Kuvaytning yetakchi nashrlari shu kunlarda mamlakatimiz bilan hamkorlik mavzusiga keng o‘rin ajratmoqda.
Masalan, “O‘zbekiston va Kuvayt: Birga olg‘a intilish vaqti keldi” sarlavhali maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekiston dunyo mamlakatlari bilan ko‘p qirrali aloqalarni faol rivojlantirayotgani, respublikamizda sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika sohalari rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani, investitsiya muhitini yaxshilash, sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning huquqini himoya qilish bo‘yicha strategik maqsadlar izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.
E’tiborlisi, bu sa’y-harakatlar jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy kutib olinib, faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ma’lumki, umumiy madaniy, tarixiy va diniy qadriyatlar, urf-odat va an’analar muhim ahamiyatga ega omillar sifatida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradigan tabiiy katalizator vazifasini o‘taydi. O‘zbekiston uchun Yaqin Sharqdagi ana shunday ishonchli do‘st va hamkor davlatlardan biri Kuvaytdir.
Kuvayt O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib 1991 yil 30 dekabrda tan olgan. O‘sha paytdan e’tiboran davlatlarimiz tinchlik, iqtisodiy taraqqiyot, ikki xalq farovonligini ta’minlashga mushtarak intilish asosida do‘stona munosabat o‘rnata boshlagan.
Hamkorlikning huquqiy asosini o‘zaro investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish, madaniyat, san’at, savdo-iqtisodiyot, ilmiy-texnikaviy aloqalar, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, bojxona qo‘mitalari o‘rtasidagi sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar tashkil etadi.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida diplomatik munosabat 1994 yil iyul oyida o‘rnatilgan. 2001 yil Toshkentda Kuvayt Davlati elchixonasi, 2004 yil noyabrda esa Kuvaytda mamlakatimiz elchixonasi ochilgan. Hozirgacha ikki marta oliy darajadagi tashrif amalga oshirilgan – 2004 yilda Kuvaytga, 2008 yil O‘zbekistonga.
2023 yil iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy aloqalari mavzusidagi xalqaro konferensiyada tashqi va Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Ahmad Nosir Al-Muhammad As-Saboh boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Tashrif doirasida martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan edi.
Ushbu arab davlati Milliy Assambleyasi tarkibida Kuvayt – O‘zbekiston parlament do‘stlik guruhi ishlayapti. 2017 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida “O‘zbekiston – Kuvayt” parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzilgan.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumat komissiyasi faoliyat yuritmoqda. Tuzilmaning o‘tgan yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida savdo aloqalari jarayonida tovarlar turini kengaytirish, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash, elektron tijorat bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlarni bartaraf etish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” va “Kuvaytda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmalarini o‘tkazish chora-tadbirlari kelishib olingan. Ayni payt sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnoma ishlab chiqilmoqda.
Ikki davlat ham savdo-sotiqni rivojlantirish muhimligini e’tirof etadi va doimiy ravishda shu yo‘nalishda harakat qiladi. 2020 yildan buyon qariyb 7 barobar o‘sgan savdo aylanmasining asosiy yo‘nalishlari xizmat ko‘rsatish, mineral yonilg‘i, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari oldi-sotdisi hisoblanadi. Binobarin, hamkorlikni kengaytirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud.
Yurtimizda ushbu davlat kapitali bilan ochilgan 7 ta korxona ishlayapti.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan Kuvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy va maslahat yordami bilan respublikamizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma yo‘nalishlarida yirik ijtimoiy loyihalar amalga oshirmoqda. Jumladan, umumiy qiymati 213,2 million dollarga teng 10 ta kredit bitimi, 2,5 million dollarlik texnik ko‘mak bo‘yicha 4 ta bitim imzolangan. Ayni payt “O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish masalasi hal qilinmoqda.
Mutaxassislar fikricha, savdo-sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjud. Tahlillar savdo ta’minotini shakllantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yirik hududiy bozorlarga chiqish uchun o‘zaro tadbirkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.02.2025
- Ko'rishlar: 881
- Chop etish