Joriy yilning 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi Konsuelo Vidal Bryus bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonning mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarini hal qilish borasidagi saʼy-harakatlar va davlat rahbari tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilgan tashabbuslar BMT tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishi taʼkidlandi. Bu, o‘z navbatida, ushbu nufuzli tuzilma bilan munosabatlar izchillik kasb etayotganini anglatadi.
Konsuelo Vidal Bryus xonim O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, respublikamizning BMT bilan hamkorligi yangi bosqichda rivojlanayotganini taʼkidladi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, umuman hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 08.05.2024
- Ko'rishlar: 1846
- Chop etish