Poytaxtimizda Jahon Banki, Oliy Majlis Senati, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va Taraqqiyot vazirligi (FCDO) hamkorligida «O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatni baholash» hisobotining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida olib borilgan tadbirda mamlakatda ayol huquq va erkinliklarini amalga oshirish yo‘lidagi mavjud muammolar va imkoniyatlar muhokama qilindi.
Xususan, Oliy Majlis Senati a’zolari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari mamlakat hayotining turli sohalarida gender tengligiga erishish va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va institutsional chora-tadbirlar haqida gapirdi. Yutuqlar qatorida mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida ayollarning mehnat huquqlarini ta’minlash borasida erishgan natijalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, teng qiymatdagi ish uchun ayollarga erkaklar bilan teng haq to‘lashni kafolatlovchi nizomlar qabul qilindi. Ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar ham bekor qilindi. Ushbu nizomlarni o‘z ichiga olgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi.
Bundan tashqari, ayollarni oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, ushbu turdagi jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Mamlakatimizning yuqorida ta’kidlangan sohalardagi muvaffaqiyatlari Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» yillik hisobotida qayd etilgan. Hisobotda 190 mamlakatdagi gender tengligi bilan bog‘liq vaziyat baholanadi.
O‘zbekiston boshqa 18 ta davlat qatorida yuqorida qayd etilgan ayollar huquqlarini kengaytiruvchi huquqiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida mamlakatimiz gender tengligi bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirishda eng yuqori natijalarga erishgan beshta davlatdan biriga aylandi.
Tadbir davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash» yangi hisobotining asosiy xulosa va tavsiyalari taqdim etildi. Bunday tadqiqotlar Jahon banki tomonidan ma’lum bir mamlakatda gender tengligi holatini baholash uchun ishlatiladigan o‘ziga xos diagnostika vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular ma’lumotlarni tahlil qiladi va gender tengligi muammolari bilan bog‘liq asosiy muammolar va imkoniyatlarni aniqlaydi.
«O‘zbekiston: mamlakatdagi gender holatini baholash» hisobotida gender tengligining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ayollarning iqtisodiy faoliyat va imkoniyatlar, ta’lim tizimi va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlariga e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, unda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajrashish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtiroki bilan bog‘liq vaziyat o‘rganiladi. Bundan tashqari, hisobotda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari va ularning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurga ta’sir ko‘rsatadigan xatti-harakatlariga oid ijtimoiy me’yorlar va kutilmalar (ehtimoliy natijalar) tahlil qilinadi.
Xususan, mamlakatdagi gender holatining bahosida, agar ayollar mamlakat iqtisodiy hayotida erkaklar bilan teng ishtirok eta olsa, O‘zbekiston yalpi milliy daromadi taxminan 29 foizga oshishi mumkinligi qayd etilgan. Ushbu foydalanilmagan iqtisodiy salohiyat 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan olib chiqishi mumkin.
Jahon banki ekspertlari mamlakatda gender tengligiga erishish uchun muhim islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etishdi. Biroq, tegishli chora-tadbirlarning samarali ijrosi hozircha yetarlicha ta’minlanmagan.
Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda gender tengsizligi turli sohalarda, jumladan, mehnat bozoriga kirish, ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqidagi tasavvurlar va ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu muammolarga yechim topish davlat va jamiyat ishtirokida kompleks va muvofiqlashtirilgan yondashuvni, jumladan, qonunchilikni yanada takomillashtirish, tegishli davlat va jamoat institutlarini mustahkamlash, fuqarolarning xabardorligini oshirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar O‘zbekistonda ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini qisqartirish, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish va ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi vazifalarni muhokama qildilar. Turli soha vakillari, jumladan, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, Toshkent shahridagi TEAM universiteti vakillari bu boradagi tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ishtirokchilar yuqorida qayd etilgan muammolarni hal etishda davlat va fuqarolik jamiyati hamkorligi masalalariga to‘xtaldi.
Gulnoza Boboyeva, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 28.03.2024
- Ko'rishlar: 1976
- Chop etish