Navro‘z – ezgu orzu-umidlar, yaxshiliklar, yasharish, mehr-muruvvat, saxovat, yangilanish ayyomi. Bahor nafasi kezib yurgan shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu go‘zal va betakror ayyomga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami diyorimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanishi belgilangan.
Taniqli olim va adib Shomirza Turdimov – baxshichilik, dostonchilik, milliy qadriyatlarimiz, ma’naviy merosimiz, xalq ijodiyotining donishmandi. Uning milliy so‘z san’atimiz, merosimizga oid qimmatli fikrlari aks ettirilgan 200 dan ortiq ilmiy-ma’rifiy maqolalari respublika va chet el nashrlarida e’lon qilingan.

Barcha birdek orziqib kutadigan Navro‘z ayyomi, uning g‘oyasi, tarixiy ildizlari xususida atoqli folklorshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Folklor bo‘limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Shomirza TURDIMOV bilan suhbatlashdik.
– Shomirza aka, Navro‘zning azaliy qadriyatlar, eng ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan ayyom ekani ko‘proq qaysi tarixiy manbalarda, qo‘lyozmalarda ko‘zga tashlanadi?
– Navro‘z xalqimizning borligini, ulug‘ligini namoyon etuvchi, xalq ma’naviyatining ibtidosidan kelayotgan qadimiy bayramdir. Asl tug‘ma qadriyatlar xalqning qon xotirasidan o‘rin egallaydi. Navro‘z udumlari, qo‘shiqlari, an’analari xalqimiz hayotiga shu qadar singib ketganki, uni idrok etish xalqni tanish barobarida amalga oshadi.
Insonni, tabiatni, jamiyatni bir butunlikda anglash, ularning taraqqiy topishi ushbu butunlikning uyg‘unligida kamolot maqomiga erishishini uqish, Navro‘z kabi bayramlar falsafasi, mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Har nafasida o‘ying, so‘zing, amaling bir-biriga mos tarzda ezgu bo‘lsin, deb uqtirib kelgan xalqning xotirasi Navro‘z kabi bayramlarida har yili yangilanib, anglanib boraveradi.

Navro‘z shunchaki tun-kun teng kelgan dam emas. Balki, insonning butun borliq hujayralari qon tomirida bir tin olib, qayta uyg‘onayotgan ulkan kosmik quvvatni o‘z tanasi, qalbida his qilib, uning harakatga kelishiga kamarbasta bo‘lish dami hamdir. “Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema”, deb kuylagan baxshi ana shu lahzalar, onlar, maftunkor bahor lazzatidan zavqu shavqqa to‘lib toshgan bo‘lsa, ne ajab!
Navro‘z qadr kuni hisoblanadi. Abu Rayhon Beruniy «Bu kun – farishtalar qadrlaydigan kundir, chunki shu kuni farishtalar yaratilgan. Bu kunni payg‘ambarlar ham qadrlaydi, chunki shu kuni quyosh yaratilgan. Bu kunni shohlar ham qadrlaydilar, chunki bu kun yilning birinchi kunidir» deb yozar ekan, ushbu kunning inson hayotida qanchalar ulug‘ tutilganiga guvohlik beradi.
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Nosiruddin Rabg‘uziyning “Qissasi Rabg‘uziy”, Alisher Navoiy asarlarida Navro‘z bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlar, badiiy talqinlar uchraydi. Bu asarlarda Navro‘z shunchaki tilga olingan emas. Bayram mohiyati ularda aks etgan. Biz ushbu ma’lumotlarni bugungi kun nuqtai nazaridan baholamog‘imiz kerak. Xalq aytadiki, “Qadrlasang qadr topasan!” Shunchaki qadrlash, baholash bilan ish bitmaydi. Ularni turmushimizga, amallarimizga payvand etishimiz kerak bo‘ladi.
– Domla, bahorning ushbu betakror ayyomi eng avvalo, ona-tabiatning uyg‘onishi, kun va tunning tenglashishi, atrof-borliqdagi barkamollik, mukammallik bilan uzviy bog‘liqdir. Navro‘zning xalqchil, insonparvar, umri bardavom ezgu g‘oyalarini qanday talqin etgan, izohlagan bo‘lar edingiz?
– Avvalo, Navro‘z kun va tun teng kelgan kundir. Qadimda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvi, uning qutblarini bilish kishilar faoliyatida muhim ahamiyat kasb etgan. Ajdodlarimiz quyosh, oy, yulduz kabi osmon yoritqichlari harakatini kuzatib ular haqida mukammal bilimga ega bo‘lganlar. Bu ularning kundalik, xo‘jalik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy va diniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Aslida Navro‘z haqidagi mavsumiy marosimlar va qo‘shiqlar mohiyatida ana shu jarayonlar haqidagi tasavvurlar o‘z aksini topgandir.
Dunyoning barcha xalqlarida yilni fasllarga, mavsumlarga bo‘lishning o‘ziga xos tartibi bor. Avvalo, ko‘pchilik xalqlar o‘rtasida ikki tartibdagi taqvim amal qiladi. Biri – quyosh taqvimi, ikkinchisi – oy taqvimi. Xalqimiz o‘rtasida qadim-qadimdan mana shu ikkita taqvim amaliyotda keng qo‘llanilgan. Bu holatning tub asoslari quyosh bilan yer, hamda ma’lum yulduzlar va oy munosabatiga bog‘liq. Fasllarning almashinib turishi, kunduz va kechaning teng kelishi, uzun tun va kun o‘lchamlari qamariy taqvim uchun mezon sanalsa, Qambar hamda Hulkar yulduzlar turkumi bilan oyning to‘qnash kelish holatlari to‘g‘al taqvimiga tayanch, mezon sanaladi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz ana shu taqvimlar asosida kun, hafta, oy, fasllar va yil chegaralarini aniqlagan. Ob-havo o‘zgarishlarini oldindan bilib, xo‘jalik ishlarida kerakli tadbirlarni amalga oshirganlar.
Yangi yilning boshlanishi, yakunini bayram qilganlar. O‘tkazilgan bayram nafaqat odamlarning ko‘ngilxushligi, balki ularning tilak-orzulari, tabiatga ruhan bog‘lanib unga qo‘l-qanot bo‘lish istaklarini ham ifodalagan. Bayram va marosim tizimi shu taxlit qat’iy an’anaga kirgan, ajdodlardan avlodlarga meros bo‘lib o‘tgan, o‘z zamoniga mos yangilana borgan.
Biz bu qadriyatlar mag‘zini bugungi avlodlarga tushuntirishimiz juda muhim. Bu ma’lumotlarni faqat fakt sifatida qayd etishimiz muzey eksponati kabi, ko‘z ko‘rgulik, quvongulik holat bo‘lib qoladi. Xalqimizning bu bilimlarini zamonaviy usullarda qayta jonlantirsak, qonimizdagi mudroq hujayralar qayta uyg‘onib, zamonaviy rivojlanish oqimiga yangi to‘lqin bo‘lib qo‘shilishi mumkin bo‘ladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining ilmiy jamoasi tomonidan Navro‘z, milliy qadriyatlarga oid olib borilayotgan tadqiqotlar xususida ham so‘zlab bersangiz.
– Xotiraning turlari ko‘p. Biz uni og‘zaki va yozma xotira, deymiz. Yozma manbalarda kelgan ma’lumotlar yozma xotirani, xalqning yodida saqlanib, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotganlari og‘zaki xotirani tashkil etadi. Odatda, kishilar yozma manbaga ko‘proq ishonadi. Uning haqiqatga qanchalik to‘g‘ri ekanligini o‘ylab o‘tirmaydi. Xalq folklori betakror udum-marosimlarimiz ham og‘zaki, ayni paytda, harakatdagi xotira hisoblanadi. Xotiraning yana bir turi borki, bu qon yodida turadigan, ilmiy tilda aytganda, gendan o‘tadigan xotiradir. Xalqning qaysi an’analari, udum-marosimlari, moddiy-ma’naviy merosi yodiga singishgani kuzatilsa, ular tug‘ma va qadimiy bo‘ladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining xodimlari olib borayotgan ilmiy tadqiqotlar qatorida bevosita xalqimizning qadimiy bayrami Navro‘z mavzusi ham alohida tadqiqotlar ob’ekti bo‘lib kelgan va bu yo‘nalishdagi ishlar izchillik bilan davom etmoqda. Xususan, institutning folklor bo‘limi xodimlari tomonidan yaratilgan “Navro‘z”, “Navro‘z nashidasi”, “O‘zbek mavsumiy marosim folklori” kabi kitoblarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Ayni paytda ilmiy xodimlarning gazeta, jurnal, radio va televideniyedagi uzluksiz chiqishlarida bayram tarixi, xalq hayotidagi o‘rni va ahamiyati keng yoritib berilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Navro‘z ayyomi insonni, umuman, tabiatni mudom yangilanishga, yasharishga undaydigan, odamlar o‘rtasida mehr-sadoqat, oqibat, insoniylik, ezgulikka xayrixohlik, poklik, muruvvat va saxovatni yanada mustahkamlashga chorlovchi qadimiy, betakror, suyukli, ezgu xususiyatlari bisyor bayramdir!
– Qiziqarli va samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 19.03.2025
- Ko'rishlar: 493
- Chop etish