12 DEKABR — CHINGIZ AYTMATOV
TAVALLUD TOPGAN KUN
“Yurtimizda Chingiz Aytmatov hayoti va ijodini har tomonlama chuqur o‘rganish masalasi ham adabiyotshunos olimlarimizning doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida bu borada jiddiy ilmiy izlanishlar olib borilgani, yirik monografiya va tadqiqotlar e’lon qilingani O‘zbekistonda o‘ziga xos “aytmatovshunoslik maktabi” shakllanganidan dalolat beradi”.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
XX asrning eng buyuk donishmandlaridan biri, betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatovga bag‘ishlangan yodnoma kitobim nashr arafasida turibdi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2018 yil 2 aprelda qabul qilingan “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ta’kidlanganidek, “Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, O‘zbekistonning ulkan do‘sti edi”.
Biz Chingiz To‘raqulovich bilan 1995 yilda tanishgan bo‘lsak, o‘sha paytdan beri qariyb 15 yil davomida qandaydir latif – og‘a-inilar, do‘stlar, qavmdoshlar, hatto o‘zaro fikrdoshlar kabi yaqin va samimiy munosabatlar bilan bog‘langan edik. Men demoqchimanki, bu buyuk shaxsni uzoq vaqt davomida kuzatar ekanman, adib haqida bugungi xotiralarimni yozish uchun yetarli materiallar to‘play oldim.
Kitobimda adibning nihoyatda boy va xilma-xil ijodiy merosi hamda diplomatlik faoliyati haqida so‘z boradi. U asosan ko‘p yillar davomida Chingiz Aytmatov asarlaridan hamda Toshkentda va Moskvada, Parijda va Bryusselda, Sochida atoqli yozuvchi bilan bo‘lib o‘tgan qanchadan-qancha dilkash suhbatlarimiz taassurotlariga bag‘ishlangan.
Qadrli mushtariy! Keling, avvalambor, Chingiz Aytmatov qalamiga mansub – adabiyot olamida va ijtimoiy-siyosiy hayotda voqea bo‘lgan bir necha asarlarning nomlarini eslaylik: “Jamila” (1958), “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Birinchi muallim” (1962), “Alvido, Gulsari” (1966), “Momo yer”, “Oq kema” (1970), “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1996), “Bir Bahoiy bilan uchrashuv” (Chingiz Aytmatovning Fayzulloh Nomdor bilan suhbati, 1998), “Tog‘lar qulaganda”, (“Mangu qayliq, (2006).
Ch.Aytmatovning har bitta asari jahon miqyosida voqea bo‘lar edi. Kitobxonlar ulug‘ adibning asarlarini adolat, haqiqatni kutgandek, uzoq qilingan mulohazalarning natijasi, ko‘zni ochuvchi yangilik, dil rozidek kutardi.
Ch.Aytmatovning asarlari hozirgi zamon ziyolilari uchun, ingliz tilida «must gead» deb nomlanuvchi, ya’ni “albatta o‘qilishi lozim bo‘lgan” intellektual asarlar sirasiga kiradi. U ijtimoiy-siyosiy masalalar, shuningdek, zamonning global muammolari haqida, ziyolilar tushunadigan tilda yozar edi, chunki sobiq Ittifoq davrida bu masalalar qattiq nazorat qilinar, ma’lumot yopiqligi sababli, ularni o‘zgacha bir yo‘sinda taqdim etib ham bo‘lmasdi.
Ch.Aytmatovning qissa va romanlarini jinsi, yoshi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi va hatto badiiy dididan qat’i nazar, deyarli hamma ishtiyoq bilan berilib o‘qiydi. Asarlaridagi qalbni junbushga keltiradigan lirizm hammani o‘ziga jalb etadi, hammani birlashtiradi.
Ch.Aytmatov 1928 yili Qirg‘izistondagi Talas viloyatining Shakar qishlog‘ida birinchilardan bo‘lgan qirg‘iz kommunisti oilasida tavallud topgan. Uning otasi – To‘raqul Aytmatov kommunistik partiyaning rahbar lavozimlarida ishlagan, 1937 yilda qatag‘on qilinib, 1938 yilda otishga hukm etilgan. Chingizning haqiqiy beshafqat hayot bilan ro‘baro‘ kelishi ana o‘sha yilga to‘g‘ri keldi. Uning mehnat faoliyati 9 yoshida boshlandi, 14 yoshida ovul kengashida kotib bo‘lib ishladi, zero bu davr Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri kelgani uchun, katta yoshdagi erkaklarning hammasi frontda edi.
Sakkizinchi sinfni tugatib, u Jambul zootexnikumiga o‘qishga kiradi, uni a’lo baholar bilan tugatgach, 1948 yilda Frunze (hozirgi Bishkek) shahridagi qishloq xo‘jalik institutiga kirish imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilinadi va oliy ta’lim dargohini 1953 yilda tugatadi. Talabalik yillarida u kichik xabarlar, maqola, ocherklar yozib, qirg‘iz tilidagi gazetalarda chop ettiradi. Xususan, 1952 yilda uning “Gazetachi Dzyudo” hikoyasi rus tilida e’lon qilingan. Institutni tugatgach, uch yil mobaynida Chorvachilik ilmiy-tekshirish institutida ishlaydi, ayni paytda ijod qilish va hikoyalarini chop ettirishdan ham to‘xtamaydi.
U 1956 yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi Oliy adabiyot kursida o‘qish uchun Moskvaga keladi va uni 1958 yilda tugatadi. Adabiyot kursini tugatish arafasida uning qirg‘iz tilidan ruschaga tarjima qilingan “Yuzma-yuz” hikoyasi “Oktyabr” jurnalida chop etiladi. Shu yilning o‘zida hikoyalari hamda uning nomini dunyoga mashhur qilgan “Jamila” qissasi “Novыy mir” jurnalida e’lon qilinadi. “Jamila” qissasi qirg‘iz ayolining shaxsiy baxt va ijtimoiy faoliyatga egalik huquqi haqida bo‘lib, asar tez orada dunyoning boshqa ko‘pgina tillariga tarjima etildi.
Adibning “Tog‘ va dasht qissalari” to‘plamiga kirgan “Sarvqomat dilbarim” (1961), “Birinchi muallim” (1962) qissalari ham oddiy qishloq ahli hayotidagi murakkab ruhiy va ijtimoiy qarama-qarshiliklar, turmush bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuvi haqidadir. Ch.Aytmatov 1965 yilgacha asosan qirg‘iz tilida yozgan.
Qirg‘izistonga qaytgach, u “Literaturnыy Kыrgizstan” gazetasining muharriri, 1960-1965 yillarda “Pravda” gazetasining Qirg‘izistondagi maxsus muxbiri bo‘lib ishladi. Ch.Aytmatov 1960-1986 yillarda Qirg‘iziston kinematograflari uyushmasiga raislik qildi. U “Birinchi muallim” (1965), “Yo‘rg‘aning chopishi” (1968), “Men Tiyon Shonman” (1972), “Muhabbat sadosi” (1974), “Oq kema” (1975), “Dengiz bo‘ylab chopayotgan olapar” (1990) filmlari ssenariysini yozgan.
Yozuvchining doimiy diqqat markazida inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabat masalalari turgan. Aytmatovning qahramonlari davrimizning ma’naviy kuchli, muruvvatli, faol kishilaridir. U jahonga novator yozuvchi, psixologik portret ustasi sifatida tanildi.
Ch.Aytmatov 1988-1990 yillarda “Inostrannaya literatura” jurnalining bosh muharriri lavozimida xizmat qildi, 1986-1990 yillarda sobiq SSSRning birinchi Prezidenti M.S.Gorbachyovning Davlat maslahatchisi bo‘lib ishladi.
Ch.Aytmatov 18 yil davomida diplomat lavozimida ham munosib yutuqlarga erishdi. U 1990-1993 yillarda Lyuksemburgda Rossiyaning, Beni-lyuks davlatlarida sobiq Ittifoqning elchisi bo‘lib xizmat qildi. 2008 yilning mart oyiga qadar, o‘n besh yil davomida Qirg‘izistonning Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Fransiya davlatlaridagi elchisi, shuningdek YuNESKO, Yevropa Ittifoqi va NATO tashkilotlari huzuridagi vakili sifatida ish olib bordi.
Shu davrda ham Ch.Aytmatov o‘zining ijodiy faoiyatini izchil davom ettirdi. Xususan, uning “Kassandra tamg‘asi” romani 1994 yilda, “Tog‘lar qulaganda” (“Mangu qayliq”) nomli so‘nggi romani 2006 yilda nashrdan chiqdi.
Ch.Aytmatovning adib, elchi, jamoat arbobi sifatida salohiyati va xizmatlari butun dunyoda tan olindi: u — Sotsialistik Mehnat Qahramoni (1978 yili), Qirg‘iziston Respublikasi Qahramoni (1997), adabiyot bo‘yicha Lenin mukofoti laureati (1963), SSSR Davlat mukofoti laureati (uch marta – 1968, 1977, 1983 yillarda), Viktor Gyugo nomidagi xalqaro madaniyat mukofoti (Fransiya), “Etruriya” adabiyot mukofoti (Italiya), Adabiyot va san’at sohasidagi mukofot (Avstriya), Javoharla’l Neru nomidagi xalqaro mukofot (Hindiston), O‘rta Yer dengizi madaniy tashabbuslar markazi ta’sis etgan xalqaro mukofoti (Italiya), Amerika diniy ekumen fondining “Vijdonga chorlov” mukofoti, F.Ryukkart nomidagi Bavariya mukofoti (Germaniya), A.Men nomidagi va boshqa ko‘plab milliy hamda xalqaro mukofotlar sohibi bo‘ldi.
Ch.Aytmatov “Jahon fani, adabiyoti va san’atida erishgan buyuk yutuqlari” uchun Albert Eynshteyn nomidagi katta Oltin medal, Tokio Sharq falsafasi institutining “Er yuzida tinchlik va taraqqiyot barq urishiga, madaniyat va san’at rivojlanishiga qo‘shgan buyuk xizmatlari uchun” faxriy medali, turkiy mamlakatlar madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Turkiya hukumatining Oliy mukofoti, O‘zbekiston, Vengriya, Polsha, Rossiya singari bir qator davlatlarning orden va medallari bilan taqdirlandi.
Ch.Aytmatov 2008 yilning 10 iyunida Germaniyaning Nyurenberg shahridagi klinikada muolaja olayotganida olamdan o‘tdi va 14 iyunda Bishkek shahri yaqinidagi «Ota-Beyit» tarixiy-memorial majmuasida dafn etildi.
O‘sha ayriliq sanasiga ham 10 yil to‘libdi.Sevimli adibimiz go‘yoki o‘lmagandek, hali ham oramizda yurgandek. Zotan, uning asarlari, ezgu ishlari barhayotligini ta’minlab kelmoqda.
O‘sha olis gurunglarimizda Chingiz og‘aning o‘zi so‘zlab berganidek, bo‘lg‘usi adib buvisining qo‘lida tarbiya topdi, uning hayot haqidagi ilk taassurotlari qirg‘iz xalqining milliy turmush tarzi bilan bog‘liq holda kechdi. U shunday bir muhitda yashadiki, u yerda ertaklar, rivoyat, afsona va asotirlar og‘izdan-og‘izga o‘tib yurardi. Aytmatovlar oilasida qirg‘iz hamda rus tillarida teng gaplashar edilar, bu uning ijodiy faoliyatida ikki tillilikni belgilab berdi. Oila ta’sirida Ch.Aytmatov bolaligidan rus tili va adabiyoti, rus madaniyati bilan juda yaqindan tanishdi.
U umri davomida juda ko‘p adolatsizliklarga ham uchradi. Uning hayotidagi birinchi adolatsizlik — otasining qatag‘on etilishi edi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u qatag‘on tufayli qandaydir mudhish voqea sodir bo‘lganini tushunib yetdi va biron-bir narsani o‘zgartirishga ojizligidan azob chekdi. Inson qalbida hamisha adolatga yashirin bir intilish mavjud bo‘lar ekan. Aftidan, “mana shunga chidab berilsa, keyin hammasi izga tushib, boshqacha bo‘ladi”, degan umidvor fikr yosh Chingizni ham tark etmadi.
“Jamila” qissasidan so‘ng adibning ikkinchi qissasi – “Sarvqomat dilbarim” dunyoga keldi, u ham o‘zining hayotiyligi va haqqoniyligi, iste’dod quvvati jihatidan avvalgi asaridan qolishmaydi. Asar Aytmatovning nosir sifatidagi imkoniyatlarini yanada keng namoyish etdi. Asarning mazmundorligi, fabulaga ishlov berilishi, xarakterlar tavsifi yosh yozuvchining ishonch bilan kuch to‘playotganidan, o‘ziga xos qudratli ovozidan darak berdi.
Ch.Aytmatovning rus tilida yozilgan birinchi asari 1965 yilgi “Alvido, Gulsari!” qissasidir. Asar bosh qahramoni – qirg‘iz dehqoni Tanaboyning taqdiri “qishloq prozasi”ning eng yaxshi qahramonlari taqdiriga aynan o‘xshash, ya’ni tipikdir.
O‘sha vaqtdan buyon Ch.Aytmatov asarlarini o‘qimaslik dunyo bo‘yicha adabiyotdan bexabarlik sifatida baholab kelinadi. Holbuki, nomi butun dunyo tanilganida, Ch.Aytmatov hali qirq yoshga ham to‘lmagan edi.
1970 yilda uning yana bir mashhur asari “Oq kema” dunyoga keldi va qirg‘iz kinematografining peshqadam rejissyori Bo‘lat Shamshiev tomonidan shu nomdagi badiiy film suratga olindi. Mazkur film Ch.Aytmatov asarlari asosida suratga olingan filmlar ichida eng muvaffaqiyatlilaridan biridir.
“Oq kema” asarida yovuzlikka to‘qnash kelgan va baliqqa aylangan qirg‘iz bolakayining ayanchli taqdiri juda jozibador tasvirlangan. Bolakay yolgiz. Qadimgi rivoyatlar bilimdoni, keksayib qolgan buvasi Mo‘min unga ota-onasi o‘rnida. Bolakay bobosidan eshitgan rivoyat va afsonalar mohiyatini ich-ichidan tuygan, voqelikni go‘zal ertakdek qabul qilgan taassurotlari bilan kattalarning shafqatsiz dunyosiga duch keladi. Har qanday rivoyat kabi, “Oq kema” asari ham kitobxon va tomoshabinlarga ruhiy-ma’naviy va estetik saboq beradi.
Shu tariqa XX asrning 70-yillaridayoq Ch.Aytmatov jahon adabiyotida badiiyat ramziga, yanada aniqroq aytganda, adabiy yo‘lboshchiga aylandi. Uning qissa va hikoyalari asosida sahnalashtirilgan tomoshalar ko‘pchilik dunyo teatrlari sahnalaridan o‘rin oldi. Moskvadagi “Bolshoy teatr” repertuaridan uning “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida yaratilgan “Asal” baleti mustahkam joy egalladi.
Adibning birinchi romani — “Asrga tatigulik kun” 1980 yilda dunyo yuzini ko‘rdi. Bu — Aytmatovga xos ulug‘ falsafiy roman edi.
Ch.Aytmatov asarlarini oddiy, jonli, o‘ziga xos bir tilda yozganki, ularni berilib, butun borliqni unutib o‘qiysiz, asar qahramonlari bilan birga qayg‘urasiz. U qirg‘iz xalqi madaniyatini, turmush tarzini juda mukammal tasvirlaydi, nigohini hayotning ichki, sof, mehrli, samimiy qatlariga qaratadi. Shu bois Aytmatov asarlarini o‘qish maroqlidir.
Chingiz og‘a hayotni qanday bo‘lsa shundayligicha, haqqoniy tasvirladi. Oddiy odamlar hayoti, ularning urushga bo‘lgan munosabati haqida yozdi. Uning asarlari shu qadar hikmatga boyki, muxlisni sehrlab qo‘yadi. O‘qiganimizda har gal o‘zimizni u tasvirlagan shamollar og‘ushida uchib yurgandek, u tasavvurimizda yaratgan g‘aroyib olam ichra kezgandek his etamiz.
Chingiz Aytmatov asarlari matni o‘zining mazmundorligi, metaforaga boyligi, insonlarga hamdardligi bilan ajralib turadi. Shuni ta’kidlash joizki, Ch.Aytmatov adabiyot uchun eng qiyin kechgan davrlarda ham hamisha halolligicha qoldi, vijdonini sotmadi va ziyolilar uchun ibrat maktabi bo‘ldi, uning ijodi “totalitarizmga muxolifat” sifatida tanildi.
YuNESKO nashrlarida adib asarlarining jahonshumul muvaffaqiyati, uning butun dunyoda tan olinishi bilan bog‘liq quyidagi xabarlar e’lon qilingan: XXI asr bo‘sag‘asida Ch.Aytmatovning asarlari 168 ta mamlakatda, 165 ta davlat tilida, 67,2 million nusxada, 830 marta nashr etilgan. Bu raqamlar, albatta, kundan-kun ortib bormoqda. Adibning ko‘plab asarlari asosida filmlar yaratildi, ular hozir ham qiziqish bilan tomosha qilinadi.
Ch.Aytmatov tavalludiga 70 yil to‘lishi sanasi YuNESKO tashabbusi bilan butun insoniyatning madaniy-ma’naviy hayotidagi ulkan voqea sifatida nishonlandi. Adibning tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda uning jahon adabiyoti, madaniyati va san’atiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Shu bilan birga, Chingiz og‘aning jahon xalqlari uchun o‘ta zarur bo‘lgan dunyo tinchligini saqlash, barqarorlikni ta’minlash borasida ko‘rsatgan xizmatlari ham alohida ta’kidlandi.
Adibning asarlari insoniyat sivilizatsiyasini mifologik anglashni boshlab bergan XX asr tarix solnomasidan mustahkam o‘rin oldi. Bu borada u ijodiyoti jahoniy miqyosida ahamiyatga ega bo‘lgan Tomas Mann, Frans Kafka, Alber Kamyu, Xulio Kortasar kabi atoqli adiblar safidan joy egalladi. Chingiz Aytmatovni “qirg‘izlarning Tolstoyi”, “qirg‘gizlarning Garsia Markesi” deb ham atashadi.
“Aql-idrok taraqqiyoti ma’rifat olamini ostin-ustun qilib o‘zgartirib yuborganidan sarosimaga tushmaslik kerak, balki bu evrilishlar bilan murosa qila olishimiz lozim. Bu fikrga ko‘nikish kerak. Sarosima o‘tib ketadi. Butun bir madaniyatni o‘zgartirmoq kerak”, — deb yozgan edi Alber Kamyu. Darhaqiqat, madaniyat ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda, faqat biz buni sezmayotgan bo‘lishimiz mumkin. Nimaga hayron bo‘laylik, axir, Nikolay Kopernik va Galileo Galileyning kitoblari ham uch asrdan ziyod vaqt taqiqlanib, bo‘g‘ilib yotdi-ku!
Ch.Aytmatov dunyo miqyosida romanga xos yangicha tafakkurning shakllanishiga e’tibor bilan qaradi. Bunda asosan dunyo halokatini his qilish, VAQT, INSON, TABIAT o‘rtasidagi uchlik munosabatlari o‘ta muhim edi. “Ch.Aytmatov ijodi o‘zida Sharq va G‘arbning badiiy va intellektual birligi (sintezi)ni tashidi”.
Ch.Aytmatovning hajm jihatdan eng katta kitobi bo‘lmish “Qiyomat” 1986 yilda nashrdan chiqdi. Muxlislar kitobni qo‘ldan qo‘ymay o‘qidilar. “Qiyomat” asarida adib o‘z davrida ovoz chiqarib aytish mumkin bo‘lmagan mavzularni ko‘tardi, u Yaratganga ishonch, demakki imon xususida, narkotik moddalar, odamzotga xos bo‘lgan aql bovar qilmas shafqatsizliklar – imonsizlik haqida fikr yuritdi.
Mif — Ch.Aytmatov ijodining ajralmas bir qismi. Mif, rivoyat va afsonalar asar matni tarkibida hozirgi voqelik bilan teng maqomda turadi. Bu — Aytmatov tanlagan badiiy usul. U tabiatan shunday edi, o‘tmishdan saqlanib qolgan sehr va falsafaga kitobxonlarni jalb etishga tashna edi. Zero, miflar — ajdodlarimizning bizga yo‘llagan nomalaridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, shuni aytish lozimki, Ch.Aytmatov asarlarida musiqa, mif va afsona uyg‘unligi mavjud. Ch.Aytmatov asarlaridagi badiiy ohangdoshlik siri, sehri shunda.
“Asrga tatigulik kun” romani adib ijodida sayyoraviy tafakkur tomon burilish yasadi. Bu asar insondagi tanlash imkoniyatlarini izlash, topish, azaliy haqiqat mavzusiga qaytish, madaniyatdagi o‘zgarishlarni idrok qilish yo‘llarini belgilab berdi.
Romanning asosiy qahramoni — kichik temir yo‘l stansiyasida ishlaydigan oddiy qozoq Yedigey. Yedigey va uning atrofidagi insonlar taqdiri, urushdan avvalgi qatag‘onlar, Ikkinchi jahon urushi, undan keyingi og‘ir mehnat fronti, odamlar yashaydigan joy yaqinida qurilgan atom qurolini sinash maydonlari, xuddi tomchida quyosh aks etgandek, mamlakat taqdiriga vobasta ifoda etilgan. Ch.Aytmatovning qissalarida bo‘lgani kabi, “Asrga tatigulik kun” romanida ham tuya obrazi, shuningdek Nayman Ona va uning o‘g‘li — yovuz niyatli kimsalar qilmishi sababli manqurtga aylangan, avlod-ajdodini xotirasidan o‘chirgan, befahm va qahri qattiq bir qattol – Jo‘lomon haqidagi afsona muhim joy egallaydi.
“Asrga tatigulik kun” romani ham butun dunyoda shuhrat qozondi. “Manqurt” tushunchasi inson qiymatini belgilovchi tamg‘a, borliq bilan munosabatni uzgan, yengib bo‘lmas qiyinchiliklar komida qolgan odamning o‘ziga xos ramzi bo‘lib qoldi.
Mening: “Nima deb o‘ylaysiz, bizning o‘ta murakkab zamonda, aynan manqurtlar — robot-odamlar, boshqalar tomonidan majburan bitta maqsadga yo‘naltirilgan odamlar insoniyatning kelajagini belgilashi mumkinmi?”, — deb bergan savolimga Ch.Aytmatov shunday javob bergan edi: “Hamma davrlarda ham bunday xavf bo‘lgan — manqurtlar insoniyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu xavf hozir ham bor. Endilikda insoniyat jamiyati juda mo‘rtlashib qoldi. Globallashuv davrida, har tomonlama bilimga ega bo‘lishga harakat qilinayotgan bir paytda milliy madaniyatlar ko‘p hollarda o‘zligini yo‘qotadi va bu albatta manqurtlikka olib keladi. Barcha milliy madaniyatlar birgalikda olinganda yagona totalitar ommaviy madaniyat qalpog‘i ostiga tushib qolishi ham mumkin. Har qalay, men demokratik tamoyillar bizni taraqqiyot tomon yetaklashi va dahshatli voqealarning kuchayishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid qilaman”.
Ch.Aytmatov ijodining markazida inson va jamiyat muammosi turadi. “Oq kema” asarida u turmush bilan bog‘liq muhim masalalarni ko‘tarib chikdi. U Tabiatni yer yuzidagi barcha tiriklikning onasi ekanligini, Tabiatga qarshi chiqish, unga nisbatan qilingan jinoyat butun insoniyatni halokatga olib kelishi mumkinligini barchaga ma’lum qildi, bu haqda bong urdi. “Insoniyat tabiat ekologiyasidan qalb ekologiyasiga o‘tishga harakat qilishi lozim. Bugungi zamonda din ham o‘z qobig‘ida biqinib qolmasligi, axborotni rivojlantirish sohasida oldinga qadam tashlashi kerak”, degan edi Chingiz og‘a.
“Kassandra tamg‘asi” romanini yozganidan keyin unga kosmopolit-yozuvchi sifatida qarashganini u goh kulib, goh afsus bilan eslardi.
Shuni ham unutmaslik kerakki, dunyodagi global jarayon milliy o‘zlikni belgilash, o‘zini o‘zi anglash, o‘zini identifikatsiyalash bilan dialektik jihatdan bog‘liqdir. Bular birini-biridan ajratib bo‘lmaydigan kategoriyalardir. Ularning munozarasi bugungi kunda tarixni harakatga keltiruvchi kuchga aylandi.
Biz o‘lim muqarrar ekanligini bilamiz. Biroq butun insoniyat halokatga mahkum bo‘lishi mumkinligini XX asrdagina anglab yetdik. Aynan mana shu tuyg‘u — “inson azob chekishining umumiy muvozanati” (Ch.Aytmatov) insonni Iso Masih va Pontiy Pilat munozarasini qayta idrok qilishga majbur etdi. Rivoyat yangicha talqin qilinganini ko‘pchilik avval sezmadi. “Qiyomat” asaridagi Avdiyning ko‘rganlari bilan Gefsiman bog‘ida Xristosning ko‘rganlari bir-biriga o‘xshash – olamshumul, umumhalokatni his qilishiga asoslangan. Zamin xarobaga aylangan, bironta tirik jon yo‘q. “Nahotki shafqatsiz dunyo insonni ham, xuddi chayon o‘zini o‘zi o‘ldirgani kabi, o‘zini o‘zi mahv etishga majburlasa?!”.
Ch.Aytmatov ijodiy tafakkuri va badiiy dahosining o‘ziga xos tomoni shundaki, u biron-bir asarida, adib xoh “Oq kema”, xoh “Asrga tatigulik kun” yo keyingi asarlari bo‘lsin, o‘zining ona yurtini tasvirlash bilangina cheklanib qolmaydi. U qanday mavzu yo masalani ko‘tarmasin, nimani tasvirlamasin, haqiqiy san’atkor va faylasuf sifatida hamisha o‘zining mulohazalari va yaratgan asarlarida ularni umuminsoniy manfaat va muammo darajasida anglashga harakat qiladi. Shu bois Ch.Aytmatov milliy qobiqni yorib chiqib, jahoniy miqyosga yuksaldi. Uning chuqur umumlashmalar va mulohazalarga boy asarlari amerikalikka ham, olmonga ham, yapon va polyak, qozoq va rus kitobxoniga ham bir xil kuch va qudrat bilan ta’sir ko‘rsatadi.
Ch.Aytmatovning 75 yilligi munosabati bilan Moskvadagi «Voskresene» nashriyoti o‘zbek tadqiqotchilari tomonidan tayyorlangan, adibning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Chingiz Aytmatovning mahobatli kemasi” nomli to‘plamni chop etdi. Hajm jihatdan salobatli bu to‘plamdan adibning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy tadqiqotlar, adibning estetik-falsafiy qarashlarini, ko‘p qirrali adabiy qobiliyatini yorituvchi materiallar, shuningdek, XX asr adabiyotida adibning roli va ijodining umuminsoniy ahamiyatini belgilovchi adabiy maqolalar o‘rin olgan.
To‘plam ko‘p sonli bibliografik materiallar, hujjatlar, suratlar, turli tadqiqotlarni o‘zida jamlagan. Zamonamizning ko‘zga ko‘ringan, yirik adibi nomi bilan bog‘liq bilimlar ensiklopediyasini ifodalovchi mazkur to‘plamning nufuzini ortiqcha baholamayapmiz. Uning sahifalaridan Lui Aragon, Daysaku Ikeda, Dmitriy Shostakovich, Federiko Mayor, Aleksandr King nomlari o‘rin olgan. Kitobning qimmati, albatta, uning sahifalaridan o‘rin olgan shaxsan Ch.Aytmatovning publitsistik va nasriy mulohazalari bilan o‘lchanadi.
To‘plamga “Asrga tatigulik kun” romanining tarkibiy qismi bo‘lgan “Chingizxonning oq buluti” qissasi, shuniningdek, “Xudoga qayta yuklangan vazifa...” novellasi ham kiritilgan. “O‘ldir – o‘ldirma...” hikoyasining ham ahamiyati katta. Bu asarlarda ko‘tarilgan muammolar – haqiqatdan ham borliqning buyuk savollari bo‘lib, inson bu savollarga azaldan javob izlaydi.
Aslida, din, e’tiqod, har narsaga qodir idrokni qayta baholash — bular Ch.Aytmatov publitsistikasida yangi mavzular emas. Ayniqsa, adib “Qiyomat” asarida bu mavzularga bevosita yondashadi. Yillar o‘tgan sayin adibning metafizika olamiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borgan, asarlari esa yangi zamonning yanada keskin va jiddiy fikrlovchi kishi- sini iztirobga qo‘yishda davom etgan. Mohiyatan, ko‘p yillar davomida Ch.Aytmatov asarlarining yagona, bosh mavzusi — tinchlik mavzusi edi, u “Hech kimni o‘ldirma!” degan diniy aqidaga qandaydir umumiy va funda- mental ma’no yuklash uchun butun insoniyatning asosiy kuchini bir joyga to‘plashga urindi. Ikkinchi jahon urushining 60 yilligi arafasida chop etilgan “O‘ldir – o‘ldirma...” hikoyasi, ma’lum ma’noda, bu mavzuni rivojlantirishning eng yuksak nuqtasi bo‘ldi.
Ch.Aytmatovning kaminaga so‘zlab berganlariga ko‘ra, 2006 yilda u Germaniyaning yettita shahri bo‘ylab sayohat qilgan, turli davralarda uchrashuvlar o‘tkazgan, ma’ruzalar irod etgan, hatto o‘zining xalqparvarligi bilan adibni lol qoldirgan ibodatxonalarga ham kirgan. Ch.Aytmatovni nemis kitobxonlari ayniqsa hayron qoldirgan. Uning aytishicha, “nemislar meni shu qadar e’tibor bilan tinglardiki, xuddi barcha yozganlarim ularga tegishlidek”. Ehtimol, bu kabi munosabatlar zamini va ularda e’tiborning uyg‘onishi — nemislarning XX asr o‘rtalarida, Ikkinchi jahon urushidan chiqargan saboqlari bilan bog‘liqdir?!
Inson o‘z naslini saqlab qolish uchun uzoq asrlardan beri davom etib kelayotgan odamkushlik illatidan butunlay voz kechishi talab qilinadi. “Chingizxonning oq buluti” qissasining qahramoni bo‘lmish yuzboshi Erden xotiniga qarata: “Biz hali tug‘ilmagan boladan kechishni istamadik”, — deydi. Ular rahnamolarining hujum paytida farzand ko‘rmaslik buyrug‘iga amal qilmadilar. Urushlar, bu hujum va naslni davom ettirishga monelik qiluvchi to‘siq hamdir. Ch.Aytmatovning xotirlashicha, u bolalik paytida oilasining yagona boyligi — sigirini o‘g‘irlaganlarni o‘ldirishga harakat qilgan. Cho‘lda yosh Chingizga eshak mingan bir qariya uchrab: “Hech kimni o‘ldirma... Bu dunyo adolatlidir...”, — deydi. Dunyoning esa adolatsizligi ma’lum bo‘ldi. Biroq, ojizligidan o‘ksinib yig‘layotgan bolaning qalbida nimadir qolganki, u qariyaning so‘zlarini unutmadi.
“Nima uchun asarlaringizda hayvonlar obrazi ko‘p uchraydi?” — deb bergan savolimga Chingiz To‘raqulovich: “Bu endi mening tabiatim, olamni idrok etish tarzim. Men insonni Yaratganning boshqa jonzotlaridan ayr tasvirlamayman. Bu uslubim asarni butlashga va kamini to‘ldirishga yordam beradi, unga mazmun bag‘ishlaydi. “Kassandra tamg‘asi”dagi Kreml boyqushini o‘zim ham juda yaxshi ko‘raman. Ehtimol, o‘sha qush hozir ham Kreml minoralarida yashab, kim qaysi vaqtda kelayotganini kuzatib o‘tirgandir. Uning asardagi ishtiroki voqeani an’anaviy tavsiflab berishdan ko‘ra kuchliroq... Inson — aqli bor zot, u yaratishi ham mumkin va vayron qilishi ham, yaxshilik keltirishi va zulm o‘tkazishi ham mumkin. Hayvonlarning esa harakati cheklangan. Ular insonga qaram bo‘lib qolgan. Inson o‘ziga mute jonzotlarga nisbatan o‘zini qanday tutishi lozimligini anglashi uchun ham men ularni asarga kiritaman”, — deb aytgan edi.
“Tog‘lar qulaganda” romanining ham mavzusi dolzarb: globallashuv, shou-biznes, tog‘ qoplonlarini tijorat maqsadida ovlash, tungi klublar... “78 yoshda bularning hammasini qaerdan bilasiz?”— deb so‘raganimda, adib shunday javob bergandi: “Men tirik jonman, davrning tomir urishini, to‘xtab-to‘xtab nafas olishini imkon qadar his qilishga harakat qilaman, davr haqda qayg‘uraman va bilganlarimni yozgim, kechinmalarimni ifodalagim keladi. Globallashuv davri boshlanishi bilan ko‘p narsa o‘zgardi. Shu bois mening romanimdagi mashhur opera qo‘shiqchisi shou-biznesning qurboni bo‘ladi. U restoranlarda yurib, opera teatrida oladigan maoshidan ko‘ra yuz barobar ko‘proq pul topadi. Va bu faqatgina operaning muammolari emas, balki butun madaniyat olamidagi bo‘hronlardan darak beradi”.
Ch.Aytmatov “Mangu qayliq” romanida yana faylasuf sifatida namoyon bo‘ldi. Romanning asosiy qahramonlaridan biri — tog‘ qoplonining takdiri, asarning boshqa qahramoni — jurnalist Arsen Samanchin bilan chambarchas bog‘liq. Roman — muhabbat, yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi kurash haqida. Zotan, ulug‘ adib: “agar men nimadir yoza olsam, hamisha inson dunyoda yolg‘iz emasligi, uning yon-atrofida boshqa jonzotlar ham yashashi va inson ular uchun, umuman Yerda kechayotgan voqealar uchun mas’ulligi haqida yozaman”, — deya e’tirof etgandi.
Chingiz To‘raqulovich olam fuqarosi bo‘lib, uning chuqur badiiy-falsafiy qarashlari, qahramonlarining hayotga bo‘lgan muhabbati cheksiz edi. U o‘z ijodida jahon adabiyotining xalq hayoti bilan bog‘liq yo‘nalishlarini tadqiq etdi. Chingiz og‘a Sharqning chuqur falsafasi va Yevropa adabiyotining eng sara an’analarini o‘zi asarlarida mujassamlashtirdi. Shu ma’noda u — muhtasham Yevroosiyo makoni adabiyotining eng ulkan namoyandasi hamdir.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari ilgari surayotgan kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish g‘oyasi kishidan chinakam ma’naviyatli va ma’rifatli bo‘lishni talab qiladi. Shuning uchun ham bugun kitobga ehtiyojimiz, kitobxonlikka esa e’tiborimiz kuchli. Eng muhimi, Prezidentimiz bu sohada ham barchamizga amalda o‘rnak va namuna bo‘lmoqda. Xususan, mamlakatimiz rahbari o‘zining ilk xorijiy tashrifini Turmanistonga uyushtirgan va o‘shanda Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining she’riy saylanmasini tuhfa etgandi.
Bu ma’rifiy an’ana keyingi oliy darajadagi tashriflar doirasida ham davom etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga – I.Saviskiy nomidagi davlat san’at muzeyining dunyo san’at ixlosmandlari e’tiborini qozongan bebaho eksponatlariga bag‘ishlangan “Sahrodagi Luvr” albom-kitobi sovg‘a qilingan bo‘lsa, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga o‘zining qalamiga mansub “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida” nomli kitobining o‘zbekcha nashri, shuningdek, Nursulton Nazarboevga Qozog‘iston Prezidentining o‘zbek tilida chop etilgan “XXI asr bo‘sag‘asida” kitobi taqdim etildi.
O‘z navbatida, Prezidentimiz 2017 yil sentyabr oyining boshida Qirg‘iziston Respublikasiga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi chog‘ida Prezident Almazbek Atamboevga ham kitob sovg‘a qildi. Bu – ulug‘ qirg‘iz adibi va mashhur jamoat arbobi Chingiz Aytmatovning “Tanlangan asarlar” nashridir.
Kitobga mamlakatimiz rahbari “O‘zbek xalqining ulkan va ardoqli do‘sti” nomli kirish so‘zi yozgan. Unda, xususan, shunday samimiy fikrlar bor: “O‘zbekistonda bu ulug‘ ijodkorning kitoblari kirib bormagan biror xonadonni, uning go‘zal qissa va romanlarini o‘qimagan, ular asosida yaratilgan kinofilmlarni tomosha qilmagan biron-bir kishini topish qiyin, desak, adashmagan bo‘lamiz. U nafaqat qirg‘iz xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va suyukli siymo, desak, bu ham ayni haqiqatdir”.
Chindan ham, biz ulug‘ qirg‘iz adibining aksariyat asarlarini o‘z ona tilimizda anchadan buyon va qayta-qayta mutolaa qilib kelmoqdamiz. Bu bejiz emas. Zero, shunday asarlar borki, ularni yana va yana mutolaa qilging, adib gavdalantirgan qahramonlar bilan eski qadrdon do‘sting bilan uchrashgandek quvochni his etging, kamtar va sofdil qo‘shning kabi o‘sha oddiy odamlarning o‘zingga tanish ko‘ringan ham maroqli, ham iztirobli turmushi olamiga sho‘ng‘iging keladi.
XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan hisoblangan buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning qissa va romanlari ana shunday kitoblar sirasiga kiradi. Shu o‘rinda faqat keyingi 3-4 yilning ichidagina mamlakatimiz nashriyotlarida adibning o‘nlab kitoblari chop etilgani diqqatni tortadi. Misol uchun, 2014 yili – “Qulayotgan tog‘lar”, “Qiyomat”, “Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar”, “Erta qaytgan turnalar”, 2015 yili – “Jamila”, “Yuzma-yuz”, “Oq kema”, 2016 yili – “Asrni qaritgan kun”, “Tanlangan asarlar” nomli kitoblari nashrdan chiqdi.
Ayniqsa, 2015 yilda yozuvchining olti jildlik “To‘la asarlar to‘plami” nashr etilgani o‘zbek kitobxonlari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Bu asarlarni tarjima qilishda Asil Rashidov, Ibrohim G‘afurov, Suyun Qoraev kabi yetakchi tarjimonlarning yuksak mahorati va fidoyilarcha ijodiy mehnati tahsinga loyiqdir.
Xulosa qilib aytganda, F.Shelling ta’kidlaganidek, Ch.Aytmatov “zamon va olamni qalbiga sigdirish salohiyatiga ega bo‘lgan” insonlar sirasidandir. Aynan shuning uchun ham u ko‘pchilikdan o‘zib, g‘oyalar ifodachisi sifatida tanildi va faqat o‘zibgina ketmasdan, balki o‘z davrining yo‘qotishlari, yutuqlarini ham belgilab bera oldi. Ishonchim komilki, yillar o‘tgani sari Chingiz Aytmatov asarlari butun jahon adabiyotida yanada ko‘proq ahamiyat kasb etib boradi, ulug‘ adibning nomi, xuddi yulduzlar joyida qoim turganidek, yanada yangicha jilolanaveradi. Uning qutlug‘ nomi buyuk adib, faylasuf va insonparvar zot sifatida mangulikka doxilligicha qoladi.
Akmal Saidov,
Akademik
Izoh: Ushbu maqola akademik Akmal Saidovning 2019 yili nashrdan chiqqan “Chingiz Aytmatov fenomeni” nomli kitobiga bitilgan so‘zboshi asosida tayyorlandi. Kitob “Muharrir nashriyoti” tomonidan rus tilida chop etilgan.
Unda mumtoz adibning ijodiy merosi va diplomatik faoliyati haqida so‘z boradi. Muallif Chingiz Aytmatov asarlaridan xabardorligi, shuningdek, ko‘p yillar davomida Toshkent va Moskva, Parij va Bryussel shaharlarida yozuvchi bilan shaxsan bo‘lib o‘tgan suhbatlari asosida tug‘ilgan boy taassurotlari va fikr-mulohazalarini qog‘ozga tushirgan.
- Qo'shildi: 12.12.2022
- Ko'rishlar: 5742
- Chop etish