Ma’rifiy jamiyatning vijdoni erkin, e’tiqodi mustahkam bo‘ladi

Nuqtai nazar

Insoniy qadriyatlar va ma’naviy hayot ulug‘lanadigan, vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik barqaror bo‘lgan jamiyat jadal rivojlanadi. Ya’ni ma’naviy barkamol jamiyatda diniy bag‘rikenglik ustuvor bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zidan ahillik, birdamlikka xizmat qiladi. Shu ma’noda, yurtimizda xalqni rozi qilishga qaratilgan siyosat zamirida vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilayotgani bejiz emas. Chunki inson huquqini kafolatlash orqali rivojlanish, Uchinchi Renessansni barpo etishday yuksak marraga erishish oson kechadi. 

Keyingi yillarda yurtimizda ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor kuchayib, davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangani kishini quvontiradi. Xususan, Prezidentimizning shu yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohada islohotlar yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi. Mazkur tarixiy hujjat haqida so‘z borar ekan, sohadagi qator ustuvor jihatlarni e’tirof etish kerak. 

Birinchidan, yurtimizda xilma-xil diniy e’tiqodga ega insonlarning bir zaminda yagona xalq bo‘lib, ezgu g‘oya atrofida hamjihatlikda yashashi bag‘rikenglikning yorqin namunasidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo‘lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”. 

Chuqur o‘ylangan milliy va diniy siyosat tufayli yangi O‘zbekiston bugun dunyo mamlakatlari uchun bag‘rikenglikni o‘zida mujassam etgan mamlakat sifatida namuna bo‘lmoqda. 

Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv yashamoqda. Xususan, bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotlar soni 2 ming 356 taga yetib, shundan 2 ming 159 tasi islomiy, 197 tasi boshqa konfessiyalarga tegishlidir. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta — 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 2017 yilga qadar mamlakatimizda 1 ta oliy (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti) hamda 11 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi (9 ta islomiy, 2 ta xristian) faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 4 tasi oliy o‘quv yurtidir.

Ikkinchidan, keyingi yillardagi islohotlar tufayli jamiyatimizda fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash borasida ulkan natijalarga erishildi. Ayni paytda, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib etishga katta e’tibor berilmoqda. Maqsad unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdir. Qolaversa, bu islohotlar zamirida yurtimizning jahon sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi tarixiy maqomi va nufuzini tiklashday ezgu niyat bor. 

O‘tgan qisqa vaqtda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, BMT tomonidan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi, 2019 yildan beri 16 noyabr — Xalqaro bag‘rikenglik kuni yurtimizda haftalik tarzida keng nishonlanmoqda. Qolaversa, 2023 yildan boshlab aholi o‘rtasida dinlararo va konfessiyalararo hamjihatlik, totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, diniy-ma’rifiy soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda.

Uchinchidan, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar to‘g‘ri ekanidan dalolat bermoqda. 

Prezidentimiz ilgari surgan ezgu tashabbuslardan biri — inson qadri tamoyili har bir inson e’tibor va e’zozga munosib ekani, vijdon erkinligi masalasi esa e’tiqod qilish yoki qilmaslik borasidagi tanlov va hurfikrlilikni ifoda etadigan oliy darajadagi qadriyat ekanini anglatadi. 

O‘tgan yillar davomida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun takomillashtirildi. Ammo sohaga Prezident darajasidagi e’tibor yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshdi. 

2018 yil 16 aprelda ilk bor Prezidentning “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ulkan ijobiy o‘zgarishlarga asos solgan hujjatda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi sohaning ustuvor vazifasi etib belgilandi. Ilm-ma’rifat bilan barcha masalalarni hal etish ma’nosini o‘zida ifoda etgan mazkur ezgu tamoyil asosida mamlakatimizning barcha hududida tizimli faoliyat sifatida yo‘lga qo‘yildi. 

To‘rtinchidan, keyingi yillarda yurtimizda vijdon erkinligi va diniy sohada davlat siyosati takomillashdi. Bu fuqarolarning e’tiqod erkinligini kafolatlash va diniy sohaga oid masalalarni huquqiy asosda hal etishda tub burilish yasadi. Ushbu yo‘nalishda ilgari surilgan konseptual yondashuvlar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda fuqarolarning dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, huquq va qonuniy manfaatlari to‘liq ro‘yobga chiqarilmoqda. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li –insonlarning dinga munosabatidan kelib chiqib ustunlik bermaslik, kamsitishga yo‘l qo‘ymasdan vijdon erkinligini kafolatlash, deya belgilab olindi. 

Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, bir tomondan, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar uchun muhim hujjat, ikkinchidan, sohaga Prezident darajasida berilayotgan doimiy e’tiborning muhim namunasi bo‘ldi. Zero, u orqali davlat va din munosabatlari ochiqligi, shaffofligi, diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, shuningdek, diniy-ma’rifiy faoliyatni ilmiylik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Beshinchidan, ushbu farmon bilan fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qator ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Xususan, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilg‘or mexanizmlarni joriy etish ko‘rsatib berildi. Qolaversa, ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik, bag‘rikenglik kabi umuminsoniy g‘oyaga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganib, keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi. Fikrimizni “Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi. 

Bundan tashqari, sohada kadrlarni tayyorlashga ham jiddiy e’tibor berilmoqda. Maqsad aholi orasida birdamlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirishdir. Bu borada ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Natijada sohada xalqaro hamkorlik munosabatlari yanada rivojlanib boryapti. Buning barchasi yurtimizda turli millatlar, konfessiyalar va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlik muhitini yaratishga qaratilgan ishlar yanada samarador bo‘lishiga qaratilgan. 

Oltinchidan, mazkur farmon O‘zbekistonning inson huquqlari, xususan, vijdon erkinligi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni amalda bajarayotganini yaqqol namoyon etdi. Unda yurtimizda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat — barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi belgilandi. Maqsad – aholi, xususan, yoshlar orasida ulug‘ ajdodlarimizga xos bag‘rikenglik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, shu orqali O‘zbekiston aholisining dini, e’tiqodi, milliy mansubligi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, huquq va qonuniy manfaatlarini muttasil va ishonchli ta’minlashdir. Bunga erishish uchun jamiyatda vijdon erkinligini davrimizga xos tarzda kafolatlashi shart. 

Yettinchidan, har bir sohada bo‘lgani kabi diniy-ma’rifiy sohada ham yetuk kadrlarga ehtiyoj bor. Hozir diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallagan, jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarni baholay oladigan shaxslar juda zarur. Chunki ular umumbashariy muammolarning salbiy ta’siriga qarshi kurashishni yaxshi biladi. Oldimizda ana shunday yoshlar safini kengaytirish vazifasi turibdi. 

Shu maqsadda, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida 2019 yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan Malaka oshirish markazi diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutiga aylantirildi. Bu ma’rifiy hayotimizda juda katta quvonchli voqea bo‘ldi. Xalqimiz, ayniqsa, soha vakillari mazkur yangilikni ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi. 

Institut islomshunoslik, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari asoslari, shuningdek, radikallashuvning oldini olish yo‘nalishlarida diniy soha mutaxassislarining malakasini oshiradi va qayta tayyorlashga mas’ul muassasa hisoblanadi. 

Global dunyo har soniyada o‘zgarib, tuslanib bormoqda. Yot g‘oyalar targ‘iboti ham zamonga moslashib, o‘zgarmoqda. Ularga qarshi turib, jamiyatni birdamlikka chaqiradiganlar zamondan bir qadam oldinda yurishi kerak bo‘ladi. Shuning o‘ziyoq institutning oldida qator muhim vazifalar borligidan dalolatdir. 

Ochig‘ini aytish kerak, hozirga qadar Malaka oshirish markazi sifatida faoliyat yuritgan mazkur muassasa auditoriyalar yetishmasligi, tinglovchilar uchun turar joy masalasida qator mushkulliklarni boshdan kechirib kelgan. Mazkur farmon esa bu muammolarga birgina band bilan yechim beradi. Tashkil etilgan yangi institutga barcha ehtiyojlari uchun yetarli bo‘lgan alohida bino ajratilgani fikrimizning yaqqol isbotidir.

Davlatimiz rahbarining: “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulug‘ bir maqsad birlashtiradi. U ham bo‘lsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir”, – degan so‘zlari teran fikrli har bir ziyolini doim hushyor va sergak turishga, zamon bilan hamnafas bo‘lib, yurt uchun xizmat qilishga undaydi.

Shunday ekan, biz pedagog kadrlar jamoasi jamiyat tinchligi, vatan ravnaqi yo‘lida hamisha izlanishda bo‘lishimiz lozim. O‘zbek xalqi uchun dolzarb bo‘lgan ushbu farmon vatan tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida, ayni vaqtda, o‘ta teran mulohazalar bilan e’lon qilingan muhim hujjat sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oladi. Bu, o‘z navbatida, mazkur hujjatda belgilab berilgan vazifalarni ado etish uchun zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklanganidan dalolat beradi.

Xusniddin AHMEDOV, 

siyosiy fanlar doktori, 

professor

O‘zA

Powered by GSpeech