“Yashil makon” umummilliy loyihasining joriy yil kuzgi mavsumi uchun joylarda ko‘chat ekish ishlari jadal olib borilmoqda.
Xususan, ko‘chatlar parvarishida agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish, sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda. Joylarda ko‘chat ekish ishlarini tashkil yetish uchun hududlarning iqlim va tuproq sharoiti, sug‘orish tizimlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda ko‘chat yetkazib berish va narx-navo barqarorligini ta’minlash choralari ham ko‘rilgan.
Jumladan, Nurafshon shahrida ham “Mahalla yoshlarining ma’naviyat bog‘i”ni tashkil etishga kirishildi. Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazining huquqiy boshqarmalari hamda Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan aksiya doirasida hududida ajratilgan 8,5 gektar yer maydoni nuroniylar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, mahalladagi yoshlar yetakchilari va faol o‘g‘il-qizlar ishtirokida obod etildi.
Aksiya davomida 7 ming tupdan ziyod hududning tuproq iqlim sharoitiga mos nihollar ekildi. Jarayonlarda Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev faol ishtirok etdi.
A.Musayev, O‘zA
- Qo'shildi: 26.11.2024
- Ko'rishlar: 626
- Chop etish