9 fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun
Alisher Navoiy hayotlik chog‘idayoq musulmon sharqida katta dovrug‘ taratgan, uning she’rlari o‘zining ta’biri bilan aytganda Xitoydan Xurosongacha, Sherozu Tabrizgacha yetib borgandi.
Buyuk shoir asarlarini mahorat bilan ko‘chirib, o‘sha davrdagi o‘quvchilarga va asrlar osha bugungi kunimizga yetib kelishiga katta hissa qo‘shgan xattotlardan biri, asli Xorazmdan bo‘lgan mashhur xattot va shoir Abdurrahim Xorazmiy – Anisiydir.
Anisiy haqida bizgacha juda kam ma’lumotlar yetib kelgan. Turkiya Diyonat vaqfi tomonidan chop etilgan “Islom ensiklopediyasi”da yozilishicha, Anisiy Sherozda, xorazmlik xattot Abdurrahmon Xorazmiy oilasida tug‘ilgan, dastavval Sherozda, Oqqo‘yunli hukmdori Uzun Hasanning o‘g‘li Sulton Xalil saroyida, keyinchalik Tabrizda, hukmdor Sulton Ya’qub saroyida yashab ijod qilgan. Abdurrahim Xorazmiyning tug‘ilgan va vafot etgan yillari ma’lum emas. Ya’qubiy, Sultoniy, Anisiy, Rustamiy singari taxalluslardan foydalangan. She’rlari jamlangan devonni o‘z qo‘li bilan 899/1494 yilda ko‘chirib, Oqqo‘yunli sulolasi vakillaridan bo‘lgan Amir Muhammadga tuhfa qilgan. Anisiy tomonidan ko‘chirilgan bir qator qo‘lyozmalar – “Muntaxaboti g‘azaliyot” (Ayo Sofiya, Sulaymoniya kutubxonasi, №3946), “Muntaxaboti ash’ori forsiy” (Istanbul universiteti kutubxonasi), Nizomiyning “Xamsa”si (To‘pqopi saroyi kutubxonasi №762) bizgacha yetib kelgan.
Kotibning otasi Abdurrahmon Xorazmiy tomonidan ko‘chirilgan qo‘lyozmalar 1436-1462 yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Chamasi Abdurrahmon Xorazmiy XV asrning boshida Xorazmda tug‘ilgan, yoshlik yillarida Sherozga ko‘chib kelgan va shu yerda yashab qolgan. Uning ikki o‘g‘li Abdulkarim va Abdurrahim ham ota kasbini davom ettirib, kotiblik bilan shug‘ullanishgan, nasta’liq xatida mahorat bilan yozishda dovrug‘ qozonishgan. Abdulkarim ham akasi va otasi singari kotiblik qilish bilan birga “Podshoh” taxallusi bilan she’rlar bitgani ma’lum.
Taniqli olim Aftondil Erkinov tomonidan topilib, “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” nomli shartli nom bilan fanga olib kirilgan noyob qo‘lyozma ham bevosita Anisiy tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, unda Alisher Navoiyning ilk g‘azallari va bosh she’rlari devon ko‘rinishiga keltirilgan.
Nasta’liq xatida bitilgan ushbu qo‘lyozma 67 varaqdan iborat. Qo‘lyozmaning qanday Misrga borib qolgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Devon xotimasidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, u 876 yili rajab oyining 12-kuni, (1471 yili 24 dekabrda) ko‘chirilgan. Bu paytda Navoiy hali 30 yoshli yigit edi.
Safaviylar sulolasining vakili Som Mirzo (1517-1576) o‘zining «Tuhfai Somiy» tazkirasida Abdurrahim Xorazmiyni Mavlono Anisiy nomli shoir sifatida tanishtirib, uning 30 yildan ko‘proq Oqqo‘yunlilar saroyida xizmat qilganini qayd etgan. Abdurrahim Xorazmiy – Anisiy Navoiy devonidan tashqari Abdurahmon Jomiy she’rlarini ham ko‘chirgani taxmin qilinadi.
Xo‘sh, Navoiy bilan bir paytda yashagan xattot Anisiy ulug‘ shoirning o‘zi bilan uchrashgan bo‘lishi mumkinmi? Yuqoridagi manbalarni o‘rganib taxmin qiladigan bo‘lsak, Anisiy Navoiy bilan ko‘rishmagan. Chunki, Navoiy o‘zi o‘qigan, eshitgan, bilgan, tanigan shoirlar, mualliflar, kotiblar haqida, hatto ularning shaxsiyati va ijodi u qadar maqtovga arzimasa-da, imkon qadar ma’lumot berib o‘tishga harakat qilgan. Navoiy “Majolisun-nafois” tazkirasining ikkinchi majlisida Mavlono Anisiy nomli shoir haqida to‘xtalib o‘tadi. Ammo u haqdagi ma’lumotlar biz tilga olgan xorazmlik kotibning tarjimai holiga uncha to‘g‘ri kelmaydi. Birinchidan, Alisher Navoiy Mavlono Anisiyni marhum shoirlar qatorida tilga oladi. Ammo, yuqoridagi manbalardan bilamizki, Abdurrahim Xorazmiy 1494 yilgacha Oqqo‘yunlilar saroyida xizmat qilgan. “Majolisun-nafois” esa, 1491 yilda yozilgan edi. Qolaversa, Navoiy Mavlono Anisiyning qabrini Hirotda deb biladi. Biroq, Abdurrahim Xorazmiy umrining oxirida Hirotda yashagani haqida ma’lumotlarga duch kelmadik.
“Majolisun-nafois”ning Hakimshoh Muhammad Qazviniy tomonidan 1522 yilda forschaga qilingan erkin tarjimasida, Navoiyga qo‘shimcha ravishda Oqqo‘yunlilar saroyida faoliyat ko‘rsatgan bir qator shoirlar va kotib haqida ma’lumot berarkan, Mavlono Anisiy – Abdurrahim Xorazmiy haqida ham ma’lumot berib o‘tadi.
Xullas, o‘zi yashagan zamon va makonda, shoir hamda kotib sifatida dovrug‘ taratgan hamyurtimiz Abdurrahim Xorazmiy buyuk shoir Mir Alisher Navoiy ijodidan yaxshi xabardor bo‘lgan, uning she’rlarini o‘g‘uz lahjasida ko‘chirgan. Anisiy shaxsi o‘zbek xalqining va adabiyotining bir vakili, Navoiy bilan bir paytda yashagan vatandoshimiz sifatida e’zoz va ehtiromga loyiq.
Rustam JABBOROV,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
O‘zA
- Qo'shildi: 08.02.2024
- Ko'rishlar: 2461
- Chop etish