O‘zbekiston Senati a’zolari BMT Taraqqiyot dasturining Ozarbayjon Respublikasidagi vakolatxonasi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda senatorlar gender tenglik va genderga asoslangan zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohalarida tegishli vazirlik hamda idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Muloqot davomida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilgan yutuqlar va tashabbuslarni o‘rganish, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida davlatlarning ilg‘or tajribasi haqida so‘z bordi.
Bu boradagi amaliyot va innovatsion yondashuvlar bilan tanishish hamda undan keng foydalanish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur sohada ishlab chiqilayotgan va qayta ko‘rib chiqilayotgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.
O‘z navbatida, delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlarining gender tenglik va genderga asoslangan zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasidagi tajribasi bilan tanishib chiqish va shu sohalarda keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan tadbirda birgalikda amalga oshiriladigan rejalar muhokama qilinib, o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.05.2024
- Ko'rishlar: 1440
- Chop etish