Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan islohotlar tub mazmun-mohiyati bilan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini taraqqiyotning yangi bosqichi talablaridan kelib chiqib takomillashtirishga qaratilgan. Ushbu dasturilamal hujjatning eng muhim ahamiyati ham shunda.
Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi “Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish” deb nomlangan. Unda, xususan:
- davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish;
- vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.
Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsadida bir qator vazifalar nazarda tutilgan. Ushbu vazifalar ayni vaqtda izchillik bilan bajarilmoqda.
Birinchidan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish haqida so‘z bormoqda. Bu borada, jumladan, hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand aholini kasbga o‘rgatish kabi ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishni nodavlat notijorat tashkilotlarga ochiq tanlov asosida taqdim etish ham bunda muhim o‘rin tutishiga e’tibor qaratilmoqda.
Ikkinchidan, ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunda, avvalo, jamoaviy murojaatlar asosida yangi qurilgan va ta’mirlangan infratuzilma ob’ektlari sifatini tekshirish amaliyotini joriy qilish masalasi alohida diqqat markazida turibdi.
Uchinchidan, jamoatchilik nazoratining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonun qayta ko‘rib chiqilayotir.
To‘rtinchidan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasi yanada kuchaytirilmoqda. Bu muhim maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish tartibini joriy qilish choralari ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish nihoyatda muhim.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasida, jumladan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ijod ahli mehnatidan samarali foydalanish ko‘zda tutilgan. Binobarin, bularning barchasi yurtimizda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.
Harakatlar strategiyasi doirasida ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirilgandi. Taraqqiyot strategiyasida ana shu tashkiliy-huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgani yangi davr talabidir.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 20 yanvarda qabul qilingan «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori bu borada navbatdagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Qarorga muvofiq, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuzilishi belgilandi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining fikricha, jamoatchilik kengashlarini tuzish masalasi birinchi navbatda, demokratik jamiyatning muhim sharti va xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Ikkinchidan, ushbu institut zamon talabi hamda islohotlarning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, joriy etilmoqda. Jamoatchilik kengashlari faoliyatining samarali yo‘lga qo‘yilishi, shubhasiz, o‘zining aniq natijasini berib, tizim faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi” (“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2023 yil 25 yanvar).
Ayni chog‘da, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Taraqqiyot strategiyasining 89-maqsadi “Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash” deb atalgani hamda unda bir qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgani ham katta ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, ommaviy axborot vositalari vakillaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni taqozo etadi. Zero, ijtimoiy mas’uliyat – juda muhim mezon bo‘lib, ommaviy axborot vositalarining, har bir jurnalistning ommaga taqdim etayotgan axborotga nisbatan javobgarligi, axborotning xolis, haqqoniy va ishonchli bo‘lishiga mas’ulligi, shuningdek, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasidagi faolligidir.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 01.02.2023
- Ko'rishlar: 5153
- Chop etish