Ijtimoiy adolatni taʼminlashda xalqaro tajriba va hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan Butunjahon ijtimoiy adolat kuniga bag‘ishlab videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan  “Yevropa va Markaziy Osiyoda har bir avlod uchun ijtimoiy adolatni taʼminlash” mazusidagi xalqaro vebinarda ishtirok etdi.

Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash lozim, 2009-yildan buyon dunyo miqyosida, jumladan, O‘zbekistonda ham har yili 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World Day of Social Justice) sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 26-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan taʼsis etilgan. Butunjahon ijtimoiy adolat kunining maqsadi – jahon hamjamiyati eʼtiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga qaratishdan iboratdir.

Mazkur sana munosabati bilan Ijtimoiy adolat uchun Global Koalitsiya tuzilganidan so‘ng Xalqaro Mehnat Tashkiloti butun dunyo bo‘ylab bir qator tadbirlar o‘tkazmoqda. Ushbu tadbirlar ko‘p tomonlama va mintaqaviy institutlarni, shuningdek, XMTning uch tomonlama ishtirokchilarini dunyoda qanday qilib ijtimoiy adolatga erishishni muhokama qilish uchun birlashtiradi.

Vebinarda Ijtimoiy adolatni har tomonlama taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoshlar uchun munosib mehnat, taʼlim olish, ishga joylashtirish borasida yaratilgan imkoniyatlar, tajribalar, shuningdek, sohada xalqaro hamjamiyat xususan, XMTga aʼzo davlatlar oldida turgan vazifalar xususida so‘z yuritildi, o‘zaro fikr almashildi.

Anjuman ishtirokchilari, xususan Xalqaro mehnat tashkiloti hamda BMTning YUNISEF bolalar jamg‘armasi vakillari tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, inson huquqlarini, xususan, bola huquqlari va kafolatlarini taʼminlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash, ushbu sohalarga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi.

Tadbir so‘ngida Xalqaro mehnat tashkiloti shafeligida bu kabi muloqot maydonlarini yana-da kengaytirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish borasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish ishlarini kuchaytirishga kelishib olindi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech