Prezidentimizning BMTdagi nutqi yetakchi ekspertlar nigohida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi nutqi xorijlik ekspert va ilmiy doira vakillarining e’tiborini tortdi.

Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mintaqa, balki global ahamiyatga ega ekani bilan ham g‘oyat dolzarb hisoblanadi. Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukran Abdul Rahmon va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov AQSHning “Islamicity” portalida “O‘zbekistonning global nigohi: inson qadrini ulug‘lash, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro hamjihatlik” (Uzbekistan's Global Vision: Advancing Human Dignity, Regional Cooperation, and International Solidarity) mavzusida maqola e’lon qildi.

Mualliflarning yozishicha, zamonaviy dunyodagi dinamik o‘zgarishlar ko‘plab mamlakatlarni inson hayoti va jahon taraqqiyoti istiqboliga nisbatan yangicha yondashuvlarni qabul qilishga majbur etmoqda. Boshqa davlatlar singari O‘zbekiston ham tez sur’atlarda o‘zgarayotgan va tobora murakkablashib borayotgan dunyo muhitidagi qiyinchiliklarni yengib o‘tishga intilmoqda. 

BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning bu murakkab voqelikda tutgan ustuvor mavqei va erishgan yutuqlarini bayon etar ekan, “Yangi O‘zbekiston”ni barpo etishning konseptual yo‘nalishlari haqida so‘z yuritdi. Ma’ruzada milliy taraqqiyot maqsadlariga erishish hamda hamjihatlik, tinchlik va inson qadriga asoslangan global dunyoqarash o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekistonning eng ustuvor maqsadi har bir oila va fuqaroning hayotini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish hamda inson qadrini ulug‘lashdir. Mamlakatning bir qator muhim yutuqlari bu yo‘nalishdagi jadal ilgarilashini ifoda etadi. Savdo, investitsiya va transport sohalaridagi ko‘rsatkichlar mintaqa bo‘ylab deyarli besh barobar o‘sgan. O‘zbekiston chegara hududlarida qo‘shma investitsiya dasturlari, savdo va sanoat zonalarini tashkil etdi, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat xalqaro munosabatlarda mustaqil, mas’uliyatli ishtirokchi sifatida maydonga chiqib, hamjihatlik, barqarorlik va Markaziy Osiyoning tinchlikparvar siyosatini tamsil etmoqda.

Kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha keskin qisqardi. Bu ta’lim va fan sohalaridagi islohotlar, yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish, “yashil energetika”, transportni modernizatsiya qilish, kichik biznes va ish o‘rinlarini yaratish orqali amalga oshdi.

Maqola mualliflarining e’tirof etishlaricha, bu yutuqlarning asosiy omillaridan biri kuchli va yangi chaqiriqlarga shay ta’lim tizimining mavjudligidir. Natijada maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizgacha oshdi. Oliy ta’limda yoshlar qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetdi. Shuningdek, o‘qituvchilik kasbining nufuzini va maqomini oshirish mamlakatning muhim ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Shu bilan birga, mamlakat zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimini yaratish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayot va tadbirkorlikdagi rolini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. 

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish orqali islomning insoniylik, bag‘rikenglik va ma’rifat ta’limotini targ‘ib etishdagi tashabbuslari, BMT qarorgohida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalar ilmiy merosini zamonaviy uslubda namoyish etishga intilishi tahsinga loyiqdir, deyiladi maqolada.

Ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 80-yubiley sessiyasidagi tarixiy nutqi va unda ilgari surilgan tashabbuslar birinchi galda mamlakatimiz taraqqiyotiga yangi odim berishi bilan birga, insoniyat oldida turgan dolzarb muammolarni hal etishda samarali yechimlar taklif etadi.

O‘zA

Powered by GSpeech