Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1-sonli “Muruvvat” internat uyini borib ko‘rdi.
O‘zbekiston – ijtimoiy davlat. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlariga, bugungi insonni qadrlash tamoyiliga mos. So‘nggi besh yilda “Muruvvat” uylariga davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar 3 barobardan ziyod oshgan. Ulardagi xodimlar va o‘rinlar soni ham ko‘paytirilgan.
Aholiga sifatli xizmat va yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgan edi. Pansionat, reabilitatsiya markazi kabi ko‘plab ijtimoiy muassasalar qatori “Muruvvat” uylari ham ushbu agentlik tizimiga o‘tkazildi.
O‘tgan yili bunday muassasalar uchun davlat budjetidan 624 milliard so‘m ajratildi. Shuningdek, ularni dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun avvalgiga qaraganda ikki barobardan ortiq mablag‘ berilmoqda.
Ilgari “Muruvvat” uylari o‘rtasida hamkorlik bo‘lmagan. Hozir ular o‘zaro fikr almashib, samarali usullarni, ta’limdagi tajribalarni tatbiq etmoqda.
Davlat g‘amxo‘rligi natijasida Toshkentdagi ushbu “Muruvvat” uyi ham yangi qiyofaga kirdi. Qo‘shimcha bino qurilib, eski binolar kapital ta’mirlandi. Yozgi sport zali, nogironlarni parvarishlash va jismoniy davolash bo‘limlari, tibbiyot va mashg‘ulot xonalari, faollar zali, kutubxona, yotoqxona va oshxona butunlay yangilandi. Har bir bo‘lim, maxsus xonalar talab darajasida jihozlandi. Harakatlanishi qiyin bolalar maxsus aravachalar bilan ta’minlandi.
Muassasada ruhiyatida sezilarli nuqsoni bor 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi. Bugungi kunda 299 nafar o‘g‘il-qiz vasiylikka olingan. Ularga 334 nafar xodim, jumladan, malakali pedagog, defektolog va shifokorlar yordamlashmoqda.
Shavkat Mirziyoyev bolalarning mashg‘ulotlarini birma-bir kuzatdi. Ular bilan suhbatlashib, mehrini izhor qildi. Sharoitlarni yaxshilab, qulayliklar yaratib, nogironligi borlarning iloji boricha hayotda o‘rin topishiga ko‘mak ko‘rsatilishini aytdi.
Prezidentimiz bunda ijtimoiy xizmat xodimlari ishini e’tirof etib, bolalarga mehr-muruvvati uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bolalarimizga yaxshi qarayotganingiz uchun katta rahmat sizlarga. Bu og‘ir mehnat, lekin juda savobli va kerakli mehnat, – dedi davlat rahbari.
Bolalarni imkon qadar reabilitatsiya qilish va hayotga moslashtirish, ota-onalarga psixologik yordam berish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. So‘nggi yillarda imkoniyat va tizim paydo bo‘lgani, boshqa ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni ham yaxshilash zururligi ta’kidlandi.
Endilikda “Muruvvat” uylari zamonaviy reabilitatsiya jihozlari bilan ta’minlanib, o‘z ishini yangi konsepsiya asosida yo‘lga qo‘yadi. Unga ko‘ra, bolalar individual rivojlanish dasturlari asosida jamiyatga integratsiya qilinadi. Barcha “Muruvvat” uylarida uchrashuv xonalari tashkil etiladi.
Shuningdek, “Qo‘llab-quvvatlash klublari” tuzilib, malakali mutaxassislar vasiylarga nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash, oila sharoitida tarbiyalash va jamiyatga moslashtirish bo‘yicha bilimlar beradi. Alohida ta’limga tavsiya berilmagan, og‘ir darajadagi kasalliklari mavjud bolalar uchun “G‘amxo‘rlik guruhi” tashkil etiladi. Barcha hududiy reabilitatsiya markazlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun shunday xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Muassasaning qozonxonasi va muhandislik tarmoqlari ham to‘liq yangilangan. Hududga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, tashqi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan, yo‘laklar asfaltlangan.
Muborak Ramazon oyida bemorlar holidan xabar olish, insonlarga yanada mehr-e’tibor ko‘rsatish xalqimizning ezgu qadriyatidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
- Qo'shildi: 20.03.2024
- Ko'rishlar: 2247
- Chop etish