Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 16 sentyabr kuni Namangan viloyatiga keldi.
Hududdagi bunyodkorlik sur’ati shahar darvozasi – aeroportdanoq ko‘zga tashlanadi. Bu yerda 140 million dollar investitsiya hisobiga yangi terminallar barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining viloyatga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida ushbu loyiha taqdimot qilingan edi. Bugungi kunda qurilish ishlari jadal.
Hozirgi aeroport turistlar oqimiga kichiklik qilayapti. Uch qavatli qilib qurilayotgan yangi terminalda yo‘lovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi. Chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes zali, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot xonasi, Duty free do‘konlari zamonaviy tashkil etiladi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi.
Masalan, bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksporti ham oshib boryapti.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilg‘i quyish majmuasi va boshqa xo‘jalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Dunyoning ilg‘or tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va ko‘ngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Avtoturargoh va servis ob’ektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Chust tumanidagi “Megaton” korxonasining gaz-beton bloki ishlab chiqarish majmuasida bo‘ldi.
Aholi soni o‘sib, urbanizatsiya kengayib borayotgani sifatli qurilish materiallariga talabni yildan-yilga oshiryapti. Mamlakatimizda qurilish materiallari tarmog‘i shunga monand jadal rivojlantirilmoqda. Zamonaviy texnologiyalar olib kelinib, yuqori samarador mahsulotlar o‘zlashtirilmoqda.
“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan, “Turonbank” tomonidan moliyalashtirilgan gazoblok korxonasi shulardan biri. 40 million dollarlik ushbu loyiha doirasida Xitoy, Germaniya, Daniya kabi davlatlardan innovatsion texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan. Shu bois, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati va samaradorligi yuqori.
Masalan, Germaniya texnologiyasi energiya tejamkorlikni ta’minlaydi. Bunday gazoblokdan qurilgan binoni tashqi izolyatsiya qilish shart bo‘lmaydi, ichkaridagi issiqlik va salqinlik to‘rt karra kam yo‘qotiladi. Natijada elektr energiyasi xarajati 45 foizgacha qisqaradi.
Ishlab chiqarishda “Megaton” korxonasiga qarashli “Namangan sement”ning 550 markali sementidan foydalaniladi. Bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjiri yaratilgan. Korxonada 500 ta yangi ish o‘rni ochilgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayoni, laboratoriya va mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar mahsulot sifati, issiq va sovuqqa chidamliligi haqida ma’lumot berdi.
– Qurilish sanoatimiz zamon talabiga moslashib, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilayotgani yaxshi, – dedi davlatimiz rahbari. – Bunday innovatsion texnologiyalarni import ulushi yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlarda ham qo‘llash kerak. Shunda bozorda raqobat, xaridorlarda tanlov bo‘lib, joylarda ish o‘rni ko‘payadi. Buning uchun izlanuvchan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Mazkur korxonada yiliga 600 ming metr kub mahsulot ishlab chiqariladi. Bu viloyatda g‘ishtga bo‘lgan ehtiyojning 28 foizini qoplashi kutilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida avtoklav gazoblok devori, maxsus kley, kimyoviy qorishma va suvoqlarni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Namangan tumanida barpo etilgan “Taraqqiyot” sanoat va servis zonasidagi loyihalar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida joylarda texnopark va kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda. Namangan viloyatida bugungi kunda 1,5 ming gektar maydonda 73 ta sanoat zonasi bor.
Buning natijalari Yangi Namangan tumanidagi Sohil mahallasida ham yaqqol namoyon. Ilgari tadbirkor va hunarmandlar o‘z uylarida cheklangan sharoitda ishlagan bo‘lsa, endilikda zamonaviy infratuzilmaga ega yaxlit majmuada faoliyat yuritmoqda.
“G‘ijduvon tajribasi” asosida 10 gektar maydonda tashkil etilgan ushbu zonada 113 ta loyiha joylashtirilgan. Ularning barqaror ishlashi uchun byudjet hisobidan elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlari, ichki yo‘llar kabi zarur infratuzilma barpo etilgan.
Natijada yiliga 500 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvati vujudga keldi, 4 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yondosh mahallalardan 170 nafar tadbirkor jalb etilgani, 350 dan ziyod xonadonda kooperatsiya asosida mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani aholining iqtisodiy faolligini yanada oshirmoqda.
Yana bir muhim tomoni, bu yerdagi tayyor uskuna va amaliyotdan foydalanib, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga qayta o‘qitish imkoniyati bor. Bu ishsizlik va kambag‘allikni kamaytirib, aholining turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis markazlari ishini ko‘zdan kechirdi, ustalar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yangi-yangi avtomobil zavodlari ishga tushirilyapti. Odamlarning daromadi oshib, mashinalar ko‘payayapti. Lekin servis bo‘yicha hali imkoniyat ko‘p. Masalan, chet el avtomobillariga xizmat ko‘rsatish yetarli darajada emas. Buni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligi va xizmat sifatini ta’minlash mumkin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, bunday servis markazlarini boshqa tumanlarda ham tashkil etish, malakali ustalarni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident sanoat zonasida ishlab chiqarilayotgan mebellar ko‘rgazmasi bilan ham tanishdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning tajriba orttirib, ish topishiga ko‘maklashish vazifalari qo‘yildi.
Bunday majmualarda insonni qadrlash bo‘yicha ham zamonaviy yondashuvlar bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Yong‘in xavfsizligi va texnik xavfsizlikni ta’minlash, mehnat bilan birga xodimlarning dam olishi uchun ham qulayliklar yaratish muhimligi aytildi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Chortoq tumanidagi “Ayqiron-1” nasos stansiyasini ko‘zdan kechirdi.
Katta Namangan magistral kanalida joylashgan ushbu nasos orqali 815 gektar yer sug‘oriladi. Lekin agregatlar eskirib ketgani sababli samaradorlik past, isrofgarchilik ko‘p edi. Jumladan, har yili taxminan 6 million kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanardi.
Tadbirkor tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida bu yerga energiya tejamkor agregat va zamonaviy uskunalar o‘rnatildi. Yangilangan tizim yiliga qirq foizgacha elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini bermoqda.
Tejamkorlik bilan birga yangi nasoslarning suv chiqarish quvvati ham yuqori. Bu esa dalalarni sug‘orish ko‘lamini oshirib, hosildorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Viloyatda ikki yuzdan ortiq nasos stansiyasi bor. Ulardan 43 tasi “Nammotors suv ta’minot” korxonasiga davlat-xususiy sheriklik asosida 10 yil muddatga boshqaruvga berilgan. Bu jarayonga 40 milliard so‘mlik investitsiya yo‘naltirilgan. Inshootlarga o‘rnatilayotgan nasos agregatlari mahalliylashtirilgan.
Davlatimiz rahbari ikki yil ichida “Ayqiron-1” tajribasi asosida viloyatdagi barcha nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, buni mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Faqat texnologiyalarni yangilash bilan cheklanib qolmasdan, ularni malakali boshqarish va to‘g‘ri foydalanish ham muhimligi ta’kidlandi. Ilm va bilim bilan ish yuritilsa, modernizatsiyaning iqtisodiy samarasi yuksaladi. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik ortib, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi turmush darajasi yaxshilanadi.
Mutasaddilar kelgusida 750 dan ziyod fermer xo‘jaliklariga quyosh panellari orqali ishlaydigan kichik nasoslar hamda tomchilatib sug‘orish tizimlarining joriy etilishi haqida ma’lumot berdi.
Davlatimiz rahbari Namangan shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazini borib ko‘rdi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi asosida insonni qadrlash ko‘lami kengaydi, bu sohadagi xizmatlar ehtiyojmandlarga yaqinlashtirilmoqda. Xususan, shu yil mart oyidan boshlab O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday loyihalar xususiy sheriklik asosida, davlat tomonidan subsidiya orqali amalga oshirilmoqda.
Tadbirkor Sayyora Qosimova tomonidan tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazi ulardan biri. Markaz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bolalar kun davomida to‘qqiz soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni malakali nevrolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi.
Bu xizmatdan foydalanayotgan onalar farzandlariga mehri va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Ularning aytishicha, oldinlari bunday bolalar faqat uyda o‘tirar, jamiyatdan ajralib qolardi. Yangi ijtimoiy himoya tizimi tufayli endi ular ham “yorug‘likka” chiqyapti. Nogironligi bor bolalar inklyuziv ta’limga, qiziqarli dars va mashg‘ulotlarga jalb etilib, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganyapti. Bu nogiron farzandi bor oilalar uchun juda katta madad va taskindir.
Prezident yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi kengaytirilishini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Faol hayotga qadam besh xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
Markaz shu yil tadbirkor Xosiyat Ortiqovaning shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Markaz 16 o‘ringa mo‘ljallangan.
Bu yerda tibbiy mutaxassislar tomonidan individual dasturlar asosida har kuni sakkiz soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytarishga yordam beradi.
Muhimi, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan muolajalar samara bera boshladi. Xususan, sakkiz nafar shaxsning o‘z-o‘ziga xizmat qilish darajasi yaxshilandi, besh nafarining oila a’zosi ishga joylashdi.
“Faol hayotga qadam” dasturi va kunduzgi parvarish insonlarga sog‘lom hayotga qaytish, oilalarga esa iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni oshirish imkonini bermoqda. Bu xizmatlar orqali faqatgina bemorlar hayotida emas, balki ularning oilalarida, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Mazkur sohadagi davlat-xususiy sheriklik dasturiga respublika bo‘yicha 600 nafar tadbirkor qo‘shilgan bo‘lib, ularning 46 nafari Namangan viloyatida faoliyat yuritmoqda. “Faol hayotga qadam” dasturi bilan yurtimizdagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj 24 ming fuqaro, kunduzgi parvarish xizmati bilan 3 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Norin tumanidagi “Fishvel Norin” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Baliqchilik ham aholi salomatligi, ham oziq-ovqat xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. Baliq mo‘l bo‘lishi boshqa go‘sht mahsulotlari narxiga ijobiy ta’sir qiladi. Uni xonadonlarda boqish oilalarga qo‘shimcha daromad olib keladi.
Mamlakatimizda baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga ana shu jihatdan yondashilmoqda. Sersuv tumanlarda investitsiya va kooperatsiya loyihalari faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
“Fishvel Norin” korxonasi 3 million dollar hisobiga shunday loyiha boshlagan. Ikki gektardan ziyod hududda 76 ta innovatsion havza tashkil etilgan. Hozirgi kunda shundan 40 tasi ishga tushirilgan bo‘lib, super intensiv usulda gulmohi balig‘i yetishtirilmoqda. Umuman, bu yerda yiliga 2 ming tonna tansiq go‘sht yetishtirib, 5 million dollarlik eksport qilish mo‘ljallangan.
Muhim tomoni, korxona mahalliy aholini baliq yetishtirishga o‘rgatyapti. Xo‘jaqo‘rg‘oncha mahallasidagi 25 ta xonadon klaster bilan kooperatsiya qilib, har biri yiliga 150 million so‘mgacha daromad ko‘ryapti.
Buni yanada kengaytirib, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlaridagi 100 ta oilani baliqchilikka jalb etish rejalashtirilgan. Jumladan, 2 ming tonna gulmohidan 500 tonnasi xonadonlarda yetishtiriladi. Natijada 300 dan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.
Baliqchilik rivojlangani yana bir yo‘nalishni vujudga keltirdi – korxona yonida zamonaviy restoran ham barpo etildi. Unda baliqdan turli xil taomlar tayyorlanib, mehmonlarga taklif qilinadi. Bu turizm va boshqa xizmatlar kengayishiga ham hissa qo‘shyapti.
Prezidentimiz mutasaddilarga respublika bo‘yicha gulmohi yetishtirish mumkin bo‘lgan tumanlarni aniqlab, mazkur tizimni ommalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Niderlandiyalik hamkorlar bilan baliq ozuqasi ishlab chiqarish, Norindagi tik quduqlar yonida sun’iy hovuzlar o‘rnatib, aholiga bo‘lib berish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ayni paytda Namangan viloyatida meliorativ quduqlar atrofida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 34 ta intensiv basseyn barpo etilgan. Yana bir jihat shundaki, baliq boqilgan suv minerallarga boyishi evaziga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ishlatilmoqda. Bunda xorijlik mutaxassislar tajribasiga tayanilmoqda.
Shu yerda davlatimiz rahbariga “Islohotlar shtabi” faoliyati yuzasidan axborot berildi. Qayd etilganidek, tadbirkorlar bilan birgalikda 1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ularning natijasida jami 12 ming ish o‘rni, byudjetga qo‘shimcha 200 milliard so‘m tushum, 160 million dollar eksport manbai paydo bo‘ladi.
Jumladan, shunday manzilli ishlar orqali Mingbuloq va Norin tumanlari iqtisodiyotini yaxshilash ko‘zda tutilgan. Aholiga tayyor loyihalar berib hamda kasbga yo‘naltirib, bandligini ta’minlash choralari belgilangan.
Prezidentimiz Norin tumanidagi “Rasulov G‘ofurjon o‘g‘li Bahodir” fermer xo‘jaligi dalasida ham bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda xorijiy go‘za navi ekilib, yuqori hosil yetishtirilgan. Kimyoviy ishlov berishga uchuvchisiz apparatlar, terimga zamonaviy mashinalar jalb etilgan. Ular yordamida paxta nest-nobud qilinmay, toza terib olinyapti.
Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbari Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasida ham bo‘ldi.
Mahallaning sharoiti og‘ir. Ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.
Aslida, tumanlararo yo‘l bo‘yida joylashgan mahallada tadbirkorlik, savdo va xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyat ko‘p. Bo‘sh turgan binolarni davlat-xususiy sheriklik asosida quvvatga kiritish mumkin.
Prezidentimiz hududdagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitdi.
– Endi bu mahallani tubdan o‘zgartirib, “Yangi O‘zbekiston” nafasini olib kiramiz. Ko‘chalar obod qilinib, qiyofasi yangilanadi. Odamlarning yashashi, sayr qilib, bolalari bilan dam olishi uchun munosib sharoitlar bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jumladan, unga shahar muhitini olib kirish va tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi. U asosida joylar tayyor loyiha va infratuzilma bilan tashabbuskorlarga taklif etiladi. Natijada mahallaning salohiyati oshib, atrofdagi 5 ta mahalla uchun markazga aylanadi.
Zamonaviy mahalla guzari va sayilgoh barpo etiladi, bolalar va sport maydonchalari, kutubxona, kasb va til o‘rgatish markazi, bank shoxobchasi tashkil qilinadi. Maktab va bog‘chalar davlat investitsiya dasturi doirasida kapital ta’mirlanadi. Ko‘chalar asfaltlanib, manzarali va mevali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekiladi. Eskirgan va hosildorligi past bog‘lar to‘liq yangilanadi. Ijtimoiy shartnoma asosida odamlar o‘z uylarini tartibga keltiradi.
Umuman, butun mamlakatimizda quyi tizimda ishlarni “jonlantirish” bo‘yicha qaror ishlab chiqilayotgani aytildi. Tuman va mahallalarga yangicha qiyofa olib kirish uchun byudjetdan jami 5 trillion so‘m ajratiladi. Jumladan, Namanganda Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan, qolgan tumanlarning ikkitadan “og‘ir” mahallasiga esa 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilib, ularni mehnatda namunali, hayoti farovon, tadbirkorlikda yetakchi hududga aylantirish choralari ko‘riladi.
O‘tgan yili 25 mart kuni davlatimiz rahbari Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Bugun ulardan biri – Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini borib ko‘rdi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashda strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Oxirgi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda o‘ndan ziyod quyosh va shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Shu bilan birga, qator hududlarda 450 megavattli gidroelektr stansiyalar foydalanishga topshirildi.
Hozirda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.
Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Shu ma’noda, uni mamlakatimizdagi “birinchi milliy GES” deyish mumkin.
GES-1 yillik 171 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu yerda 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha natijasida 430 mingta xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, yiliga 290 million kub metr gaz tejaladi. Bu iqtisodiyot uchun qariyb 300 milliard so‘mlik qo‘shimcha manfaat demakdir. Shu jihatdan “Norin GESlar kaskadi” nafaqat energetik, balki ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.
O‘zbekiston gidroenergetikasi tarixida ilk bor ushbu loyiha doirasida gorizontal kapsula shaklidagi gidroagregatlar joriy etildi. Ular kichik bosim sharoitida ham yuqori samaradorligi bilan ajralib turadi va milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
GESda suv to‘sish inshooti ham qurildi. Shuningdek, hududda ma’muriy va xizmat binolari, dispetcherlik punkti barpo etildi. Atrof muhitni muhofaza etish va hududni obod qilish maqsadida 6 ming tup manzarali daraxt ekildi, kelgusi bahorda yana 7 ming tup mevali ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Shu jihatlari bilan bu yer nafaqat energetika, balki ekoturizm va rekreatsiya maskaniga ham aylanadi.
Umuman, Norin GESlar kaskadi – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan strategik loyiha hisoblanadi. 2026 yilda ikkinchi va uchinchi, 2027 yilda qolgan stansiyalar ham ishga tushiriladi. Har bir stansiyaning quvvati 38 megavatt bo‘lib, ularning faoliyatida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Energetika tizimidagi bunday yirik loyihalar aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, sanoat tarmoqlarini uzluksiz ishlatish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Shu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Hududda amalga oshirilgan salmoqli ishlar iqtisodiyot rivoji va aholi farovonligida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi sakkiz yilda viloyatga 7 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgan, 8 mingga yaqin yangi korxona ishga tushgan. Eksport qilinayotgan mahsulotlar turi 2 karra ko‘payib, 1 mingdan oshgan.
Mehnatga layoqatli aholini 82 foizi kichik biznes va tadbirkorlik orqali ro‘zg‘or tebratayapti. Aholining real o‘rtacha daromadi 3 barobar oshdi. Muhimi, bunday o‘zgarishlarni Namangan ahli o‘zining kundalik hayotida his qilayapti.
Yig‘ilishda bu sur’atini davom ettirib, natijadorlikni yanada oshirish imkoniyatlari tahlil qilindi. Xususan, yil yakunigacha 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 323 ming odamni ishli qilish, 26 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish vazifasi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mahallalarni obod qilish bo‘yicha muhim tashabbusni ilgari surdi. Unga ko‘ra, yurtimizda “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dasturga Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi 4 tadan, qolgan hududlardagi 2 tadan tuman, shuningdek, respublika bo‘yicha eng “og‘ir” 328 ta mahalla kiritiladi.
Qisqa vaqt ichida Namanganda kambag‘allik 2,5 barobar kamaygan. Tadbirkorlik loyihalari ko‘paygani, o‘rtacha oylik oshgani hisobiga ikki yilda migratsiyadagi 62 ming odam qaytgan.
Islohotlar shtabiga viloyatdagi xushmanzara joylar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis ob’ektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda viloyat sanoatining uchdan biri, eksportining yarmi to‘qimachilik sohasiga to‘g‘ri keladi. Namanganlik tadbirkorlar brend bilan ishlash bo‘yicha respublikada yetakchi.
Investitsiya olib kelish va brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish uchun bir oyda viloyatda alohida loyiha ofisi ochiladi. Xalqaro sertifikat olgan tekstil korxonalari 50 taga yetkaziladi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha Varshava va Londonda kamida 1 ming kvadrat metrli savdo uylarini tashkil qilish topshirildi. Umuman, viloyatda bu yil to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 500 million dollarga yetkazish, ikki yilda 1 milliard dollarlik 25 ta yirik loyihani ishga tushirish mumkinligi qayd etildi.
Yil boshidan buyon viloyatga 1 million 200 ming xorijiy, 2 million mahalliy sayyoh kelgan, turizm eksporti 200 million dollardan oshgan.
Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasini ham rivojlantirish kerak. Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri – Chortoq tumani imkoniyatlari to‘liq ishga solinmayapti. Turistlar uchun onlayn ma’lumot olish, joyni oldindan band qilish, madaniy hordiq chiqarish kabi oddiy xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bois Chortoq butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirilishi aytildi. Bunday loyihalar infratuzilmasi uchun 50 million dollar ajratiladi.
Jahon banki bilan O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida bu yil “Furqat” bog‘i rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi. Chortoqsoy bo‘ylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped yo‘laklari quriladi.
Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirg‘oqlarini 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi. Bu yerdagi ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘un holda sanatoriy tipidagi yirik servis ob’ektlari barpo etiladi.
“Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi. Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm majmuasi barpo etiladi.
Soha uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilinadi.
Prezidentimiz ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uychi, Uchqo‘rg‘on va Norin tumanlarini viloyat markazi va boshqa tumanlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l tirband bo‘lib kelayotgan edi. Shu bois, 63 milliard so‘m hisobiga Norin daryosi ustidan 480 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik qurilmoqda.
Shuningdek, Qoradaryo ustidagi 63 yil oldin qurilgan Namangan va Andijon viloyatlarini bog‘lovchi 180 metrli eski ko‘prikni rekonstruksiya qilish boshlandi. Buning natijasida transport qatnovi 2 barobar oshadi, yo‘lga ketadigan vaqt 1,5 karra qisqarib, tirbandlik kamayadi. Ushbu ko‘priklar kelgusi yilda ishga tushiriladi.
Viloyat markazini poytaxt bilan bog‘laydigan, kuniga 15 ming transport harakatlanadigan “Pungon – Namangan” yo‘lining 75 kilometri rekonstruksiya qilinadi. Bu yo‘l 246 million dollar hisobiga 4 tasmali, beton qoplamali qilib quriladi.
Viloyatdagi 30 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetib bormagani, tarmoqlarning 21 foizi ta’mirtalab ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kanalizatsiya bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham murojaatlar ko‘p.
Shuning uchun bu yil viloyatda suv tizimini yaxshilashga 800 milliard so‘m ajratildi. Mutasaddilarga yil yakunigacha 130 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 11 ta suv inshooti qurilishini yakunlab, foydalanishga topshirish vazifa qilib qo‘yildi.
Namangan shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi 70 yil oldin qurilgan “Kurashxona” suv inshooti bugungi kunda 50 foizdan kam quvvatda ishlamoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda bu inshoot rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Yaqinda Namangan aholisi bir millionli shaharga aylanadi. Bu sharoitda bog‘chalarni ko‘paytirish juda dolzarb ekani ta’kidlandi.
Bu borada tadbirkorlarga bir qator yengilliklar e’lon qilingan edi. Ulardan unumli foydalanib, Namangan shahrida bu yil 5 ming, keyingi yil 15 ming o‘rinli bog‘cha tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi. Viloyatdagi 49 ta texnikumda xorijiy standartlar va dual ta’lim joriy etilishi aytildi.
So‘nggi uch oyda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida 3 mingga yaqin muhtoj insonlarga qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Natijada bu bilan band bo‘lgan 350 kishi ishga joylashgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga endilikda demensiya va Parkinson bilan og‘rigan odamlar uchun ham qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
– Bugun sizlar bilan shahar va tumanlarni rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash bo‘yicha yangi marralarni belgilab oldik. Agar biz birlashsak, bundan ham katta natijalarga erisha olamiz. Ishning ko‘zini biladigan, tadbirkor va mehnatsevar namanganliklar bilan viloyatni yurtimizning eng obod va farovon hududilaridan biriga aylantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda belgilangan vazifalar bo‘yicha hudud va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi, tadbirkorlar va jamoatchilik vakillari bilan muloqot bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari
- Qo'shildi: 17.09.2025
- Ko'rishlar: 75
- Chop etish