PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOEVNING TARIXIY NUTQI

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 fevral kuni Jeneva shahrida o'z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek, "Demokratik islohotlarimiz yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo'lib, bu o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".

O'zbekiston Prezidenti o'z chiqishida mamlakatimizda demokratik o'zgarishlarni yanada chuqrlashtirish va BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo'nalishlari haqida atroflicha to'xtaldi. Yurtboshimizning ushbu tarixiy nutqi mamlakatimiz va jahon jamoatchiligi tomonidan keng hamda qizg'in muhokama qilinmoqda.

 

Jeneva – inson huquqlari markazi

BMT faoliyatining uchta ustuvor yo'nalishi bor. Bular:

tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash;
barqaror rivojlanishga erishish;
inson huquqlarini himoya qilish.

 

Inson huquqlari masalalari bilan shug'ullanadigan asosiy tuzilmalar Jeneva shahrida joylashgan. Jenevada qirqqa yaqin nufuzli xalqaro tashkilotning qarorgohlari mavjud. Bu yerda, shuningdek 300 dan ortiq diplomatik vakolatxona va 30 mingdan ziyod diplomatlar faoliyat ko'rsatadi.

BMTning asosiy organlaridan hisoblanuvchi Inson huquqlari bo'yicha kengash ham Jenevada ish olib boradi. Ushbu Kengash BMTning inson huquqlari bo'yicha ustuvor yo'nalishlari va ushbu sohadagi xalqaro-huquqiy hujjatlarni tayyorlaydi. Bir so'z bilan aytganda, Kengash BMTning inson huquqlari bo'yicha strategiyasini ishlab chiqish bilan shug'ullanadi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida davlat va hukumat boshliqlari hamda xalqaro tashkilotlar rahbarlari so'zga chiqadi. Har qaysi davlat rahbari o'z nutqida ikkita asosiy masalaga e'tibor qaratadi. Birinchi masala  – o'z mamlakatining inson huquqlari sohasidagi tajribasi; ikkinchi masala  – inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashabbus bilan chiqish.

 

Yuqori darajadagi segmentning xususiyatlari nimalardan iborat?

Birinchi xususiyati: ilk bor – 2020 yil 13 oktyabr` kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga 2021-2023 yillarga saylandi.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi doirasidagi ushbu dastlabki saylovlarda O'zbekiston uchun BMTga a'zo 191 davlatdan eng ko'pchiligi – 169 tasi ovoz berdi. Osiyo guruhidan Pokiston ham 169 ovoz to'pladi. Shuningdek, Nepal – 150 ta, Xitoy – 139 ta, Saudiya Arabistoni – 90 ta ovoz oldi.

Ikkinchi xususiyati: ilk bor – O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi sifatida 2021 yil 1 yanvardan o'z vazifalarini bajarishga kirishdi.

O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi bo'lishidan ko'zlagan maqsadi ezgu va xolis. Biz mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo'lishi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari har tomonlama ta'minlanishi, himoya qilinishi va rag'batlantirilishi tarafdorimiz.

Uchinchi xususiyati: ilk bor – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 22 fevral` kuni Jeneva shahrida o'z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida nutq so'zladi. Davlatimiz rahbari o'z tarixiy nutqida O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengashdagi faoliyati ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi.

To'rtinchi xususiyati: ilk bor – koronavirus pandemiyasi munosabati bilan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining navbatdagi yig'ilishi videoanjuman shaklida o'tkazildi.

Beshinchi xususiyati: ilk bor – Yuqori darajadagi segmentda qariyb 150 mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari, tashqi ishlar va adliya vazirlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar namoyandalari, bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi hamda ko'plab oliy darajadagi rahbarlar so'zga chiqdi.

Oltinchi xususiyati: ilk bor – MDHga a'zo davlatlar boshliqlari orasidan aynan O'zbekiston Prezidenti dasturilamal nutq so'zladi.

Yettinchi xususiyati: ilk bor – Yuqori darajadagi segment majlisi Jeneva-Toshkent teleko'prigi orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish etildi.

Sakkizinchi xususiyati: ilk bor – O'zbekiston Prezidentining nutqi BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi yuksak minbaridan o'zbek tilida yangradi. Bu BMT tashabbusi bilan har yili 21 fevralda nishonlanadigan Xalqaro ona tili kuni an'analariga hamohangdir. Shu bilan birga, bu – davlatimiz rahbarining davlat tili maqomiga hurmati va ehtiromi ifodasi hamdir.

To'qqizinchi xususiyati: ilk bor –  O'zbekiston Prezidentining nutqi  to'rt tilda, ya'ni o'zbek, ingliz, frantsuz va rus tillarida kitob holida nashr etilib, Jenevadagi barcha diplomatik vakolatxonalarga tarqatildi.

O'ninchi xususiyati: ilk bor –  BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti majlisi onlayn tarzda internet va telekanallar orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasining Yuqori darajadagi segmentida so'zlagan nutqi va tashabbuslari Jenevadagi xalqaro tashkilotlar, diplomatik missiyalar hamda ilmiy-tahliliy markazlar vakillari, diplomatlar va ekspertlarda katta qiziqish uyg'otdi.

Jeneva hamjamiyatining tahlillariga ko'ra, O'zbekiston Prezidentining nutqida 3 ta darajadagi, ya'ni milliy, mintaqaviy va global miqyoslardagi faoliyat yo'nalishlari muhokama qilinib, yangi tashabbuslar ilgari surildi.

 

Milliy darajadagi tashabbuslar

Birinchidan, Prezidentimizning nutqida yangi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi yangi ovozi yangradi. Eng avvalo, davlat rahbari mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquqlarini rivojlantirish sohasida erishilgan yutuqlarga to'xtaldi.

Eng muhimi,  ta'kidlanganidek, "Demokratik islohotlarimiz yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo'lib, bu o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".

Ikkinchidan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish borasidagi mamlakatimiz tajribasi haqida so'z yuritildi. Xalqaro ekspertlar ushbu ibratli tajriba BMTga a'zo davlatlar uchun namuna vazifasini o'tashini e'tirof etdilar.

Uchinchidan, Prezidentimiz Yuqori darajadagi segment ishtirokchilari e'tiborini mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi kodekslar ishlab chiqilayotganiga qaratdi. Bu kodekslardan biri – O'zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirishga, ikkinchisi esa so'z erkinligini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga xizmat qilishi lozim.

To'rtinchidan, davlatimiz rahbari "Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yili" deb e'lon qilingan joriy yilda O'zbekistonda Bolalar Ombudsmani to'g'risidagi qonun qabul qilinishini qayd etdi. Shu bilan birga, BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokoli O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishi ta'kidlandi.

 

Mintaqaviy darajadagi tashabbuslar

Xalqaro ekspertlarning fikricha, O'zbekiston Prezidenti keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida tubdan yangi geosiyosiy muhit yaratdi. Davlatimiz rahbari Jenevadagi nutqida faol mintaqaviy siyosatini inson huquqlari sohasidagi tashabbuslari bilan kengaytirdi.

Birinchidan, bu yil yurtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqotini tashkil etish, shuningdek xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o'tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Ikkinchidan, Prezidentimizning imkoniyati cheklangan shaxslarning o'z qobiliyatini to'la ro'yobga chiqarish masalalari bo'yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifi ham mintaqaviy ahamiyat kasb etadi.

Uchinchidan, davlatimiz rahbari Osiyo qit'asining inson huquqlari bo'yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko'rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko'mak berishga O'zbekiston tayyor ekanini ma'lum qildi.

Jenevadagi ilmiy-tahliliy doiralar ushbu tashabbuslarga ijobiy munosabat bildirmoqda. Tahlilchilar O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashidagi peshqadamligini olqishlab, Prezidentimizning Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlarini rivojlantirish sohasidagi siyosatlarini uyg'unlashtirishga qaratilgan intilishlarini yuqori baholadilar.

 

Global darajadagi tashabbuslar

O'zbekiston Prezidenti mamlakatimiz BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashida faollik va tashabbuskorlik asosida ish olib borishini ta'kidladi.

Birinchidan, O'zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi va Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi Fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qiladi.

Ikkinchidan, mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida BMTning Qiynoqlar masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi mamlakatimizga taklif etiladi. "Bu borada mandatga ega bo'lgan barcha vakillarning O'zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qaror qabul qilamiz", dedi Prezidentimiz.

Uchinchidan, davlatimiz rahbari O'zbekistonda joriy yilning "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilinganini ma'lum qilar ekan:

         - BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;

         - BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;

         - BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslaridan iborat 3 ta amaliy taklifni ilgari surdi.

To'rtinchidan, Yurtboshimiz tomonidan Sudyalar kengashlari faoliyatinining universal printsiplarini ishlab chiqish tashabbusi taqdim etildi.

Beshinchidan, Prezidentimiz inson huquqlari sohasi bo'yicha ta'limni rivojlantirish borasida Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda global forum o'tkazish hamda o'qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg'armasiga O'zbekiston o'z hissasini qo'shishiga doir 2 ta taklifini bildirdi. 

Oltinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan tashabbusini qo'llab-quvvatlagan holda, Prezidentimiz o'tgan yili 50 ming nafar fuqaroligi bo'lmagan shaxs O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinganiga e'tiborni qaratib, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqrolikka ega bo'lishini qayd etdi.

Yettinchidan, davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bacheletni yurtimizga taklif etdi.

Sakkizinchidan, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining a'zosi sifatida O'zbekiston inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan printsiplari va normalarini qat'iy himoya qilishi ta'kidlandi. Chunki inson huquqlari universal qadriyat bo'lib, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, "Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo'lmaydi".

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo'lida harakatga da'vat” tashabbusini hamda 2030 yilgacha mo'ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlashni ko'zda tutadigan “hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilishini qo'llab-quvvatladi.

Chunki ushbu umumbashariy tashabbuslar mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan izchil, tizimli va keng ko'lamli islohotlar bilan hamohangdir.

Akmal Saidov,

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech