Qonun va ijro
Joriy yilning 29 fevral kuni "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan bolalar huquqini himoya qilish borasidagi vazifalar nimalardan iborat? Yangi parlament bolalar huquqlarini ta’minlashda qanday yangiliklar qilishi mumkin? Shu kabi masalalar xususida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo RAHMONOVA bilan suhbatlashdik.
– Avvalo aytadigan bo‘lsak, Asosiy qonunimizda bolaningjismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlatning ijtimoiy majburiyatlari kengaytirildi, – deydi S.Rahmonova. – Shuningdek, ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyati alohida ko‘rsatilib, davlat va jamiyat ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarga g‘amxo‘rlikni o‘z zimmasiga olishi qayd etildi. Onalik va bolalik davlat muhofazasida ekani qat’iy mustahkamlandi.
Xususan, konstitutsiyaviy yangi yondashuv natijasida so‘nggi yillar davomida davlatimizda bola huquqlari ishonchli himoyalanmoqda. Sohada yangi yondashuv va uslublar joriy etildi. Bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga oid maxsus qonunchilik bazasi yaratilib, uni ijro etish yuzasidan samarali huquqiy mexanizm yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, neonatal o‘lim ko‘rsatkichlari sezilarli pasaygani, maktabgacha ta’lim qamrovi 76 foizgacha oshgani, bunga qariyb 2 million bola qamrab olingani, eng muhimi esa davlatimizda bolalar mehnatiga batamom barham berilgani kabi yutuqlarni ta’kidlash joiz. Bu natijalar nafaqat milliy darajada, balki jahon miqyosida ham keng e’tirof etilmoqda.
Xususan, Bolalar farovonligi bo‘yicha Global indeksda O‘zbekiston 2017 yilda 78-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021 yilda 16 pozitsiya yuqoriga ko‘tarilgan. Bu ham, albatta, sohada qilinayotgan ishlarning amaliy natijasidir.
– Yangi parlament bolalar huquqini ta’minlash borasida yangiliklar olib kelishi mumkinmi?
– Bugungi kunda milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq 40 dan ortiq qonun hujjatlari, 500 dan ortiq qonunosti hujjatlari mavjud. Yangi parlament ham mazkur ijobiy qonunchilik tajribasini faol davom ettirishiga ishonchimiz komil.
Zero, bola manfaatlarini himoya qilish hozirda davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biri deb belgilangan ekan, mazkur qat’iy kurs davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari tomonidan faol olib boriladi. Bunda parlament ham, ijro hokimiyati ham, sud hokimiyati ham o‘z funksiyasi doirasida muhim vazifalarni amalga oshiradi.
Shu bilan birga, bugungi kunda bola huquqlarini himoya qilishga oid davlat siyosati sohada yana ko‘plab muhim va dolzarb masalalarni hal etishni taqozo etmoqda. Shubhasiz, yangi chaqiriqdagi parlament ham qonun ijodkorligi jarayonida aynan ana shu masalalar yechimi ustida ishlaydi.
– Joriy yil "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Qonun doirasida Bolalar ombudsmanining vakolatlari qanday mustahkamlandi?
– Bolalar ombudsmanining institutsional isloh etilishi, parlamentning mustaqil siyosiy instituti sifatida maqomi mustahkamlanishi muhim prinsipial ahamiyatga ega.
Albatta, Bolalar ombudsmanining birlamchi vazifasi – bola manfaatlariga oid qonunchilik ijrosi ustidan samarali monitoring – parlament nazoratini olib borishdir.
Asosiy maqsad – mansabdor shaxslar, tashkilot va muassasalar tomonidan bolalar manfaatlariga zid harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashdir.
Shu funksiyani samarali amalga oshirish doirasida qonun bilan Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari belgilandi.
Bunda bola huquqlariga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarishda ishtirok etish, bola huquqlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali bolaning huquqlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, himoyalash kabi vazifalar belgilangan.
Hozirda vakolatlarimiz doirasida ko‘plab masalalar yechimiga qaratilgan faoliyat olib bormoqdamiz.
Avvalo, kun tartibimizdagi asosiy masala – bolaga nisbatan bo‘layotgan nafaqat jismoniy, ruhiy, jinsiy zo‘ravonlik, balki g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik (ya’ni, bolaning jismoniy, moddiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa ehtiyojlarini qondirmaslik) kabi shakllardan himoyalashga alohida e’tibor qaratilayapti.
Bunda nafaqat bolaning yaqinlari, balki ta’lim-tarbiya muassasalari mas’ullari tomonidan ham unga nisbatan turli shakldagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga barham berishga erishish maqsad qilingan.
Faoliyatimizning tayanch yo‘nalishlaridan yana biri, bu – bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan (yopiq) muassasalarda ularning huquqlari ta’minlanishi darajasi, yashash, ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlashga oid shart-sharoitlarni monitoring qilishdir.
Ya’ni, Bolalar ombudsmani tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan ta’lim, tarbiya, tibbiyot muassasalari, qamoqda saqlash joylari va jazoni ijro etish muassasalari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari, ixtisoslashtirilgan o‘quv muassasalarida muntazam monitoringlar olib boriladi.
Jumladan, 2024 yanvar-oktyabr oylari davomida Bolalar ombudsmanining bunday muassasalarga 50 dan ortiq monitoring tashriflari o‘tkazildi.
– Bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash qanday yo‘lga qo‘yilmoqda?
– 2016 yildan boshlab O‘zbekistonda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilib, bolalarning odil sudlovga erishishi uchun imkoniyatlari ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, kattalardan farqli ravishda bolalar o‘z huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini talab qilishda zaif ekanini inobatga olish kerak.
Odil sudlov jarayonlarida bolaning xoh jinoyat, xoh fuqarolik yoki boshqa yurituv bo‘lsin, samarali yuridik yordam, vakillik va qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati to‘liq ta’minlanishi zarur. Ya’ni, odil sudlov tizimi bilan ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlari o‘rtasidagi yaqindan hamkorlik bolalar bilan ishlaydigan xodimlar va maxsus mutaxassislarning yanada ixtisoslashuvini talab etadi.
Hozirda mazkur yo‘nalishda mutaxassislar salohiyatini shakllantirish va malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borayapmiz.
– Bolalar ombudsmani kotibiyatiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan qay tarzda ishlanadi?
– Bolalar ombudsmani faoliyatining asosiy yo‘nalishi fuqarolarning murojaatlarini o‘rganishdir. Murojaatlar faqatgina ota yoki ona, bolaning yaqin qarindoshlaridan emas, balki voyaga yetmaganlarning o‘zlaridan ham kelib tushmoqda. Xususan, voyaga yetmagan qizlar oilaviy zo‘ravonlik qurboni, ota-ona yoki umuman, uchinchi shaxslar tomonidan erta turmush qurishga majburlanayotganliklari, voyaga yetmagan o‘g‘il bolalar esa ularga maktablarda boshqa sinf o‘quvchilari tomonidan tazyiq o‘tkazib kelinayotganligi yuzasidan murojaat qilishmoqda.
Jumladan, joriy yilning 9 oyida Bolalar ombudsmani kotibiyatiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ularning qonuniy vakillaridan jami 800 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlar bilan ishlash mexanizmiga ko‘ra, mutasaddilar bilan har bir keys yuzasidan alohida manzilli ish olib boramiz va zarurat bo‘lsa, vaziyatni joyiga borib o‘rganamiz.
Har bir murojaat bilan ishlashda bolaning eng ustun manfaatini ta’minlash yondashuviga tayanamiz. Zero, barcha sa’y-harakatlarimizning yagona maqsadi – yurtimizning har bir kichik fuqarosi, har bir bola Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan barcha huquq va imkoniyatlaridan teng, to‘la foydalana olishini ta’minlashdir.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 04.11.2024
- Ko'rishlar: 917
- Chop etish