Davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu yo‘nalishda zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) qiynoqlarning oldini olish maqsadida Jamoatchilik vakillari bilan birgalikda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga monitoring tashriflarini amalga oshirmoqda.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Inson huquqlari bo‘yicha vakil va uning huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhlari Qashqadaryodagi qator penitensiar muassasalarga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Tadbirda senator va deputatlar, Ombudsman xodimlari hamda “Madad” NNT va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
3-son jazoni ijro etish koloniyasida o‘tkazilgan monitoring tashrifi davomida muassasaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, koloniyadagi "Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirildi.
O‘g‘lini ko‘rish uchun uzoq muddatli uchrashuvga kelgan ona bugun nabiralari bilan kelganini aytdi. “Muassasadagi sharoitlar yaxshi ekani sababli ko‘nglim xotirjam. Hozir nabiralarim otasi bilan o‘ynayapti, ularga ovqat pishirib bermoqchiman”, dedi mahkumning onasi.
Koloniyadagi ishlash qobiliyatiga ega bo‘lgan mahkumlar g‘isht zavodi, tikuvchilik, mebel va qog‘oz ishlab chiqarish sexlarida ishga jalb etilgan. Nogironligi bor shaxslar, betoblar va keksa mahkumlar ishga jalb etilmaydi.
Oylik masalasida tikuvchilik sexida ishlovchi mahkumlardan biri bilan suhbatlashilganda, u koloniyaga kelgandan keyin shu kasbni o‘rgangani va unga ishbay asosida ish haqi to‘lanayotganini ma’lum qildi.
Shu bilan bir qatorda, koloniyada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan mahkumlar murojaati holi tarzda qabul qilindi.
Shu kuni viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialiga ham monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Ombudsman ushbu muassasalarda o‘tkazilgan avvalgi o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilganiga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, bir yil avval viloyat asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasida binoning ta’mirtalabligi hamda sanitariya-gigiyena talablariga zid bo‘lgan kanalizatsiya bilan bog‘liq muammolar hamda yuvinish xonalarida issiq suv yo‘qligi kabi kamchiliklar aniqlangan edi.
Monitoringda shifoxona boshqa binoga ko‘chirilgani va uning hududida bemorlarning sayr qilishi hamda toza havodan bahramand bo‘lishlari uchun keng hudud ajratilib, obodonlashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bino ichkarisi yaxshi ta’mirlangan, kerakli mebellar va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlangan.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat filiali esa Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra qayta rekonstruksiya qilinib, avval bildirilgan kamchiliklar bartaraf etilgani ma’lum bo‘ldi.
To‘rt kunlik tashrif davomida Qashqadaryo viloyatidagi 2- va 10-son jazoni ijro etish koloniyalari, 5-son tergov hibsxonasi, 35- va 33 son manzil-koloniyalari, Qashqadaryo viloyati IIB maxsus qabulxonasi hamda reabilitatsiya qilish markazi, Qarshi shahri, Koson va Kitob tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Shahrisabz ayollar muruvvat uyi va qator boshqa yopiq muassasalardagi sharoitlar ham o‘rganildi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Ombudsman tomonidan qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar, jumladan, monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 20.03.2024
- Ko'rishlar: 2284
- Chop etish