, keyingi yillarda shiddatli tus olgan amaliy ishlar diqqatga loyiq natijalar berganini qayd etish lozim;

uchinchidan, mamlakatimizda 2020 yil 15 oktyabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun e’lon qilindi. Qonunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish; nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik; insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi; nogironligi bo‘lgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va o‘z individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish; ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi; nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat va davlatning teng huquqli a’zosi ekanligini ta’minlash belgilangan.

Davlatimizda aholining ko‘makka muhtoj toifasiga alohida mehr ko‘rsatish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga imkon va amaldagi qonunlarda belgilangani kabi, davlatning teng huquqli a’zosi ekanligini his qilib yashashlariga sharoit yaratish an’anasi bugun ham davom etayapti.

Xalqaro nogironlar kunini nishonlashdan maqsad mamlaktimiz istiqbolida taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarishda nogironlarning boshqa nogiron bo‘lmagan kishilar bilan teng huquqlilik asosida ishtirok etishini, nogironlarning manfaatlari, huquqlari inobatga olinishini ta’minlash orqali obod va nurafshon jamiyat qurishdan iboratdir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti saytida e’lon qilingan maqolada: “Nogironlik inklyuziyasi inson huquqini, barqaror rivojlanish, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Ushbu masalada 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibi belgilangan. Nogironlar huquqini ro‘yobga chiqarish harakati nafaqat adolat masalasi, balki jamiyat taraqqiyotiga kiritilgan sarmoyadir”, deyiladi.

Xalqimiz mehr-oqibatli. Ko‘makka muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish milliy urf-odatlarimizdan sanaladi. Oriyatni, oqibatni barcha narsadan ustun qo‘ygani bois millatimiz sha’ni xalqaro miqyosda yuksalmoqda. Aytish mumkinki, mehr-oqibat insoniylik ko‘zgusidir.

Jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslar duch keladigan muammolarni bartaraf etish, ularning qadr-qimmati, huquqlarini himoya qilish, turmush sharoitlarini yaxshilash davlatimizning bosh maqsadlaridan biriga aylangan. Binobarin, nogironligi bor insonlarning sog‘ligida muammosi borligi sababli imkoniyatlari bir qadar cheklangan, moddiy sharoiti, turmush darajasi ham qoniqarli emas. Albatta, uzrli shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotida maqsadli yuksalishlarga erishishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari o‘z murojaatida: “Bundan buyon bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish, jamoat transporti, axborot va aloqa vositalarini ishlab chiqarishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan hech bir moneliksiz foydalana olishiga birlamchi ahamiyat qaratiladi”, deb uqtirganlari bejiz emas.

Fikr yuritayotgan inson – tafakkurga ega inson. Eng muhimi, u fikrini so‘zda ifoda etishi bilan yaratilgan boshqa mahluqotlardan ustun turadi. Yaxshi so‘z, yaxshi amal har bir shaxsning qalbiga kelajakka ishonch, yorug‘ kunlar tuyg‘usini baxsh etadi. Yashash uchun kurashga undaydi. Xalqimiz o‘zgalarga ezgulik ulashish ishtiyoqida hayot kechiradi, atrofidagi odamlarga mehr-saxovat ko‘rsatishdan charchamaydi.

Yurtboshimiz nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga qarata aytganlaridek: “sizlar o‘zlaringizni yolg‘iz his etmasligingiz, zarur bilim va kasb-hunarlarni egallab, barcha soha va tarmoqlarda faol ishtirok etishingiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishingiz, madaniy ehtiyojlaringizni ta’minlashingiz uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etamiz”.

 

Yusuf JO‘RAEV,

jurnalist

 

Powered by GSpeech