Har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda OITSga qarshi butunjahon kurash kuni sifatida nishonlanadi. Bu sanada OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, undan saqlanish bo‘yicha ogohlikni oshirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsad qilinadi.
Bu kasallik ijtimoiy kasallikdir. Shuning uchun u keng ma’noda nafaqat iqtisodiy, siyosiy zarar yetkazadi, shuningdek, oilaviy, ruhiy, ma’naviy, axloqiy jihatdan salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Shunday ekan, kasallikning oldini olish, davolash, tarqalishini cheklash ishlarida aql-zakovat bilan ish tutish katta ahamiyatga ega. Shu sababli ruhiy to‘siqlarni bartaraf etish har qanday sharoitda ham axloq, odob va o‘zaro hurmat ruhida yashash, ma’naviy va madaniy javobgarlikni o‘z burchi deb bilishi kerak bo‘ladi.
OITS degani – orttirilgan immunitet tanqisligi sindromidir. Bu odamning kasallanganini bildiradi. Hozirgi vaqtda keng jamoatchilikni tashvishga solayotgan muammolardan biri – bu orttirilgan immun tanqisligidir.
Ushbu kasallikda organizmni ichki va tashqi zararli ta’sir etuvchi ta’sirotlardan himoya qiluvchi – immun tizimi virus ta’sirida izdan chiqadi. OITSni fransuz olimi Lyuk Montante va amerikalik olim Robert Gallo kashf etgan virus keltirib chiqarishi isbotlangan. Bu xastalikning negizida kishi organizmining kasalliklarga, ayniqsa, infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatining buzilishi yotadi.
OITS o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘limga olib kelmagani holda kishida o‘pka yallig‘lanishi, turli-tuman infeksiyalar, miyaning jarohatlanishi, xatarli o‘smalarning rivojlanishi va boshqa xastaliklarga zamin hozirlaydi. Uzoq davolana olmaydigan zotiljam, diareya, sil va boshqalar shular jumlasidandir. Ularning barchasi uchun umumiy limfa tugunlarining kattalashishi, bemorning ozib ketishi, unda kuchli avitaminoz, bitmaydigan yaralar va boshqalar paydo bo‘lishi kuzatiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning 197 mamlakatida 2000 yil oxirigacha 5,5 million odam OITS bilan xastalangan va ulardan 15,5 millioni vafot etgan. Hozirgi kunda esa bu xastalikka chalinganlar soni 90 million atrofida.
O‘zbekistonda ham OITS bilan kasallanganlarning soni ortib bormoqda. Shuning uchun xalqimizga OITS haqida ilmiy asoslangan, mukammal tushunchalarni yetkazishning ahamiyati nihoyatda katta.
Sog‘lom odamga OITS ko‘p hollarda jinsiy aloqa orqali hamda OITS bilan kasallangan yoki virus tashib yuruvchi odamlardan (donorlardan) olingan qonlarni umumiy kasallik bilan xastalangan bemorlarga quyish yoki yaxshi zararsizlantirilmagan tibbiy asboblar bilan muolaja qilish orqali yuqishi mumkin. Ona suti orqali, ya’ni virus tashuvchi yoki OITS bilan kasallangan ona bolasini emizganda hamda kasallik virusining homilaga yo‘ldosh orqali o‘tishi ham aniqlangan.
Yurtimizda OITSning tarqab ketishi oldini olishning asosiy choralari ko‘rilgan. Unga qarshi kurashuvchi ixtisoslashtirilgan respublika markazi, viloyatlarda, shaharlarda uning bo‘limlari tashkil etilib, u yerlarda diagnostika laboratoriyalari ochilgan.
Respublika OITS markazi qoshidagi anonim xonada OITS yoki virus tashuvchilikka gumon qilingan shaxslar anonim yoki ochiq holda tekshirishdan o‘tishlari mumkin. Shuningdek, bu yerga xohlagan shaxs murojaat qilib, o‘zini qiziqtirgan muammolar yuzasidan maslahatlar olishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, OITS biz bilan birga XXI asrga kirib kelganini hisobga olib, har bir kishi bu masalada jon kuydirmog‘i darkor. OITS virusining yuqish ehtimoli bor ekan, har bir erkak, ayol va farzandlarimiz, OITSning kelib chiqishi sabablarini yaxshi anglab, o‘z xulq-atvorlarini oliy darajada saqlab yursalar, bu kasallik changaliga tushmasliklari aniq.
Madina Nurulloeva,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Umumiy bo‘limining yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 01.12.2021
- Ko'rishlar: 5781
- Chop etish