Poytaxtimizda «Odam savdosi jabrlanuvchilarini qayta yo‘naltirishning milliy mexanizmlari. Odam savdosi jabrlanuvchilari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish: muammolar, ilg‘or tajriba va kelajak istiqbollari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qilingan amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi. Jumladan, yurtimizda odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi belgilandi. Qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan EXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda odam savdosiga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik samarali bo‘layotgani qayd etildi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur jarayonda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, milliy qonunchilik takomillashtirilgani, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikda amalga oshirayotgan tizimli ishlarining natijadorligi yuqori baholandi.
Bu borada Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamda ushbu masala bo‘yicha Milliy ma’ruzachi instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ishtirokchilar tomonidan alohida qayd etildi.
Muhimi, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar kamayib bormoqda. Bu aholining ushbu jinoyat ko‘rinishlari va oqibatlaridan xabardorligi oshayotgani natijasi hamdir.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya, vazirlik va idoralar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, Markaziy Osiyo mamlakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda EXHT bilan hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni yanada rivojlantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.05.2024
- Ko'rishlar: 1530
- Chop etish