Shusha shahrida “Soxta narrativlarni fosh qilish: dezinformatsiyaga qarshi kurash” mavzusida II Global media-forum bo‘lib o‘tdi.
Forumda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqot dolzarb savol-javoblarga boyligi bilan barcha ishtirokchilarga manzur bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, davlat rahbari O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA vakilining quyidagi savoliga javob berdi.
– Hurmatli Prezident, mening savolim kasbiy xususiyatga ega. Siz media-industriya kelajagini qanday tasavvur qilasiz va ushbu jarayonda sun’iy intellektning roli qay darajada, deb o‘ylaysiz?
– Bu o‘rinda media sohasining taniqli vakillari bilan raqobatlashishim yoki ular bilmaydigan biror yangilik aytishim mushkul, – dedi Prezident Ilhom Aliyev. – Sun’iy intellektga kelsak, bu mutlaqo yangi bosqichga chiqayotgan mavzu. Ozarbayjonning nufuzli rasmiy manbalarida ham vaqti-vaqti bilan na menga va na mamlakatimizga aloqador allaqanday biznes-loyihalar e’lon qilinadi. Afsuski, ko‘pchilik bu xabarlarga ishonadi. Bunday vaziyatda nima qilish kerakligini aytish qiyin, chunki raddiyani hamma o‘qimasligi yoki vaqt o‘tgan bo‘lishi mumkin. Odatda feykni darhol aniqlashning iloji yo‘q, keyin esa odamlar noto‘g‘ri ma’lumotga ishonib qolganini tushunasiz. Hozircha bu ortga qaytarib bo‘lmas xususiyatga ega emas. Shunchaki, kimdir shu yo‘l bilan pul ishlab olmoqchi bo‘ladi. Gap faqat Ozarbayjonda ham emas. Bugungi kunda, hatto, yadro quroliga ega mamlakatlar ham sun’iy intellekt manipulyatsiyasi qurboniga aylanishi mumkin. Qolaversa, odamlar o‘rtasidagi munosabat, inson qadr-qimmati, uning obro‘siga ziyon yetkazadigan holatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Zero, taniqli shaxslarni turli soxta ma’lumot, video yoki audio xabar orqali obro‘sizlantirishga qaratilgan misollar juda ko‘p. Siz bu jarayonga qarshi qanday kurashish kerakligini aytishingiz zarur. Siyosatchilarga, umuman, media “community”ni nazarda tutyapman, muayyan OAV auditoriyasiga bu borada fikr bildirish, siyosatchilar esa cheklov xususiyatiga ega o‘ta jiddiy choralar ko‘rishi lozim. Zero, bu faqat feyk yangilik bo‘lib qolmay, inson hayotiga, jamiyat, mamlakat, alohida individuum xavfsizligiga, daxlsizlikka, shaxsiy hayotga qarshi jiddiy tahdiddir.
O‘ylaymanki, forum doirasida ushbu mavzu batafsil muhokama qilinadi. Ayni jarayonda zarur xalqaro mexanizm ishlab chiqiladi. Va bu biror shaklda so‘z erkinligini cheklash yoki shunga o‘xshash holat deb tushunilmaydi. Muayyan holatlarga xotima berish uchun xalqaro tashkilotlar – BMT, “Katta yigirmatalik” ko‘lamida, asosiy mamlakatlar darajasida jipslashish kerak.
O‘zA
- Qo'shildi: 23.07.2024
- Ko'rishlar: 1914
- Chop etish