Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasida Prezidentimiz boshchiligida tizimli islohotlar amalga oshirildi. Muhimi, ushbu sohada aniq natijalarga erishilmoqda.
Bu boradagi mamlakatimiz tajribasi xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida qaralayotgani XMT tomonidan e’tirof etilgan. 2024 yil iyun oyida O‘zbekiston XMTning Ma’muriy kengashiga saylangani buning yorqin ifodasidir.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish, yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etishga e’tibor qaratildi. 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar, ko‘rilgan choralar, saqlanib qolayotgan masalalar hamda 2025 yilga rejalashtirilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Senat Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi T.Norboyeva boshqargan majlisda odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari sohasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar, sohadagi mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar aks etgan axborot Prezidentga kiritilgani ma’lum qilindi.

Bu yo‘nalishda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti takomillashtirildi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishning tashkiliy va amaliy chora-tadbirlari kuchaytirildi. Aholining odam savdosi va munosib mehnat masalalari bo‘yicha xabardorligi oshirildi. Ishlab chiqarish tarmoqlarida xalqaro mehnat sohasidagi texnik standartlarni joriy etishga e’tibor kuchaytirildi. Xalqaro hamkorlik faollashtirildi.
2024 yilda odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etish, sohaga doir qonunchilik asoslarini takomillashtirish maqsadida 36 normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Ushbu sohada davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yanada yaxshilash maqsadida 3 ta chora-tadbirlar dasturi qabul qilinib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Mehnat inspeksiyasining vakolatlari kengaytirildi. Inspeksiyaga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni to‘siqlarsiz o‘tkazish vakolati berildi.
Milliy komissiya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish maqsadida ish beruvchilarga yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan. Ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish yuzasidan kiritilgan da’vo arizalari ko‘rib chiqilishi natijasida 25,7 milliard so‘m undirish yuzasidan sud qarorlari chiqarilgan.
Majlisda 2024 yilda odam savdosiga qarshi kurashish, sohaga doir qonunchilik asoslarini takomillashtirish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi.
Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, chaqaloq savdosi jinoyati sodir etilgani uchun jazo chorasi kuchaytirildi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash, ularga ijtimoiy, huquqiy yordam ko‘rsatish uchun IIVning “Dolzarb aloqa tarmog‘i” uzluksiz ishlashi ta’minlanmoqda.
Odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Sudlar tomonidan odam savdosiga aloqador 195 nafar shaxsga nisbatan 143 jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 138 jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi 188 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan.

Odam savdosiga oid jinoyatlardan jabrlangan shaxslarga tibbiy-psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatildi, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, uy-joy muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Majlisda hududlarda odam savdosiga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi muammoli masalalar muhokama qilindi.
Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, munosib mehnat masalalari bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining axborotlari eshitildi.
Milliy komissiya tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2025 yilda odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborotda bildirilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi (yo‘l xaritasi) loyihasi ko‘rib chiqildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish kichik komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi loyihasi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 17.04.2025
- Ko'rishlar: 204
- Chop etish