Qonun ijodkorligi sohasida yangi qadamlar

Qonun ijodkorligi Oliy Majlis faoliyatining eng muhim, asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Albatta, qonunlar inson huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu ma’noda, Oliy Majlisning bu boradagi faoliyat sifatini oshirib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2018-yil 8-avgustda “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Ushbu hujjat norma ijodkorligi faoliyatiga zamonaviy yondashuv va yangicha mazmun olib kirdi. Shu asosda izchil va keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, yangi tartib-qoidalar joriy etildi.

Jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning demokratik shakllarini joriy etish, qonun loyihalarini keng jamoatchilik vakillari muhokamalaridan o‘tkazish, shuningdek, xalqaro shartnoma va reytinglarga mosligini o‘rganishga ustuvor ahamiyat berildi. Bu o‘z navbatida natijasini ko‘rsatib oxirgi 6-yil ichida O‘zbekiston “Qonun ustuvorligi” (Rule of Law) indeksi bo‘yicha 5 pog‘onaga hamda “Butunjahon boshqaruv ko‘rsatkichlari” (WGI) indeksida 24 pog‘onaga yuqoriladi.

Mazkur sohani rivojlantirishga oid “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi hamda yangi tahrirdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi kabi muhim qonunlar qabul qilindi. 

Shu o‘rinda, qonun ijodkorligining hayotga joriy etilgan ayrim jihatlariga to‘xtalib o‘tsak maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Yangi tahrirdagi qonun hujjatini qabul qilish o‘rniga yangi qonun hujjatini qabul qilish va bir vaqtning o‘zida amaldagi qonun hujjatini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish amaliyoti joriy etildi. Bu o‘z navbatida turli chalkashliklar va tushunmovchiliklarning bartaraf etilishiga olib keldi.

Shuningdek, qonun loyihalarining xalqaro shartnomalarga, O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalarga mosligini o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, davlatimizning xalqaro maydondagi xalqaro huquqlar va majburiyatlarining to‘laqonli bajarilishiga, yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligi oshirilishiga, umuman mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada oshishiga xizmat qilmoqda.

Muhim jihati “qonunning birdan bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart”, degan ustuvor tamoyil asosida qonun ijodkorligi jarayoniga jamoatchilik jalb qilinmoqda. Qonun loyihalari keng muhokamaga qo‘yilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari va takliflarini o‘rgangan holda tayyorlash, aholi o‘rtasida ochiq muhokamalar o‘tkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ta’kidlash kerakki, qonun loyihalarini siyosiy partiyalarning hududiy organlari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari bilan ham muhokama qilinib, ularning takliflari olinishi bu yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligini oshirmoqda.

Shu bilan birga, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan, ya’ni ijro etilishi uchun yana bir hujjat ishlab chiqilishi talab etmaydigan qonunlarni qabul qilishga e’tibor kuchaydi. Qonun ijodkorligi jarayoniga bu kabi yangi yondashuvlarning tatbiq etilishi natijasida qonun hujjatlarining natijadorligi va hayotiyligi oshmoqda.

Qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi mas’uliyatini yanada oshirish uchun qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganda tashabbuskor subyekt yoki uning vakili ma’ruza bilan chiqishi va himoya qilishi belgilandi. Bu qonun loyihasi sifatini yaxshilashga, subyektlarning ushbu jarayondagi faolligini yanada kuchaytirishga va loyiha muhokamasining yanada jonlanishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir masala. Sir emas, jamiyatdagi o‘zgarishlar, islohotlar shiddat bilan olib borilayotganini o‘z hayotimizda guvohi bo‘lyapmiz. Ushbu islohotlarning qonuniy bazasini o‘z vaqtida mustahkamlash esa yanada muhim. Buning natijasida qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish holatlari ortib bormoqda. Shundan kelib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalarining shakli hamda rasmiylashtirish tartibi takomillashtirildi. Ya’ni, ularda ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini xalqimizga tushunarli tarzda, sodda, xalqchil va ravon tilda tushuntirishga qaratilgan muqaddima joriy etildi. Muqaddimada esa kiritilayotgan yangilikning sababi, maqsadi, zarurati va natijasi ochib beriladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, qonun ijodkorligi sohasida ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas. Jumladan, qonun loyihalaridagi havolaki normalar yoki ijtimoiy munosabatlarning aniq mexanizmlari ko‘rsatilmasdan asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga soladigan normalar ham qo‘llanilmoqdaki, amaliyotda bu huquqni qo‘llashda turlicha talqin qilinishiga olib kelishi mumkin.

Havolaki norma deganda u yoki bu qoidani qonun hujjatlaridagi boshqa moddalarga yoki ilgari qabul qilingan qonun hujjatlariga havola qilish yoxud normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish, ya’ni agar normaning o‘zida qoidalar belgilangan bo‘lmasa, shu qoidalarni o‘zida mujassam etgan boshqa normaga havola etish tushuniladi. 

Qonun hujjatlarida havolaki normalar bir necha maqsadda foydalaniladi. Jumladan, normativ ko‘rsatmalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish zarurati bo‘lgan hollarda yoxud tartibga solingan munosabatni qayta takroran tartibga solishni oldini olish uchun qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinadiki, havolaki normalar kerak. Faqat qonun darajasida belgilanishi lozim bo‘lgan qoidalarni qonunosti hujjatiga havola etmaslik darkor.

Sababi, havolaki normalarning xavfli tarafi ham borki, u yoki bu masalani tartibga solishni boshqa mansabdor shaxsning ixtiyorida qoldirishdan kelib chiqadi.

Shuning uchun ham yuqorida ta’kid etganimizdek, milliy parlamentimiz so‘nggi yillarda to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qonunlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Qolaversa, qonun ijodkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq istiqbolli rejalar mavjud. Xususan, “O‘zbekiston – 2030" strategiyasida 2030-yilga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarni qabul qilish amaliyotini kengaytirish, ularning monitoringi va tartibga solish ta’sirini baholash hajmini oshirish, barcha uchun qulay, sodda va ixcham qonunchilik tizimini yaratish maqsadida bir qator samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilangan.

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 19-fevral kuni imzolangan “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan sohadagi bir qator masalalar o‘z yechimini topmoqda.

Avvalo, davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, 2 ta kodeks va 21 ta qonundagi 41 ta havolaki normani amalga oshirish bo‘yicha mas’ul ijrochilar va aniq muddatlar belgilangan.

Ikkinchidan, 2024-yil 1-martdan boshlab agar qonun loyihasida havolaki norma qo‘llanilsa, uni amalga oshirishning aniq muddati va mas’ul ijrochi loyihaning o‘zida majburiy tartibda belgilanadi. Ya’ni, endi umumiylik, mavhumlikdan aniqlikka o‘tiladi. 

Uchinchidan, qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga ko‘tarish imkoniyatini muhokama qilish shartligi belgilanib, bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida bayon etiladi.

To‘rtinchidan, qonunning samaradorligini, maqsadi va kutilgan natijalariga erishilganligini aniqlash uchun qonun kuchga kirgan kundan boshlab besh yil o‘tib, mas’ul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari tomonidan uning tartibga solish ta’sirini baholash amaliyoti joriy etiladi.

Beshinchidan, bilamizki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish jarayonida loyihani tayyorlashdan oldin xalqning fikri olinib undan so‘ng loyiha umumxalq muhokamasiga quyilgan edi. Mazkur to‘plangan ijobiy tajribadan kelib chiqib, eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar endi xuddi shu tartib asosida ishlab chiqilishi belgilanmoqda. Bu orqali jamoatchilikning keng ishtiroki ta’minlanadi hamda hujjatning xalqchil bo‘lishiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, qonunlar xalq manfaati uchun, fuqarolar uchun yaratiladi. Shunday ekan, uni hamma tushunadigan shaklda ishlab chiqish, qabul qilish va uni amalda qo‘llay olish imkoniyatini oshirishimiz asosiy vazifa hisoblanadi.

Firdavs Sharipov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

qo‘mita raisi o‘rinbosari.

O‘zA

Powered by GSpeech