Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan sharoitlar muhokama qilindi

Joriy yilning 16-aprel kuni Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatga moslashuvini taʼminlash hamda bu borada Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda senatorlar, Farg‘ona viloyati Kengashining deputatlari, doimiy komissiyalari raislari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda viloyatdagi sohaga masʼul rahbarlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi besh yil davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinib, uni amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi qabul qilindi.

Ushbu hujjatlar ijrosi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va tibbiy yordamlar ko‘lami kengaymoqda. Shuningdek, inklyuziv taʼlim, qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu sohada qonunchilik hujjatlari ijrosi Farg‘ona viloyatida o‘rganilganida qator ishlar amalga oshirilayotganligi va buning natijasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yana-da qulay sharoitlar yaratilayotganligi taʼkidlandi.

 Jumladan, 2023-yilda 2 895 nafar, 2024-yilda esa 8 472 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs umumiy 15,8 mlrd so‘mlik protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar doirasida 2023-yilda 4 098 ta, 2024-yilda 5 013 ta imtiyozli yo‘llanma berildi. Bundan tashqari, 2023-yilda 1 035 nafar, 2024-yilda 1 122 nafar shaxsga jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi.

2024-yilda viloyatda “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 9 882 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizga 13,7 mlrd so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Shu jumladan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan 6 741 nafar xotin-qizga 8,9 mlrd so‘mlik, nogironligi bo‘lgan farzandi uchun 3 124 nafar onalarga 4 mlrd so‘mlik bir martalik moddiy yordam berildi hamda 17 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning uy-joyi taʼmirlandi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhitni yaratish maqsadida o‘tgan yilda 9 ta tibbiyot muassasasidagi liftlar yangisiga almashtirildi, 41 ta tibbiyot muassasasidagi panduslar taʼmirlandi, 40 ta jamoat transporti vositasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga mos ravishda jihozlandi.

Majlisda ushbu sohada amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda mavjud muammolarga ham eʼtibor qaratildi.

 Xususan, viloyatda inklyuziv taʼlim tashkil etilgan 71 ta umumiy o‘rta taʼlim maktabining 12 tasi maxsus pedagog-o‘qituvchilar bilan taʼminlanmagan bo‘lsa, 19 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida tashkil etilgan inklyuziv guruhlarga nogironligi bo‘lgan tarbiyalanuvchilar yetarlicha qamrab olinmagan.

Shuningdek, 2023-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan 2 525 ta ish o‘rinidan 1 797 tasiga, 2024 yilda kvotalangan 2 632 ta ish o‘rinidan 2 015 tasiga nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashtirilmagan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kvotalangan ish o‘rinlari yaratilmagan holatlar ham uchradi. Bu turdagi huquqbuzarliklar uchun 2023-yilda 46 ta tashkilot rahbariga nisbatan, 2024-yilda 8 ta tashkilot rahbariga nisbatan maʼmuriy jarimalar qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, tibbiyot birlashmalaridagi liftlarning taʼmirtalab holati, umumtaʼlim va oliy taʼlim muassasalaridagi panduslarning standart talablarga javob bermasligi, piyodalar yo‘laklarida nogironligi bo‘lgan shaxslar harakatini cheklovchi to‘siqlarning mavjudligi ham tanqid qilindi.

Shuningdek, Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan nogironlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha texnik qismlar mavjud bo‘lmagan loyihalarga ijobiy xulosa berilgan holatlar aniqlangan.

Muhokama davomida senatorlar va deputatlar tomonidan yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi va tegishli tavsiyalar berildi.

Qo‘shma majlis yakunida senator va deputatlarning munosabatidan kelib chiqib, Senat qo‘mitasi va xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech