Joriy yilning 6 noyabrida Bishkek shahrida TDT Davlat rahbarlari kengashining 11 sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo mamlakatlar yetakchilari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Davlat Rahbari TDT mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsion va transport sohalaridagi hamkorlikni yanada jadallashtirish borasida bir qancha amaliy taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo-bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish, elektron tijorat platformalarini rivojlantirish bo‘yicha aniq bitim va kelishuvlar ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.
Bu sohadagi umumiy salohiyatimizni yanada yuksaltirishga qaratilgan tadqiqotlar olib borish uchun yaqin istiqbolda Toshkentda TDT mamlakatlarining yetakchi milliy tahlil markazlarimizning anjumanini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi tomonidan savdo-iqtisodiy sherikchiligimizni yanada rivojlantirish uchun kelgusi yil uchun iqtisodiy forum, savdo va sanoat ko‘rgazmalari, mintaqa va viloyatlarimizning o‘zaro tashrif rejalarini, davlat xaridlarida ishtirok etish, kooperatsiya va lokalizatsiya qo‘shma дастуриni qabul qilish zarurligi e’tirof etildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ko‘lami mavjud salohiyatimizga nisbatan yetarli darajada emas. Hozirda turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi 40 milliard dollarga yetgan va ushbu ko‘rsatkich turkiy davlatlar umumiy tashqi savdo aylanmasida atigi 6%ni tashkil etadi. Shu bilan birga, tashqi savdoning katta qismi uchinchi mamlakatlardan qilinadigan importga to‘g‘ri keladi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Rahbarining tashabbuslari o‘zaro savdoni oshirish borasida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, eksport va import hajmlarini oshirishning yangi mexanizmlarini keng joriy etish va bu jarayonlarga ilg‘or texnologik platformalarni kengroq jalb qilish imkonini beradi. Shu o‘rinda, ekspertlarning fikricha, mavjud salohiyat va imkoniyatlar ishga solinganda tashkilot a’zolari o‘rtasida ichki savdoni yaqin istiqbolda 100 milliard dollarga ko‘tarish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston yetakchisi jahon moliya bozorida kapitalga bo‘lgan talab va uning narxi tobora oshib borayotgani, shuningdek rivojlanayotgan davlatlar uchun uzoq muddatli va «yashil» kreditlar ajratish shartlari qiyinlashuvi sharoitida TDT doirasida moliyaviy instrumentlarni joriy etishga jiddiy e’tibor qaratish kerakligiga alohida urg‘u berdi.
Yurtboshimiz tomonidan Turkiy investitsiya jamg‘armasi ishini faollashtirish, shuningdek Turkiy rivojlanish bankini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘nalishdagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish borasida Turkiy investitsiya forumini tashkil etish va uning ilk tadbirini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Ta’kidlash joizki, Turkiy investitsiya jamg‘armasi yaqinda tashkil etildi va uning faoliyatini TDT a’zolari bilan birgalikda qo‘llab-quvvatlash o‘ta dolzarbdir. Bu o‘rinda Jamg‘arma fondi mablag‘lari hisobidan TDT mamlakatlarida loyihalarni maqsadli va tizimli aniqlash mexanizmini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan qo‘shma investitsion loyihalarni ro‘yobga chiqarish borasida yaxshi natijalarga erishdi. Misol uchun O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan birgalikda Qambarota GES qurilishi va ekspluatatsiyasi loyihasini amalga oshirmoqdalar, shuningdek ushbu mamlakatlar bilan hamkorlikda qo‘shma avtomobil zavodlari ishga tushdi. Ushbu amaliy tajribani TDT doirasida qo‘llash xorijiy investitsiya xajmini oshirishga imkon yaratadi.
O‘zbekiston Rahbarining bu yo‘nalishdagi tashabbuslarining amaliy ijrosi Tashkilotning barqaror investitsion makon sifatidagi nufuzining yuksaltiradi, o‘zaro sarmoyaviy hamkorlikning real mexanizmlarini yaratadi, shuningdek bugungi global investitsion zanjirlarning uzilishi fonida qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish borasidagi salohiyatni kengaytiradi.
Uchinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyev TDT makonida transport-tranzit salohiyatidan unumli foydalanish borasida ham qator takliflarni bildirib o‘tdi. Jumladan, O‘rta koridor bo‘ylab tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaralardan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo‘shma operatorlarni yaratish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
TDT doirasidagi tashuvlarda elektron hujjatlar aylanmasiga o‘tish va ularni o‘zaro tan olish bo‘yicha ko‘p tomonlama bitimni imzolash zarurligi aytib o‘tildi. Bunday dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansi bilan hamkorlikda Xalqaro logistika konferensiyasini o‘tkazish taklif qilindi.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda O‘rta koridor bo‘ylab tashilayotgan yuk hajmi 3 million tonnaga yaqin bo‘lib, kelajakda bu ko‘rsatkichni 10 million tonnagacha oshirish kutilmoqda.
Biroq infratuzilmaning hali to‘liq rivojlanmaganligi sababli O‘rta koridorni mintaqaviy yo‘nalishdan qit’alararo tranzit arteriyasiga aylantirish jarayoni biroz sust kechmoqda. Jumladan, hozirgacha mazkur loyihada ishtirok etuvchi davlatlar hududidan o‘tuvchi yuk tashishning atigi 4-5% qit’alararo savdoga to‘g‘ri keladi.
Bu o‘rinda O‘zbekistonning tashabbuslari Osiyo va Yevropa o‘rtasida strategik ko‘prik sifatida e’tibor qozonayotgan ushbu muhim transport yo‘lagini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu transport yo‘lagining samaradorligini oshirish orqali TDT mamlakatlari nafaqat xalqaro tranzit, balki mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning muhim ishtirokchilari sifatida ham o‘z mavqelarini mustahkamlashlari mumkin bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Rahbari tomonidan Bishkek sammitida bildirilgan taklif va tashabbuslarning amaliy ijrosi TDT mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni sifat jihatdan yangi darajaga ko‘taradi, Tashkilot doirasida ustuvor yo‘nalishlarda samarali hamkorlikni yanada jadallashtirishga va mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sarvar Kamolov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi
- Qo'shildi: 08.11.2024
- Ko'rishlar: 906
- Chop etish