Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI)da “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi kun tartibi” mavzusida ekspertlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. MOXI va Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan forumda ikki tomon vazirlik, idoralari, diplomatik vakolatxonalari, yetakchi tahliliy va tadqiqot markazlari 100 dan ziyod vakili ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqidan Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil Terhi Xakala, Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Bartyan Vegter, YeI O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian, Yevropa Kengashining Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhi raisi, Belgiya Tashqi ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi direktori, elchi Nikolas Nixon, shuningdek YeI tomonidan moliyalashtiriladigan dastur mas’ullari, loyiha menejerlari hamda hamkorlik formatida faoliyat olib borayotgan turli bo‘linmalar ekspertlari qatnashdi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan ilmiy-tadqiqot tuzilmalari mutaxassislari, yondosh vazirlik, idoralar vakillari hozir bo‘lishdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan mutaxassislar sheriklikning joriy holati va istiqboli, aloqalarni yanada rivojlantirish, olib borilayotgan sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish yo‘llari va boshqa muhim masalalar yuzasidan atroflicha fikr bildirdilar.
Terhi Xakala, YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili:
– 2023 yil Cho‘lpon-Otada bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari ushbu konferensiyani o‘tkazishni taklif qilganda men o‘sha yerda edim. Shundan buyon mintaqaviy hamkorlikda ko‘plab yutuqlarga erishdik. Mazkur anjuman orqali jipsligimiz yanada mustahkamlanayotganidan mamnunman. Ishonchim komilki, bugungi muloqot oldimizda turgan, tez o‘zgaruvchan xususiyatga ega xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarga yaxshi yechim topishga yordam beradi.
Javlon Vahobov, MOXI direktori:
– Muhim yo‘nalishlardan biri sifatida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning mazmunli mundarijasini shakllantirganmiz. Shu nuqtai nazardan mintaqa mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida ekspert almashinuvi hamda amaliy hamkorlikni kuchaytirish, shunga mos ravishda an’anaviy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish zarurati ortmoqda.
Muzaffarbek Madrahimov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari:
– Bugungi kun voqeligi Yevropa va Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik tahdidi umumiyligini, transmilliy xatarlarga qarshi kurashdagi yaqin manfaatimizni chuqurroq anglash zarurligini tasdiqlaydi.
Bartyan Vegter, YeI Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi:
– Terrorga qarshi samarali kurash olib borish uchun chegaralar osha, mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlik qilishimiz kerak. Bu konferensiya Yevropa va Markaziy Osiyo qay tarzda birgalikda harakat qilishi, qayerda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashi, bir-biridan nimani o‘rganishi mumkinligini muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat.
Sharlotta Adrian, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi:
– O‘zaro bog‘liqlik kuchayib borayotgan dunyoda hech bir mamlakat yoki mintaqa xavfsizlikka oid noan’anaviy tahdidlarni mustaqil yenga olmaydi. Bugungi muhokama davomida ekspertlar, xavfsizlik amaliyotchilari fikrlarini tingladik. Joriy hamkorlik holatini, mavjud loyihalarni tahlil, sarhisob qildik.
Tadbirda xavfsizlik tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani, ayni paytgacha YeI tomonidan moliyalashtiriladigan xavfsizlik bilan bog‘liq loyihalar doirasida ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbir o‘tkazilgani, minglab yuqori malakali mutaxassis tayyorlanayotgani, chegara xizmati va bojxona manzillari modernizatsiya qilinayotgani aytib o‘tildi.
BOMCA, CADAP, LEICA dasturlari ko‘magida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur loyihalar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha takliflar bildirildi.
Terror mafkurasi va tashviqotining internet orqali tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish zarurligi ta’kidlanib, BMT Xavfsizlik Kengashi terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha rezolyutsiyalarini izchil amalga oshirishga chaqirildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari barqaror rivojlanishiga ta’sir etuvchi mavjud muammolarni kuchaytirish, yangi muammolar paydo bo‘lishi sharoitida hamkorlikka yangicha yondashuvlar ishlab chiqish nihoyatda muhim ekanini ta’kidladilar.
G‘.Xonnazarov, O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2024
- Ko'rishlar: 1378
- Chop etish