Tadbirda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi - Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qasimaliyev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar a’zolari va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning asosiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonning ushbu formatdagi raisligi doirasida birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Xususan, yil boshida Raislik konsepsiyasi va Qo‘shma tadbirlar rejasi qabul qilindi.
Xavfsizlik kengashlari kotiblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, sanoat, energetika, suv xo‘jaligi va ekologiya vazirlarining uchrashuvlari, media va yoshlar forumlari o‘tkazildi.
Yil yakuniga qadar parlamentlararo forum, mudofaa, savdo va transport vazirlarining uchrashuvlari, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mintaqaviy sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish va uning normativ-huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida uchrashuvning konseptual hujjatlari tayyorlanmoqda.
Toshkent sammiti doirasida O‘zbekiston tomoni siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, iqtisodiy kooperatsiyaning yangi drayverlarini ishga tushirish, chegaraoldi savdoni ko‘paytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surish niyatida ekani ta’kidlandi. Suv va energetika sohalarida, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Ozarbayjon tomonining uchrashuvlarda ishtirok etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda mintaqa davlatlari Ozarbayjon bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Savdo, transport, "yashil" energetika sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro muvofiqlashtirilgan va kelishilgan yondashuvlari mintaqada taraqqiyot va farovonlik maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»