Mamlakatimizda 17-26 oktyabr kunlari Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjuman doirasida “O‘zbekistonda so‘z erkinligi va OAV, ijtimoiy tarmoqlarning keng rivojlanishi – demokratik qadriyatlarni kengaytirish yo‘lida” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha muhim qoida va tamoyillar mustahkamlangani qayd etildi. Sohaga oid qonunlarni birlashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Axborot kodeksi loyihasi tayyorlangan. Kodeks loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, hozirgi kunda uning to‘rtinchi tahriri ustida ish olib borilmoqda.
– Media savodxonlikka jiddiy qarash kerak, – deydi O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja. – Bugun telekanal, radio, tarmoqlar va bosma nashrlar aholiga yangiliklarni tezkor yetkazmoqda. Masalan, ekologiyani olsak, daraxt kesilishi, Toshkent havosi nechi ball, uy qurilsa, aholining fikrini ochiq e’lon qilyapti. Biz endi milliy kontentlar ustida ishlashga ham jiddiy kirishganmiz. Umuman, bizning auditoriyamiz faqat O‘zbekiston emas, Markaziy Osiyo va boshqa davlatlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz.
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘yicha bosh mutaxassisi Sara el-Attar mamlakatimizda so‘z erkinligi borasida qilinayotgan loyihalar, hukumatning qabul qilinayotgan qarorlarni yuqori baholadi. Bugungi raqamli dunyoda yolg‘on xabarlarga qarshi kurash juda muhimligini qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, YUNESKO respublikamizda media savodxonlik yo‘nalishlarida loyihalarda ishtirok etmoqda. Xususan, media savodxonlikni darsliklarga kiritish ustida ishlanyapti. Jurnalistika tarixi xususida kerakli ishlar boshlangan.
– Tadbirdagi taqdimotimda ommaviy axborot vositalari va so‘z erkinligi doirasida dezinformatsiya tushunchasini qisqacha yoritib berishga harakat qildim, – dedi Turkiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju. – So‘nggi paytlarda dezinformatsiya muammosi yanada jiddiy tus olmoqda. Bu raqamli asrimizda jamoatchilik fikri, siyosiy barqarorlik va ijtimoiy hamjihatlikka ta’sir qiluvchi jiddiy tahdidlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Tadbirning ikkinchi qismida xorijiy va mahalliy ekspertlar so‘zga chiqdi. Ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ularning faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirilda.
Behruz Xudoyberdiyev,
Asliddin Alijonov (foto),
O‘zA
- Qo'shildi: 21.10.2024
- Ko'rishlar: 885
- Chop etish