AOKAda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Milliy madaniy markazlar rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida joriy yil o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi:
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab respublikada istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar uchun o‘z tili, urf-odatlari, an’analari, madaniy merosi, milliy o‘ziga xosligini saqlab qolish va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida millatlararo aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Qo‘mita mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan 157 ta milliy madaniy markazlar va 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirmoqda.
O‘zbekistonda millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillari jamiyatimiz hayotining barcha bo‘g‘inlariga, bu yurtda istiqomat qilayotgan har bir millat vakilining hayotiga chuqur kirib bordi.
O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik munosabatlarni saqlashga imkon beradigan o‘ziga xos model yaratilgan.
Bu yerda ko‘p asrlar davomida turli etnik guruhlar, madaniyatlar va turli dinlarning birgalikda ahillikda yashashi mintaqamizda istiqomat qiladigan hamyurtlarimizning diniy bag‘rikengligini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo xalqlarini uzoq yillar davomida umumiy tarixiy an’analar, etnik va tillar hamjamiyati, madaniy bir xillik, hududiy va iqtisodiy aloqalar birlashtirib keladi.
Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan mamlakatimizda bag‘rikenglik tamoyilini mustahkamlash, qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, dunyoga O‘zbekiston bag‘rini keng ochish borasida ko‘lami jihatidan katta va o‘ta muhim ishlar amalga oshirildi.
Milliy madaniy markazlar mamlakatimizda istiqomat qilayotgan boshqa millatlar qadriyatlarini asrab-avaylash, urf-odat va an’analari bardavomligini ta’minlash barobarida, yoshlarimizni o‘zga elatlar madaniyatini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Joriy yilning 17-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Milliy madaniy markazlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan tadbirlar yuzasidan Markazlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy islohotlarga keng jalb etish, ma’rifat targ‘ibotchilarining jamiyatdagi roli va o‘rnini oshirish borasidagi ishlar haqida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda respublikamizda faoliyat olib borayotgan OAV vakillari, Milliy madaniy markazlar faollari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatilla Jabborov, O‘zbekiston qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Usenov, Respublika turkman madaniyat markazi raisi Guldona Avezdurdiyeva hamda Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subxanovalar mamalakatimizda turli millat vakillari uchun yaratilgan sharoitlar, ularning davlat tadbirlaridagi ishtiroki va ahamiyati haqida ma’ruzalar qilishdi.
Ta’kidlandiki, ushbu tadbirlar jamiyatda millatlararo totuvlikni, bag‘rikenglik va insonparvarlikni yanada mustahkamlashga, xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi do‘stona, teng huquqli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida spikerlar jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.
Rasmiy xabarlar
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 1232
- Chop etish