Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun barcha eshiklar ochiq

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi xotin-qizlarning o‘z ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli, hayotdagi orzu-umidlari, murakkabliklar va istiqbollarini idrok etishiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazdi.

So‘rovda turli yosh toifalari, ta’lim darajasi, bandlik sohalari va ijtimoiy guruhlarni ifoda etuvchi 18 va undan katta yoshdagi xotin-qizlar qatnashdi. Tadqiqotning Markaz mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan standartlashtirilgan miqdoriy savolnoma yordamida o‘tkazilishi ob’ektiv va reprezentativ ma’lumotlarni olish imkonini berdi.  

Tadqiqot zamonaviy xotin-qizlar uchun dolzarb bo‘lgan mavzularning keng ko‘lamini qamrab oldi. Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va mamlakatda gender tenglikni ta’minlash istiqbollari, xotin-qizlarning mehnat va martabada o‘sishga munosabati, daromadlar va oilaviy hayotdan ayollarning qoniqish darajasi, shuningdek, davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning foydalanish imkoni mavjud mexanizmlaridan xabardorlik darajasi hamda yaqin istiqbolda xotin-qizlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga oid takliflar shular jumlasidandir.  

So‘rovda olingan natijalar xotin-qizlarning intilishlari olamiga nazar tashlash, uni chuqurroq anglash va zamonaviy O‘zbekiston xotin-qizlarining o‘y-xayollaridan boxabar bo‘lish imkonini beradi. Olingan ma’lumotlar xotin-qizlarning imkoniyatini kengaytirish va hayot sifatini oshirish, ularning shaxsiy va kasbiy kamoloti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan samarali ijtimoiy, iqtisodiy va gender siyosatini shakllantirish uchun alohida ahamiyatga ega.  

Mamlakatimizda xotin-qizlarning holatini yaxshilash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlari O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda alohida o‘rin tutadi. 42 va 58-moddalar xotin-qizlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, ular uchun munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida teng imkoniyatlarni ta’minlashni nazarda tutadi.  

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, gender tenglik va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishni ta’minlash siyosatini davom ettirish yo‘li bilan rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning ulushini 30 foizgacha ko‘paytirish masalalari faol ilgari surilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.  

O‘zbekiston xotin-qizlarning ahvolini yaxshilash yo‘lida salmoqli yutuqlarga erishdi, buning natijasi o‘laroq, mamlakatimiz, jumladan, dunyoning 190 ta davlatidagi xotin-qizlarning ahvolini mehnat munosabatlari va oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish kabi o‘nta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha baholagan “Xotin-qizlar, biznes va qonun 2024” indeksida eng yuqori ball to‘plagan davlatlarning birinchi beshtaligi qatoridan joy oldi.  

So‘nggi yillarda islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani “mehnatga haq to‘lash“ va «nikoh» deb atalmish ikki muhim jihatga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Mazkur o‘zgarishlar mamlakat reytingini 11,9 ballga yaxshilash imkonini berdi, O‘zbekiston belgilangan 100 balldan 82,5 ball to‘pladi. Ta’kidlash joizki, jahondagi yetakchi davlatlarning ko‘rsatkichlari bilan taqqoslasa bo‘ladigan ushbu yutuq orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yaxshi mamlakatlar orasida ham ajralib turadi.  

Islohotlarning asosiy jihatlaridan biri teng qiymatdagi mehnat uchun xotin-qizlarga erkaklar bilan teng haq to‘lashni kafolatlovchi normalarning qabul qilinishi bo‘ldi. Bundan tashqari, xotin-qizlarning ayrim tarmoqlarga ishga kirishi bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishi natijasida ularning kasbiy o‘sishi va martabaviy yuksalishi uchun yangi imkoniyatlar ochildi.  

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yildi, Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga xotin-qizlarni jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi va endilikda bunday jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.  

2022-2026 yillarda mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlar faolligini oshirish milliy dasturiga muvofiq, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning mamlakat va jamiyat hayotidagi rolini oshirish, salomatligini muhofaza qilish, kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, muhtoj xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.  

Xotin-qizlar masalasiga bag‘ishlangan sotsiologik tadqiqotlar, jamoatchilik fikri so‘rovlari jamiyatning asl mohiyatini, unda yuz berayotgan o‘zgarishlar, da’vat va umidlarini tushunishning kalitidir, bunda xotin-qizlarning tajribasi, intilishi va hissasi taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi. O‘tkazilgan tadqiqot natijalari ijobiy tendensiyalar va saqlanib qolayotgan da’vatlar birikmasi bilan ajralib turadigan zamonaviy O‘zbekiston xotin-qizlari ahvolining ko‘p qirrali manzarasini ifoda etadi. Azaldan an’analarni saqlovchi oila suyanchi bo‘lib kelgan xotin-qizlar bugun ilm-fan, biznes, siyosat va ijtimoiy hayotda o‘zini ishonchli ravishda namoyon etmoqda.  

So‘rov ma’lumotlari bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar uchun barcha eshiklar ochiq ekanligini tasdiqlaydi. Kuchaytirilgan huquqiy muhofaza xavfsizlik va adolatni kafolatlaydi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xotin-qizlarning tadbirkorlik, ijodiyot, ta’lim va ijtimoiy faoliyatda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga xizmat qilmoqda. Xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarini egallamoqda, innovatsiyalar sohasida yangi urflarni joriy etib, ilhomlantirib, yetakchilik qilmoqda. Onalik – bu muqaddas vazifa, lekin endi u imkoniyatlarni cheklamaydi, balki to‘ldirmoqda. Rivojlanayotgan ijtimoiy dasturlar, imkoni bor ta’lim va sog‘liqni saqlash har bir xotin-qizga o‘z mehnati va fidoyiligining qadrlanishi hamda qo‘llab-quvvatlanishini bilgan holda, kelajakka ishonch bilan qarash imkonini bermoqda.  

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari hayotimizning turli sohalarida xotin-qizlarning o‘sib borayotgan rolini aks ettirgan holda gender tenglikni rivojlantirishdagi sezilarli o‘sishlarni namoyon etdi. Mamlakatimiz xotin-qizlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ularning o‘z huquq va imkoniyatlariga ishonchi yuqori ekanligi aniqlandi. Bu xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish, kasbiy istiqbollarini kengaytirish va xotin-qizlar salohiyatini har tomonlama ro‘yobga chiqarish va yanada to‘liqroq ochib berishga monelik qilayotgan mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini tasdiqlaydi.  

Olingan ma’lumotlarning tahlili oilaviy rollarning davom etayotgan transformatsiyasi, an’anaviy asoslarning o‘zgarishi va juftliklar o‘rtasidagi sheriklik g‘oyalarining mustahkamlanayotganidan darak beradi.  

O‘zbekistonlik xotin-qizlarning ko‘pchiligiga ijtimoiy nekbinlikning yuksak darajasi, kelajakka va ijobiy o‘zgarishlarga bo‘lgan ishonch xosdir. Olingan ma’lumotlar shuni tasdiqlaydiki, xotin-qizlar o‘zgarishlarni shunchaki kutishmaydi, ular bunga tayyor, taraqqiyot sari intilib, undagi yangi imkoniyatlar, tanlov erkinligi va jamiyatdagi o‘z roli kuchayayotganini ko‘rib, kelajakka ishonch bilan qaraydi.  

So‘rovda fuqarolarning erkaklar va ayollar uchun oliy ma’lumot olishning ustuvorligi haqidagi fikri o‘rganildi. Binobarin, har kim jinsidan qat’i nazar oliy ma’lumotga ega bo‘lishi zarurligiga 81,1 foiz so‘rov ishtirokchilarining ishonchi komil, chunki oliy ma’lumotga ega bo‘lish o‘z kelajagini yaxshiroq ta’minlash, obro‘liroq ish topish va oila byudjetiga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.  

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ta’limdan foydalanish imkoni, ish bilan ta’minlash va xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari xotin-qizlar ahvolining yaxshilanishiga yordam beradigan asosiy omillar hisoblanadi. So‘rov ishtirokchilari ta’kidlaganidek, huquqiy savodxonlikni kengaytirish, huquqlar muhofazasini kuchaytirish va moslashuvchan bandlik shart-sharoitlarini joriy etish xotin-qizlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarga erishishi uchun yanada qulayroq muhit yaratish imkonini beradi.  

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, mamlakatdagi aksariyat xotin-qizlarning kasbiy faoliyatning muhimligi to‘g‘risidagi tasavvuri mustahkamlanmoqda. So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, kasbiy faoliyat bilan birga uyda oilaviy majburiyatlarni baravar bajarish qobiliyati aksariyat respondent xotin-qizlarga xosdir. Ko‘pchilik xotin-qizlar o‘z kasbiy faoliyati va ta’limga bo‘lgan intilishlarida oila tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini his qilayotgani ularning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.  

Tadqiqot davomida ayol kishi faqat oila bilan, ya’ni uy yumushlari bilan shug‘ullanishi, turmush o‘rtog‘iga g‘amxo‘rlik qilishi, bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerakmi yoki u ham uydan tashqarida ish bilan ta’minlanib, oilaviy majburiyatlar va kasbiy faoliyatni uyg‘unlashtirishi mumkinmi, degan fikr-mulohazalarning keng ko‘lami aniqlandi. So‘rov shuni ko‘rsatdiki, fuqarolar o‘rtasida ayol ishni ham, oilani ham muvaffaqiyatli birlashtira oladi, degan fikr ustunlik qiladi – bu ko‘rsatkich 78,2 foizni tashkil etdi.  

So‘rov ma’lumotlari xotin-qizlarning moliyaviy mustaqillikka intilishi va martabaga erishish imkoniyatlari kengayganini aniqladi. So‘ralganlarning yarmidan ko‘pi ta’limni davom ettirish istagini bildirdi, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishdan manfaatdor, bu esa xotin-qizlarning o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarish salohiyati yuqori ekanligini ko‘rsatadi. So‘rov ishtirokchilarining o‘zlariga biznes va moliya sohasidagi bilimlarning yetishmayotganini ko‘rsatishi ixtisoslashtirilgan ta’lim tashabbuslariga bo‘lgan ehtiyojni ta’kidlaydi.  

Umuman olganda, o‘tkazilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy O‘zbekiston xotin-qizlari oila, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etib, an’anaviy qadriyatlar va yangi imkoniyatlarni ishonchli tarzda mujassamlashtirmoqda. Aksariyat xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqlarni his qiladi, kasbiy o‘sishga intilib, kasbiy faoliyat bilan oilani hamohang birlashtirib, martabada muvaffaqiyatli ravishda o‘smoqda. Xotin-qizlar uchun ilm-fan, biznes, siyosat va ijtimoiy hayotda yangi ufqlar ochilmoqda. Davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ularning kamoloti uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda, mamlakatimiz xotin-qizlari o‘zini o‘zi ro‘yobga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash, e’tirof va keng imkoniyatlarni his qilmoqda, xotin-qizlarimizning kuch-quvvati, oqilaligi va muvaffaqiyat sari intilishi jamiyatning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda.  

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA

Powered by GSpeech