Ayni kunlarda Samarqand shahrida BMTning yovvoyi hayvon turlarining ko‘chib yurishini saqlash bo‘yicha Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari Konferensiyasining 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Jahon bankining atrof-muhit, tabiiy resurslar va yashil iqtisodiyot bo‘yicha global direktori Valeriya Hikki O‘zbekiston hukumatining bu borada olib borayotgan ishlarini ijobiy baholadi.
Samarqanddagi yig‘ilishda iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni himoya qilish, yovvoyi hayvonlarni asrab qolish bo‘yicha dunyoning nufuzli tashkilotlari vakillari qatnashmoqda. Ular O‘zbekistonning so‘nggi yillarda atrof-muhit sofligini saqlash bo‘yicha olib borayotgan ishlariga ijobiy baho berishmoqda.
Jumladan, yig‘ilish qatnashchisi – Jahon bankining atrof-muhit, tabiiy resurslar va yashil iqtisodiyot bo‘yicha global direktori Valeriya Hikki O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholaydi.
“So‘nggi yillarda Samarqandda, umuman O‘zbekistonda ekologiya masalalari muhokama etiladigan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jahon bankining asosiy vazifalaridan biri qashshoqlikni kamaytirish bilan bog‘liq. Ekologiya muammolari bunga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Ushbu konferensiyada bizning maqsadimiz faqat yovvoyi hayvon turlari yo‘qolib ketishining oldini olish emas, balki tabiatni asrash, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tajribasini o‘rganish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash. Biz davlatingiz rahbarining ushbu yo‘nalishdagi takliflarini va qarorlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan va muzokaralar orqali ular bilan birgalikda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashmoqda. Aynan shuning uchun mamlakat yovvoyi hayvon turlarining yo‘qolib ketishining oldini olishda natijalarga erishmoqda”, deydi u.
Ma’lumot uchun BMTning yovvoyi hayvon turlarining ko‘chib yurishini saqlash bo‘yicha Konvensiyasi (CMS COP14) ishtirokchilari Konferensiyasining yig‘ilishlari har uch yilda bir o‘tkaziladi.
Samarqanddagi xalqaro tadbir 17 fevral kunigacha davom etadi va unda yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini yashash muhitini saqlash va tiklash masalalari, shuningdek, haddan tashqari ekspluatatsiya, yashash joylarining yo‘qolishi va parchalanishi, ifloslanish va iqlim o‘zgarishi kabi turlarga tahdidlar muhokama qilinadi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 16.02.2024
- Ko'rishlar: 2216
- Chop etish