O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida avvalo O'zbekistonda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqurlashtirishning 7 ta ustuvor yo'nalishi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'z yuritdi. Ushbu ustuvor yo'nalishlardan biri majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish hisoblanadi.
Ayni paytda O'zbekiston bolalar mehnati va majburiy mehnatning barcha shakllariga barham berish borasida tashlagan amaliy qadamlar ijobiy samaralarini bermoqda. Bu boradagi yutuqlarimiz xalqaro jamoatchilik tomonidan olamshumul yangilik sifatida baholanmoqda.
Yurtimizda bolalar mehnati hamda majburiy mehnatga barham berish borasidagi tizimli ishlar tufayli yildan-yilga muvaffaqqiyatlarga erishilmoqda. Xususan, 2020 yilda O'zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti bilan birgalikda amalga oshirgan monitoringlar bo'yicha ijobiy xulosa olingach, xorijiy biznes vakillari ishtirokida O'zbekistonda investitsiya muhiti kengaya boshlaganini ko'rish mumkin.
Bu haqda fikr yuritganda, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 mayda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorini alohida ta'kidlash lozim. Chunki mazkur qaror asosida majburiy mehnatga nisbatan javobgarlik tubdan kuchaytirildi.
12 iyun` – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni dunyoning boshqa mamlakatlari qatori O'zbekistonda ham har yili nishonlanadi. Ushbu kunni belgilash g'oyasi 1997 yil Amsterdam va Osloda bo'lib o'tgan konferentsiyalar qarorlari negizida tug'ilgan.
So'ngra 2002 yili Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan mazkur sana, ya'ni 12 iyun – Bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb rasman e'lon qilingan. Ushbu tadbirlar bolalar mehnatini bartaraf etish uchun global sa'y-harakatlarni amalga oshirish zaruligiga jamoatchilik e'tiborini qaratdi.
XMT tomonidan majburiy mehnatga jalb qilingan bolalar 3 toifaga ajratilgan:
birinchi toifa – bolalar mehnatining eng yomon shakllari xalqaro miqyosda qullik, bolalar savdosi, qullik mehnati va majburiy mehnatning boshqa shakllari, bolalarni qurolli to'qnashuvlarda, fohishabozlik va pornografiya maqsadlarida, shuningdek boshqa noqonuniy faoliyatda ishlatish uchun majburiy ishga olish;
ikkinchi toifa – ushbu turdagi ishlar uchun belgilangan eng kam yoshga to'lmagan bola (milliy qonunchilikka va qabul qilingan xalqaro normalar asosida) tomonidan bajariladigan mehnat shu tariqa bolaning ta'lim olishiga va uning har tomonlama rivojlanishiga to'sqinlik qilishi mumkin;
uchinchi toifa – bolaning jismoniy, aqliy yoki axloqiy farovonligini va rivojlanishini xavf ostiga qo'yadigan ish yoki uning xarakteri tufayli yoki u amalga oshiriladigan sharoitlar tufayli “xavfli va zararli ish” deb nomlanadi.
Bolalar mehnati muammolarini hal qilishda jamoatchilikni xabardor qilish hamda safarbar etish maqsadida shu kunga qadar dunyoning ko'plab mamlakatlarida davlat va nodavlat tashkilotlar hamda muassasalar tomonidan turli tadbirlar o'tkaziladi. Rasmlar ko'rgazmalari, yangi saytlar taqdimotlari, ommaviy aktsiyalar, sport musobaqalari, bolalar bayramlari, spektakllar shular jumlasidandir.
So'nggi yillarda O'zbekistonda ham bolalar mehnatiga qarshi kurashish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi sa'y-harakatlari bilan O'zbekistonda bolalar mehnatiga to'liq barham berildi.
XMT bilan faol hamkorlik natijasida mazkur xalqaro tashkilotning “Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 182-konventsiyasi ratifikatsiya qilingan.
2017 yil 4 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta'minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo'l qo'ymaslik bo'yicha ushbu yo'nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi.
Shuningdek, ko'rilgan chora-tadbirlar bolalar mehnatiga to'liq barham berish hamda majburiy mehnatning oldini olish va bunga yo'l qo'ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi. Bu, o'z navbatida, jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va Yevroparlament tomonidan yuqori baholandi.
Shu bilan birga, so'nggi paytda barcha darajadagi hokimlar tomonidan ta'lim, sog'liqni saqlash sohalari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini hududlarni obodonlashtirish hamda qishloq xo'jaligidagi turli ishlarga majburiy jalb qilish shaklida mehnat qonunchiligi normalarini buzish bilan bog'liq ayrim holatlar kuzatilmoqda. Bunda mansabdor shaxslarning xizmat mavqeini suiiste'mol holatlari ham uchramoqda.
Shuning uchun so'nggi yillarda bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Jumladan, 2019 yil 28 avgustdagi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga ko'ra Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasiga kiritilgan o'zgartirishlarga muvofiq, endilikda mehnatga biron-bir shaklda majburlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 30 baravarigacha, agar bir yil ichida bu hol qayta sodir etilsa, 30 baravardan 100 baravargacha jarima solinishi belgilandi. Shuningdek, og'ir sharoitlarda mehnat qilish taqiqini takroran buzganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik ko'zda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari Jenevadagi chiqishida "Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili" deb e'lon qilingan joriy yilda O'zbekistonda Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishiga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratgani shuni anglatadiki, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berishda qonun asosida kutilgan maqbul natijalarga erishamiz.
Bu juda muhim. Chunki xalqimiz qadr-qimmati, inson manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari katta ahamiyat kasb etadi.
Lobar Ro'ziqulova,
Markazning Tahririyat-nashriyot bo'limi
yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 26.02.2021
- Ko'rishlar: 4255
- Chop etish