Joriy yil 23 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi boshlanadi. Yalpi majlis kun tartibiga amlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirish, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan bir qator qonunlar kiritilgan, deb xabar beradi Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonun shular jumlasiga kiradi. Bu haqda so'z borganda, mamlakatimizda xotin-qizlarning turmush tarzini yaxshilash, ularning jamiyat hayotining barcha jabhalarida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, onalik va bolalikning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy himoya qilinishini ta'minlashning mustahkam huquqiy kafolatlari mavjud ekanini ta'kidlash lozim.
Qonun Prezidentimizning 2019 yil 7 martda qabul qilingan “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida tayyorlangan. O'zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilinayotgan ushbu qonunni ishlab chiqishda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mutaxassislarining ham hissasi bor.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to'laqonli ishtirok etishiga erishish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta'minlash bo'yicha olib borilayotgan davlat siyosatiga jahon hamjamiyati, jumladan, BMT, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ixtisoslashgan muassasalar tomonidan yuqori baho berilmoqda.
Mazkur Qonun loyihasini tayyorlash asnosida Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari, xususan, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Janubiy Koreya, Ispaniya, Latviya, Litva davlatlarining gender tenglikni ta'minlash sohasidagi tajribasi o'rganilgan.
Shuningdek BMTning Ayollarga nisbatan tahqirlashning har qanday shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi normalari, CEDAW qo'mitasining 2015 yil 4 noyabrda bo'lib o'tgan 1347 va 1348-majlislarida taqdim etilgan O'zbekistonning beshinchi davriy ma'ruzasi bo'yicha yakuniy mulohazalari hisobga olingan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida yaqinda Oliy Majlis Senatida yangi qo'mita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo'yicha qo'mita tuzildi. O'z navbatida, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi gender tenglikni ta'minlash yo'lidagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.
Ma'lumot uchun: “Gender tenglik” atamasi – qonun hujjatlarida va olib borilayotgan siyosatda mustahkamlangan erkaklar va ayollar huquqlari hamda imkoniyatlarining tengligini, shuningdek oila, jamoa va umuman jamiyat doirasida resurslar va xizmatlardan teng foydalanishni anglatadi. Gender tenglik erkaklar va ayollar hayotning barcha sohalaridan teng foydalana olishi va ularda, shu jumladan demokratik boshqaruv, qarorlar qabul qilish va xavfsizlik sektori sohasida tenglik asosida ishtirok eta olishini nazarda tutadi.
Gender muammosini hisobga olgan holda, iqtisodiy o'sishga erishish va fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga bo'lgan ishonchini tiklash samaradorligi ko'p jihatdan gender masalasi bo'yicha qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarga bog'liq. Shu ma'noda, O'zbekistonda keyingi yillarda davlat siyosatida “gender nuqtai nazari” yondashuvi tobora keng qo'llanilayotgani bejiz emas.
Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi qaroriga muvofiq, O'zbekiston Xotin-qizlar qo'mitasi huzurida O'zbekiston Respublikasida gender tenglikni himoya qilish bo'yicha komissiya tashkil etildi. Erkaklar va ayollarning gender kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik Komissiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Komissiya gender tenglikni ta'minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish va mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy shart-sharoitini yaxshilash, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ayollar gender tengligi buzilishiga doir murojaatlarini ko'rib chiqish bilan shug'ullanadi. Tabiiyki, yangi Qonunning qabul qilinishi Gender tenglikni himoya qilish bo'yicha komissiya vazifalarini bajarishga ham ko'maklashadi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 19.08.2019
- Ko'rishlar: 6401
- Chop etish