Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi xorijiy OAV nigohida

Shu kunlarda mamlakatimiz poytaxti jahon diplomatiyasi markaziga aylangan: Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. 200 ga yaqin milliy parlament vakillarini birlashtirgan anjuman, odatda, parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi ilg‘or mamlakatlardagina o‘tkaziladi.

Xo‘sh, ushbu nufuzli yig‘inning ahamiyati haqida xorijiy OAV nima yozyapti? Chet el nashrlari Assambleyaning qaysi jihatlariga e’tibor qaratmoqda?

The Diplomatic Insight: O‘zbekiston Prezidenti Assambleyada

tinchlik, iqlim harakati va tenglik masalalarini ta’kidladi

Pokistonning “The Diplomatic Insight” jurnalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Assambleya ochilishidagi nutqi batafsil tahlil qilindi. Javoriya Xolid qalamiga mansub maqolada 181 milliy parlament, 15 mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoq majlisi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tayotganiga alohida urg‘u berilgan.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz tashabbusi bilan bu galgi yig‘in uchun “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusi tanlangan.

O‘zbekiston parlament yo‘nalishida global ahamiyatga molik qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Qolaversa, ayni yo‘nalishdagi turli platformalar, nufuzli tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.

“The North Africa Post”: Toshkentda Parlamentlararo Ittifoq

150-Assambleyasi boshlandi

Marokashning “The North Africa Post” nashri ham yurtimizda o‘tayotgan yirik xalqaro tadbirga bag‘ishlab maxsus maqola chop etdi.

Muallif yozganidek, 150-Assambleya Tinchlik va xalqaro xavfsizlik hamda Barqaror rivojlanish bo‘yicha doimiy qo‘mitalar tomonidan muhokama qilingan mavzular bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qiladi. Ushbu hujjatlar Qurolli mojarolarning barqaror rivojlanishga uzoq davom etadigan ta’sirini yumshatish bo‘yicha parlament strategiyalarini belgilaydi.

Nashr qayd etishicha, ayni payt anjuman doirasida iqlim harakati, parlament diplomatiyasi va ayollar salomatligiga ta’sir qiluvchi ijtimoiy me’yorlar bo‘yicha seminarlar o‘tkazilyapti.

– Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi – IPU parlament diplomatiyasini rivojlantiradi, parlamentariylarga tinchlik, demokratiya va jahon miqyosida barqaror rivojlanishni targ‘ib qilish vakolatini beradi, – deya ta’kidlangan maqolada.

“Viet Nam News”: Toshkentda V’etnam oliy qonun chiqaruvchilari muzokara o‘tkazdi

V’etnamning “Viet Nam News” nashri Toshkent shahrida Vetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man va O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva muzokara o‘tkazgani haqida yozdi.

– Norboyeva xonim muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganidan buyon Milliy komissiya raisi O‘zbekistonga ilk bor kelgani muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, – deyilgan maqolada. – Ushbu tashrif sheriklikning istiqbolli imkoniyatlarini ochib berishi va mamlakatlarimiz taraqqiyotiga ijobiy hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.

Chan Txan Man respublikamizning mintaqa va jahondagi o‘rni tobora mustahkamlanayotgani, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganiga e’tibor qaratgan.

Tomonlar “Vetnam – O‘zbekiston” do‘stligi parlament guruhlari tashkil etilgani, ikki davlat rahbarlari o‘zaro munosabatlar tarixidagi eng yaxshi qadriyatlarni ilgari surayotgani, hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirishda davom etish zarurligini ta’kidlagan.

“Hello Magyar”: Toshkent Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasini qabul qilmoqda

Vengriyaning “Hello Magyar” nashri “Toshkent parlament diplomatiyasi markazi sifatida: Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasi” nomli maqola e’lon qildi.

Materialda aytilishicha, Toshkent Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta mazkur anjumanni qabul qilmoqda. 2000 dan ziyod parlament a’zolarini birlashtirgan tadbir asosiy global masalalarni muhokama qilish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

– Toshkent ushbu muhim voqea uchun maydon sifatida tanlanishi xalqaro parlament diplomatiyasidagi ta’siri ortib borayotgan Yangi O‘zbekistonning demokratik islohotlarga sodiqligini ta’kidlaydi, – deb yozadi manba. – Shuningdek, mamlakatning mintaqadagi konstruktiv siyosiy muloqot markazi sifatidagi maqomini tasdiqlaydi.

“Xinhua”: O‘zbekiston Prezidenti parlamentlararo ittifoq doirasidagi hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi

Xitoyning “Sinxua” axborot agentligi ham davlatimiz rahbarining Assambleyadagi nutqiga alohida e’tibor bergan.

– Mamlakat yetakchisi mojarolar ham global, ham mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston nizolarni tinch muzokara yo‘li bilan hal etishni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini aytdi, –deyilgan maqolada.

“Gulf Times”: Sho‘ro Kengashi Toshkentdagi Assambleya tadbirlarida ishtirok etmoqda

Gulf Times” kundalik onlayn nashri Qatar Sho‘ro kengashi O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi yig‘ilishlari va sessiyalarida ishtirok etayotganini yoritdi.

– Assambleya kun tartibidan doimiy komissiyalar yig‘ilishlari, ixtisoslashgan konferensiyalar, amaliy seminarlar, parlament forumlari va dolzarb global muammolarni hal etishga qaratilgan boshqa parlament tadbirlari o‘rin olgan, – deyiladi maqolada.

Qo‘mita yig‘ilishlarida Sho‘ro kengashi a’zosi Yusuf bin Ali Al-Xatir Qatar Davlatining tinchlik va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini ta’kidlab, mojarolar gumanitar inqirozni kuchaytirishi, rivojlanish maqsadlariga erishishga to‘sqinlik qilishiga ishora qilgan.

Yig‘ilishlarda parlamentlar va qonunchilik kengashlaridagi kotibiyatlar faoliyati, o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va tajriba almashish yo‘llari hamda kun tartibidagi boshqa masalalarga keng o‘rin ajratilayotgani qayd etilgan.

O‘tkir Alimov tayyorladi.

O‘zA

Powered by GSpeech