Husnixat go‘zalligi – qalb go‘zalligidan dalolat

23 yanvar – Dastxat kuni

 

         XXI asr – shiddat bilan globallashayotgan dunyo, jadal axborotlashayotgan jamiyat va hayotimizdan chuqur o‘rin olayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davrida nimaki yozadigan bo‘lsak, qo‘l telefoni, smartfon, noutbuk va kompyuterlarning qulay imkoniyatlaridan unumli foydalanishga nihoyatda o‘rganib qoldik. Bu boradagi ko‘nikmalarimiz shunday darajaga yetdiki, endilikda hatto “dastxat” so‘zi nimani anglatishi ham esimizdan chiqib bormoqda.

         Dastxat (inglizcha: handwriting) – shaxsning  o‘z  qo‘li  bilan  yozgan  yozuvi, asl qo‘lyozma degan keng ma’nolarga ega. Ammo, bugungi kunda ko‘pchiligimiz ushbu so‘zni asosan “muallif imzosi” ma’nosida tushunamiz va qo‘llaymiz.

Har bir inson – noyob  dastxat  egasidir. Shu ma’noda, butun dunyoda “Dastxat kuni” nishonlanishining eng muhim sababi barchamizga o‘zimizning ana shu betakror qobiliyatimizni amalda qo‘llab turish zarurligini eslatishdir.

Bu o‘ziga xos bayram Yozuv ashyolarini ishlab chiqarish  assotsiatsiyasi (Writing Instrument Manufacturers Association, WIMA) tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Darvoqe, xuddi shu sanada, ya’ni 1737 yil 23 yanvarda tavallud topgan amerikalik atoqli davlat arbobi Jon Xenkok AQSh Mustaqillik deklaratsiyasiga birinchi bo‘lib o‘z dastxatini bitgan.

Har bir dastxat zamirida uni bitgan inson mansub millat va xalqning yozuv madaniyati an’analari mujassamdir. Yozuv – kishilik  jamiyati madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonida erishilgan eng asosiy samaralardan biridir.

Dastxat va til o‘rtasida uzviy bog‘liqlik ham, muayyan farqlar ham bor. Xususan, tovush tili – og‘zaki nutq bundan 400-500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan bo‘lsa, yozuvning tug‘ilganiga 4-5 ming yillar bo‘lgan, demakki yozuv tildan ancha keyin yaratilgan.

Gap shundaki, og‘zaki nutq zamon va makon nuqtai nazaridan cheklangandir. Insoniyat tovushning uzoq masofalargacha yetib bormasligi va muayyan vaqtga qadar saqlanib turmasligi muammosini bartaraf etish uchun izlanishlar olib borishi tufayli daho kashfiyotni qo‘lga kiritgan – avval belgilar, so‘ng harflardan iborat yozuvni ixtiro etgan.

Olis tarixda xalqlarning davlat sifatida birlashuvi nutqiy aloqa doirasini kengaytirgan: ishlab chiqarish va savdo hajmi ortgan, turli xalqlar va davlatlar bilan harbiy, siyosiy va boshqa sohalarda shartnomalar tuzishga o‘tilgan; qonunlar paydo bo‘lgan va mustahkamlangan; diniy qarashlar va mafkuraning turfa ko‘rinishlari shakllangan;  xalqlarning o‘z tarixini bilishga ehtiyoji kuchayib borgan. Bularning barchasini faqat og‘zaki nutq vositasida amalga oshirish mumkin bo‘lmagan va ana shunday dolzarb bir tarixiy sharoitda yozuv tom ma’noda zaruriyatga aylangan.

Ayniqsa, insoniyat qo‘lga kiritgan tajriba va bilimlarni saqlash hamda avlodlarga yetkazishda yozuvning ahamiyati beqiyos. Qanchadan-qancha kashfiyotlar, so‘z san’ati durdonalari va o‘ta qimmatli ma’lumotlar avlodlardan-avlodlarga aynan yozuv orqali yetib kelayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Tabiiyki, inson aqli yozuvday mukammal aloqa vositasini kashf qilguncha uzoq izlangan. O‘z navbatida,  yozuv bugungi shaklini olgunga  qadar  olis va  murakkab  tadrijiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Bunda rasmli yozuv – piktografiya, soha mutaxassislarining fikricha, yozuv yaratish  yo‘lidagi  birinchi  qadam  bo‘lgan.

Shuning uchun ham, dunyo tillarining aksariyatida uchraydigan «yozmoq» ma’nosidagi so‘zlar etimologiyasida asosiy mazmun rasm chizish  jarayoni  bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Jumladan, qadimgi turkiy tillarda «yozmoq» tushunchasi «bit(i)moq» fe’li («bitik» — yozuv, kitob) bilan ifodalangan. Bu fe’lning o‘zagi xitoycha  «bi»  (mo‘yqalam)  so‘ziga borib taqaladi va dastlabki  ma’nosi «o‘ymoq,  o‘yib  bezamoq»,  undan  keyin «yozmoq»  demakdir.

 Haqiqiy  ma’nodagi yozuv tizimlari dastlab Qadimgi Sharqda vujudga kelgan. Xususan, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari, jumladan, o‘zbek xalqi turli yozuvlardan foydalangan. Bular – avesto, pahlaviy, o‘rxun-yenisey  (runik), turkiy (uyg‘ur), so‘g‘d, arab, kirill, lotin yozuvlaridir. 

Alifbo – yozuvning asosini tashkil etadi. Tinish belgilari va  boshqa yozma belgilar ham yozuvning unsurlari hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, yuksak takomillashtirilgan  alifbodagi bir harf muayyan bir tovushni ifodalashi, bir tovush muayyan bir harf bilan ifodalanishi lozim. Ammo dunyoda bunday tugal alifbo yo‘q.

Ana shunday  ma’nodagi  alifboga fin alifbosi birmuncha yaqinlashadi, lekin baribir u ham to‘liq emas. Hatto hozirgi ingliz, fransuz va boshqa tillar alifbolari bunday mukammallikdan yiroq. Bu holat dunyo tillarining barchasida xilma-xil va juda ko‘plab yozuv va imlo qoidalarining ishlab chiqilishiga sabab bo‘lgan.

Avvalo, dunyodagi hozirda mavjud alifbolarning deyarli  hammasi ham mustaqil va tegishli til xususiyatlarini to‘liq hisobga olgan  holda  yaratilgan emas. Ko‘pchilik xalqlar boshqa til yozuvini o‘z tillariga imkoniyat darajasida  moslashtirish yo‘li bilan o‘z yozuvlarini yaratgan.

O‘z navbatida, odamlar til xususiyatlariga yanada moslashtirish uchun yozuvga turli o‘zgartirishlar kiritadi, ayni sohada islohotlar qiladi, bir yozuv tizimini boshqasi bilan almashtiradi. Bu haqda so‘z borganda, xalqimiz asrlar davomida arab alifbosidan foydalanib  kelgani, 1923-1926 yillarda ushbu yozuvni o‘zbek tili tovush qurilishini to‘laroq ifodalashga moslashtirish maqsadida bir qator harfiy o‘zgartirishlar  kiritilganini qayd etish lozim.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda 1929 yildan lotin yozuvi asosidagi  o‘zbek  alifbosiga  o‘tilgan, 1940 yildan esa yurtimizda kirill  yozuvi  joriy etilgan. Xalqimiz mustaqillikka erishgach, O‘zbekiston parlamenti 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilgan va keyingi davrda bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilgan qonunga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish jarayonlari davom etmoqda.

 Shuni alohida ta’kidlash joizki, dunyodagi alifbolarning hammasida ham harflar soni tegishli tildagi tovushlar (fonemalar) soniga nisbatan kamdir. Bu hol, albatta, yozuvni o‘zlashtirishni  osonlashtiradi. Shuning uchun alifbolardagi asosiy tamoyil – undagi harflar sonini  ko‘paytirish  emas.

Aristotel insonning dastxati va dunyoqarashi o‘rtasida bog‘liqlik borligini qayd etgan. Binobarin, necha ming yillik yozuv tarixi taraqqiyoti davomida, jumladan, dastxati orqali ham insonning fe’lini bilishga harakat qilib kelingan. Zero, dastxatlar – o‘z sohiblarining mijozi va tabiati, bilimi va dunyoqarashi, didi va ta’bi darakchilari hamdir.

Bu o‘rinda fransiyalik abbat Jan Ippolit Mishoner «grafologiya» atamasini 1875 yili ilk bor qo‘llaganini va ayni shu tushuncha insonning dastxati asosida ruhiy olamini tadqiq etishga oid bilimlar sohasini ifoda etishiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman. Qolaversa, o‘sha davrlarda grafologiya nazariyasini  yaratishda nemis faylasufi va ruhshunosi Lyudvig Klages ulkan hissa qo‘shgan.

Atoqli tarjimashunos olim G‘aybulloh as-Salom ta’biri bilan aytganda, “Birovga xat yozish botiniy ruhiy ehtiyojdan tug‘iladi. Bu judayam o‘ziga xos dil izhoridir. Maktubnavislik o‘zi bir san’at. Insho, munshaot ham ijod. Abdurahmon Jomiy hamda Alisher Navoylarning bir-birlariga va boshqa buyuk insonlarga yozgan maktublari nihoyatda nozik va zarif, nuktadonlik va mehribonlik tuyg‘ulari bilan sug‘orilgan. Biz bu singari hazrati insonlardan ular yozib qoldirgan nafis, go‘zal badiiy asarlari uchungina emas, balki bir-birlariga yozgan nomai a’mollari, xatlari, bularni jamlab borganlari va maxsus majmua holiga keltirib, biz avlodlarga tuhfa etib qoldirganlari uchun ham toabad minnatdor bo‘lishimiz darkor” (qarang: G‘aybulloh as-Salom, Ne’matulloh Otajon. Jahongashta Boburnoma. – Toshkent, 1996. – B. 264).

Zero, “xat, maktub, noma shunchaki bir shaxsning boshqa bir shaxsga bitgan dil izhorigina emas. Yoki faqat shuning o‘zi emas. Aslida, bu katta, qamrovdor va zalvorli, murakkab va ziddiyatli mushtarak muammodir. Bu ma’noda, olaylik, Alisher Navoiyning "Xamsa"day bir salmoqdor Beshligi ham o‘ziga xos bir "xat". Buyuk Navoiyning dastxati. O‘z xalqiga – dil izhori. O‘z tilida – turkiyda mustaqil, fasih va sahih "xat yozish" mumkinligini isbotlash uchun bunyod etilgan shukuhli adabiy-tarixiy shahodatnomadir” (qarang: O‘sha manba. – B. 267).

Darvoqe, Ustozning o‘zlari ham juda go‘zal dastxat sohibi bo‘lganlar. O‘zbekiston Qahramoni, mohir tarjimon, adabiyotshunos olim va adib Ibrohim G‘afurov ta’kidlaganidek, “G‘aybulla Salomovning juda ko‘p maqolalari, risolalarini qo‘lyozmada o‘qiganman. Hech kim shunday emas. U qo‘lyozmalarini noyob bir husnixat bilan yozardi. Turli rangdor qalam, flomasterlar bilan ularga ishlov berar, sarlavhalar, bosh harflarni alohida qunt va ixlos bilan bezatardi. Uning qo‘lyozmalarini san’at asari kabi tomosha qilib, varaqlab o‘tirishni yaxshi ko‘rardim. Uni olimdan ko‘ra ko‘proq kalligrafga o‘xshatardim. Bu noyob san’at unga qaerdan, tabiatning qay mo‘jizakor yeridan tortiq etilganligi ustida o‘ylardim. Ota-bobolarida bo‘lmasa farzand qo‘lida nodir chiziqlar qaerdan tug‘ilsin?” (qarang: G‘aybulloh as-Salom zamondoshlari xotirasida.T.: «Toshkent islom universiteti» nashriyoti, 2002. – B. 9).

Ibrohim akaning yana bir e’tirofini keltiraman:Ha, G‘aybulla akaning nodir qo‘lyozmalarini tomosha qilib o‘tirar va bu yozuv egasining qalbi ham shunday go‘zal, qo‘li ham shunday suluv ham pokiza bo‘lsa kerak deb o‘ylardim. Husnixat go‘zalligi qalb go‘zalligidan birinchi darak beradi deb grafologiyada o‘qigan edim” (qarang: O‘sha manba. – B. 10).

Nazarimda, olimu adiblar, o‘qituvchiyu o‘quvchilarning husnixat bobida har birimizni hayratga soladigan ana shunday inja yutuqlari endilikda o‘tmishga aylanmoqda. Bunga dastxatlar tarixining yanada jadal takomillashayotgani  bosh sababchidir.

Negaki, muallimning sinf taxtasiga bo‘r bilan mashqlar yozib, o‘quvchilarga saboq o‘rgatishi deyarli urfdan qoldi. Pero, siyoh va siyohdonlarni-ku bugungi avlodlar allaqachon unutgan. Patqalamlar haqidagi gaplar esa hazil yoki afsona o‘rnida qabul qilinadi.

Hozirgi kunda kompyuterlar, elektron pochta va elektron yondaftarlar, SMS va stikerlar to‘plamidan foydalanish darajasi muttasil ortmoqda. Yanada qizig‘i: turli tezkor texnologik muloqot vositalari zamondoshlarimizni o‘z fikrlarini dastxatda bitish imkoniyatidan borho uzoqlashtirmoqda.

Binobarin, yaqin kelajakda dastxatlar, ya’ni “qo‘lda yozilgan” xat yoki tabriknomalar eng noyob, aziz va sevimli sovg‘aga aylanib qolsa, ajab emas.

 

G‘ulom MIRZO

O‘zA

Powered by GSpeech