Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni elektromobil ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda avtomobilsozlik bo‘yicha katta tajriba va infratuzilma bor. Bugungi kunda 8 ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yo‘lovchi va yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Yana 2 mingdan ziyod korxonada kooperatsiya asosida butlovchi va ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda.
O‘tgan yili dekabrda bo‘lgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari elektromobillar hayotga tez kirib kelayotganini ta’kidlab, bu sohani o‘zlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Joriy yil yanvarda Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida Prezidentimiz “BYD” kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘ldi. Ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyiha boshlandi. Kompaniya rahbari bilan muzokara chog‘ida yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 ming donagacha yetkazish bo‘yicha fikr almashilgan edi.
Bu zamon talab qilayotgan yo‘nalish. So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar sotuvi 10 barobar ko‘paygan. 2023 yilda import qilingan avtomobillarning 35 foizini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.
Shu bois mutasaddilarga bu yo‘nalishdagi marralarni kengroq olib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. “BYD” kompaniyasi hamkorlarini jalb qilib, elektromobillar uchun butlovchi qismlarni o‘zlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur yangi tarmoqda raqobatbardosh bo‘lish uchun, eng avvalo, innovatsiya va ilg‘or texnologiyalar kerak. Shu bois Turin politexnika instituti, muhandislik markazlari, ilmiy institut va laboratoriyalarni o‘zaro bog‘laydigan yaxlit tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu soha rivojlanishi bilan mutaxassis va ishchilarga talab ortadi. Yaqin uch yilda bu talab 10 mingga yetishi mumkin. Shuning uchun malakali kadrlar tayyorlashni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi belgilandi.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.02.2024
- Ko'rishlar: 2179
- Chop etish