Shusha shahrida “Soxta narrativlarni fosh qilish: dezinformatsiyaga qarshi kurash” mavzusidagi II Global mediaforumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 50 dan ziyod davlatidan OAV vakillari ishtirok etayotgan ushbu tadbirning muhim qismi – Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqot barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Yer yuzining turli mintaqalaridan kelgan hamkasblarimiz tomonidan davlat rahbariga berilgan savollar turli mavzularni qamrab oldi. Xususan, O‘zA muxbiri mamlakat yetakchisining mediaindustriya kelajagi borasidagi qarashlari va jurnalistika sohasiga nisbatan keng joriy qilina boshlagan neyrotarmoqning tobora ortayotgan ahamiyati haqidagi fikri bilan qiziqdi. Bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan neyrotarmoq, bir tomondan, turli sohalarda ishni yengillashtirsa, ikkinchi tomondan feyk yangilik va dipfey yaratish vositasi bo‘lib xizmat qilishi, hatto turli davlatlar rahbarlari, taniqli shaxslar ham shunday jarayon qurboni bo‘layotganini ta’kidladi.
Shu nuqtai nazardan media sohasi vakillari zimmasidagi mas’uliyat, xususan bunday tavakkalchilikka qarshi kurash bo‘yicha global ko‘lamda muayyan takliflar, chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifani alohida ta’kidladi. Barchani BMT, G20 va boshqa yirik xalqaro tuzilmalar doirasida hamkorlik qilishga chaqirdi.
Ilhom Aliyevning media sohasi vakillari bilan muloqoti kutilganidek ochiq, konstruktiv ruhda o‘tdi.
Boshqa tadbirlar, jumladan Turkiy axborot agentliklari alyansi (ATNA) boshqaruvi yig‘ilishi bugun bo‘lib o‘tyapti.
Forum doirasida “Ta’sirni baholash: dezinformatsiya qamrovi sohasini belgilash”, “Dezinformatsiyaga qarshi turuvchi yanada barqaror jamiyat barpo etish bo‘yicha siyosat va tashabbuslar”, “Sun’iy intellektning voqelikka, OAV va dezinformatsiyaga ta’siri: mediasavodxonlikni rag‘batlantirish”, “Iqlim harakati va OAV” kabi mavzularda sessiyalar tashkil qilinadi.
Ayni payt forum ishtirokchilari – rasmiy shaxslar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati, davlat idoralari va biznes tuzilmalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, media sohasi ekspertlari sessiyalar doirasida o‘zaro fikr, tajriba almashmoqda.
Durdona Solihova, O‘zA.
Shusha shahri, Ozarbayjon
- Qo'shildi: 22.07.2024
- Ko'rishlar: 1213
- Chop etish