Mamlakatimiz saylovlarni erkin, ochiq-oshkora va demokratik ruhda o‘tkazish borasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini og‘ishmay ado etib kelmoqda. Xususan, saylov kampaniyasi ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internetda xolis yoritilishini kafolatlovchi zarur choralar ko‘rilmoqda. Siyosiy partiyalar, deputatlikka va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning ommaviy axborot vositalaridan tenglik asosida, hech bir kamsitishlarsiz foydalanish huquqi kafolatlangan.
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik markazi so‘rovlari natijalariga asoslangan ma’lumotlarning axborot bankini shakllantirish va ushbu ma’lumotlar saylov jarayonlari ishtirokchilariga, shuningdek tanishib chiqish uchun so‘ragan xalqaro kuzatuvchilarga taqdim etilishi borasida muayyan ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, yurtimizda saylovning ochiqligini ta’minlaydigan, ovoz berish yakunlari va saylov natijalariga nisbatan ishonch darajasini oshiradigan zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida ham izchil natijalarga erishilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, jumladan, 2019 yil bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlari kampaniyasi davrida televidenieda 16 ming 738 ta, radiokanallarda 6 ming 914 ta, bosma ommaviy axborot vositalarida 4 ming 771 ta, veb-saytlarda 2 ming 278 ta, telegram kanallarida 3 ming 435 ga yaqin, ijtimoiy tarmoq sahifalarida 6 ming 723 ta, jami respublika bo‘yicha 40 ming 860 ga yaqin saylovga oid materiallar berilganini ta’kidlash lozim. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar faoliyatiga oid 40 ming 800 dan ortiq axborot, shuningdek xalqaro OAV orqali saylovga oid 100 dan ortiq materiallar e’lon qilingan.
Xulosa o‘rnida joriy yil 24 oktabr kuni mamlakatimizda katta siyosiy tadbir — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuksak saviyada tashkil etish uchun zarur choralar ko‘rilganini alohida qayd etish zarur. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, "Zo‘rTV" teleradiokompaniyasi, “Uzreport” axborot agentligi bilan ushbu saylov jarayonlarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o‘tkazilishini yoritish bo‘yicha ikki tomonlama memorandumlar imzoladi.
Mazkur memorandumlarda saylov qonunchiligi normalariga amal qilgan holda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, nomzodlar va siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari haqidagi ma’lumotlarni saylovchilarga o‘z vaqtida yetkazish kabi muhim vazifalar aks etgan. Bu, o‘z navbatida, saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va transparentlik asosida o‘tkazishda ommaviy axborot vositalarining roli muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi.
G‘.Mirzoning
“So‘z erkinligi va saylov huquqi – xalqaro andozalar o‘lchamida” maqolasidan;
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali,
2021 yil 3-son.
- Qo'shildi: 07.10.2021
- Ko'rishlar: 3793
- Chop etish