O‘zbekistonda «Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiya (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilinmoqda.
Mazkur konvensiya ishtirokchi davlatlarda xorijiy turdosh huquq egalarining ijrochilar, fonogramma yaratuvchilar va eshittirish tayyorlovchi hamda uzatuvchi tashkilotlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ishtirokchi davlatlarning ijrochilari, fonogramma tayyorlovchilari va efirga uzatuvchi tashkilotlariga nisbatan milliy rejimni ta’minlashga bo‘lgan huquqlari Bern konvensiyasi bo‘yicha mualliflik huquqi doirasida muhofaza etilishiga hamda ushbu media mahsulotlardan noqonuniy asosda foydalanishning oldini olish imkonini beradi.
Hozirgi kunda respublikamiz hududida xorijiy turdosh huquq egalarining ijro, fonogramma, eshittirishlarga bo‘lgan huquqlari Bern konvensiyasi bo‘yicha mualliflik huquqi doirasida muhofaza etiladi. Lekin o‘rganishlar jarayonida xorijiy huquq egalarining ijrosidan, fonogrammasidan, eshittirishlar tayyorlovchi tashkilotlarning eshittirishlaridan shartnomasiz (noqonuniy) foydalanish holatlari ham aniqlangan.
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro shartnomalarga qo‘shilish va ulardagi normalar ijrosi ta’minlanishi mamlakatimizning jahondagi imiji hamda investitsion jozibadorligini oshirish bilan bir qatorda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishida Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari to‘g‘risidagi bitim qoidalarini implementatsiya qilish imkonini beradi.
«Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi parlament quyi palatasi majlisida ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va Senatga yuborildi.
M.Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.03.2024
- Ko'rishlar: 1863
- Chop etish