O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni mamlakat hududining 8 foizini tashkil qiladi

Poytaxtimizda “O‘zbekistonda o‘rmonlarni qayta tiklash hamda uglerod neytralligiga erishish uchun o‘rmon uglerod kreditlaridan foydalanish strategiyalari” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhiddinov, KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shin Myung Seop, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Erkin Muhiddinov bugungi kunda o‘rmonlarni qayta tiklash va ularning uglerod saqlash imkoniyatlarini oshirish global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

–O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 2024 yilda 255 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi, – deydi E.Muhiddinov. – Jumladan, Orol dengizining qurigan tubida va Orolbo‘yi hududlarida 215 ming gektar maydonda “yashil qoplama”lar barpo etildi. Shuningdek, dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyasi 5628 gektarga yetkazilib, 9 ming 667 tonna mahsulot yetishtirildi. Ushbu yo‘nalishlardagi ishlar “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da ham tizimli ravishda davom ettiriladi. 

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga asosan o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga yetkazish belgilangan.

Soha vakillarining ta’kidlashicha, hududlarda o‘rmonlarni takroriy ko‘paytirish, ularning tur tarkibini yaxshilash, o‘rmon melioratsiyasi va o‘rmonlarni plantatsiya usulida yetishtirish ishlari amalga oshirilgan. O‘rmon yerlaridagi daraxtlarning inventarizatsiyasi o‘tkazilib, qurigan ko‘chatlar o‘rni to‘ldirilgan.

Seminar o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini taqdim etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bugun dunyoning ko‘pgina mintaqalarida cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi tufayli iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda. O‘zbekistonda o‘rmonlar maydoni mamlakat hududining atigi 8 foizini tashkil qiladi. Bu esa o‘rmonlarni barqaror boshqarishni rag‘batlantirish, ularni qayta tiklash, o‘rmonlashtirish ishlarini tizimli amalga oshirishni taqozo etadi.

O‘rmonlarni qayta tiklash loyihalari olib borilishi natijasida hosil qilingan o‘rmon uglerod kreditlari global bozorlarda ham sotilishi mumkin. Bu esa xalqaro miqyosda natijalarni yanada yaxshilaydi. Parij kelishuvining 6-moddasiga asosan O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va  o‘rmonlarni qayta tiklash orqali iqtisodiy foyda yaratish uchun yuqori imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Bu kabi seminarlar hamkorlikda strategiyalarni rejalashtirish hamda muhokama qilish imkoniyatini yaratadi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA 

Powered by GSpeech