Ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 2 mingga yaqiniga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etdi.
Qonunga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41-1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish), 59-2-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) va Jinoyat kodeksi 126-1-modda (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik), 141-3-modda (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirildi.
Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil birinchi choragida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 ming 343 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 ming 344 nafariga jarima jazosi, 2 mingga yaqiniga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 22.05.2024
- Ko'rishlar: 1524
- Chop etish